11:20 / 21.04.2017
16 283

Xotinimga faqat pulim kerak (hayotiy hikoya)

Xotinimga faqat pulim kerak (hayotiy hikoya)
1-kadr.
Dastlab hammasi yaxshi edi. Biznesim rivojlanayotgan vaqtida ayolim meni har tomonlama qo‘llab quvvatlardi. Oilamizda pul bilan bog‘liq muammo deyarli bo‘lmagan. Rafiqam uyda o‘tirsada, bozorning eng oldi kiyimlarini kiyar, tilla buyumlarni ham istaganicha olib berardim. Unga qiynalmasin deb uy xizatchisi ham yollagandim. Nazarimda biz umrimizning oxirigacha baxtli yashashimiz kerak edi. Lekin kutilmaganda ishlarim orqaga ketdi.

Biznes xuddi o‘yinga o‘xshaydi. Bir kun yutkazasiz, bir kun yutasiz. Oilamiz uchun sinovli kunlar boshlangandi. Endi har bir so‘mni o‘ylab ishlatishga to‘g‘ri keldi. Uy xizmatchisini ishdan bo‘shatdim, xarajatlarni qisqartirdim. Ovqatni issiq eyolmaysiz deb menga hammadan oldin ovqat suzib qo‘yadigan xotinim darrov o‘zgardi. U kechki ovqat qildingmi desam ko‘chada ovqatlanib keling deydigan, gapirsam jerkib tashlaydigan bo‘lib qoldi. Ilgari boshqa ayollar ikkita kartoshka bitta sabzidan nima ovqat qilishim mumkin deb o‘y surganida meniki qaysi restoranda nima eyishni muhokama qilayotgan bo‘lardi.

Eng alam qilgani u mening ishlarim yana yurishib ketishiga ishonmadi. Meni omadsizlikda, noshudlikda ayblardi. Demak, u shuncha yillardan beri pulim uchungina yaxshi xotin rolini o‘ynagan ekanda. Afsus, ko‘zim kech ochildi. Endi ishlarim orqaga ketganidan keyingina u ortiq men bilan yasholmasligini aytdi. O‘z juftini qiyin holatda tashlab ketishga uyalmagan bu ayolning asl yuzini nega ilgariroq bilmadim degan savol menga tinchlik bermayapti. Vaqti kelib ishlarim yana yurishganida aminmanki u yana qaytib keladi. Lekin singan ko‘ngilni yamab bo‘larmikan?

ISh OILADAN AZIZMI?

2-kadr.
Xo‘jayinim faqat ishini o‘ylaydi. Uyga kelib ham o‘z xonasida ishlaydi. Ba’zan u butun hayotini ishga bag‘ishlagan deb o‘ylayman. Uning uchun bayram ham, dam olish kuni ham yo‘q. Doim ish, ish, ish. Bolalar shovqini yoqmaydi, oilaviy tadbirlarga vaqti yo‘q. Men sizlar uchun, farzandlarimning kelajagi uchun harakat qilyapman, ko‘proq ishlasam ko‘proq pul topaman - uning har doimgi izohi shu.

To‘g‘ri, u oilani ta’minlaydi, bu ham oson ishmas. Lekin bolalar otasini ba’zan ikki uch kunlab ko‘rmay qoladi. Ha, sen borsanku, ikkalamizning o‘rnimizga qarayver - u farzandlariga vaqt ajratolmayotganiga oddiy holat deb qaraydi. Uning ko‘p ishlashiga o‘rgangan o‘g‘lim bir kuni otasi ishdan ertaroq kelsa dada bugun biznikida qolasizmi deb so‘raganida kulib yubordim.

Kulishga kuldimu aslida yig‘lagim keldi. Nazarimda erim ishini bizdan ham ko‘proq yaxshi ko‘radi. Men esa uning oilaga ham vaqt ajratishini, oila davrasida ko‘proq vaqt birga bo‘lishini istayman.

ER ER O‘RNIDA, AYoL AYoL O‘RNIDA BO‘LSIN EKAN

3- kadr.
Turmushga chiqqunimcha uyga bozorlik qilmaganman. Juda zamonaviy qiz edim. Men kelin bo‘lgan xonadonda esa oila tashvishi asosan ayollar zimmasida ekan. Boshimga tushgach, katta-katta og‘ir xaltalarda ro‘zg‘or uchun bozor ham qildim. Ayniqsa, farzandli bo‘lgach oilada moddiy etishmovchilik bo‘laverdi. Bolamni bog‘chaga bergach ishga ham tushdim. Ammo baribir iqtisodiy qiyinchiliklar o‘z hukmini o‘tkazar, men yana pul topish haqida o‘ylardim.

Turmush o‘rtog‘imga siz ham harakat qiling desam, men faqat oylik olaman, boshqa ish qilishni bilmasam nima qilay deb elka qisib turaveradi. Tanish bilishlar orqali yaxshi oylik to‘lanadigan tungi navbatchilikdagi ishga ham kirdim. Kunduzi ishlayman, bolalarni bog‘chadan uyga olib borgach, kechki ovqat qilib keyin navbatchilikka ketaman. Ham kunduzi, ham kechasi ishlaganim uchun holdan toysamda, ro‘zg‘orim kamini to‘ldirayotganimdan xursand edim. Ikkita joyda ishlayman, uy ishlari, ro‘zg‘or yumushlarining hammasi mening bo‘ynimda.

Bora-bora doim shoshilish, ikkita ishning mas’uliyati-yu, yugur yugurdan charchadim. Erim esa men topgan pullarni uyalmay ishlataveradi. Hali do‘stlari bilan choyxonaga borgan, hali mahallada tanishlari bilan ulfatchilik qilgan. Men esa bir so‘mni ikki so‘m qilish uchun ishlayveraman. Men oila tashvishini o‘z bo‘ynimga olib xato qilganimni tushunayapman, lekin endi kech. Turmush o‘rtog‘imning meni qiynalib topgan pullarimni bemalol sovurishini ko‘rib undan nafratlanib ketaman. Lekin nachora erimni shu axvolga kelib qolishiga o‘zim aybdorman.

Uch taqdir, uch oiladagi muhit bilan tanishdingiz. Har bir qahramon o‘zicha haq. Oila, ish, pul. Bu uchchalasi ham muhim. Asosiysi esa ularni bir biriga qarshi emas, yondosh qo‘ysak to‘g‘ri bo‘larmidi?

Manba: www.dia.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xotinimga faqat pulim kerak (hayotiy hikoya)