14:57 / 28.04.2017
8 842

Pul ishlatishni bilasizmi?

Pul ishlatishni bilasizmi?
Kimdir maoshdan maoshgacha qarz-qavol bilan etib oladi. Kimningdir topganida esa baraka bor! Hamma gap qanday harakat qilishda, dersiz. Albatta! Ammo peshana teri to‘kib topilgan mablag‘ni qanday sarflashda ham gap ko‘p. Xo‘sh, siz bu borada qanchalik uddaburonsiz. Kichik testimiz orqali buni bilib olishingiz mumkin.

1. Har doim do‘konga otlana turib...

A. Nima xarid qilishim va qancha sarflashimni aniq rejalashtirib olaman.

B. Nimalarga zaruratim borligi taxminan aniqlab, hamyonimning ahvoli shunga yarashami-yo‘qmi hisoblayman.

V. Baribir istaklarimga taslim bo‘lishimni bilib, hech narsani kitob-qilmasdan otlanaman.

2. Do‘konga kirgach...

A. Rejalashtirgan narsa-buyumlarim sotiladigan rasta tomon yuraman.

B. Nimadir qiziqarli narsaga duch kelarmikanman deb do‘kon aylanaman.

V. Bir quchoq kiyim-kechaklarni olib, kiyib ko‘raman.

3. Liboslarni kiyib ko‘rgach, ularni nima uchun xarid qilishingiz mumkin?

A. Arzonga tushgani sabab.

B. Yarashgani uchun.

V. Didimga mos kelgani uchun.

4. Sizning hamyoningizning shiori...

A. Qora kunga atagani bo‘lishi shart.

B. Pul pulni chaqirgani sabab, bir-ikki so‘m tursa, kifoya.

V. Pul — qo‘lning kiri.

5. Pul sizni boshqaradimi yo siz pulni?

A. Albatta men! Nimaga qancha sarflash kerak, doim bilaman!

B. Shu ham savolmi?

V. Pul, bu — katta zarurat. Men usiz ko‘chaga bir qadam ham tashlamayman.

6. Havasingiz kelgan buyumga qo‘lingiz yupqalik qilayapti, siz...

A. Imkoniyatlarimni doim to‘g‘ri baholab, keyin nimagadir qo‘l uzataman.

B. Juda xafa bo‘laman, ammo nailoj?

V. Albatta, kimdandir qarz so‘rab turaman.

7. Savdo shoxobchasida sotuvchi bilan uzoq bahslashasizmi?

A. Ha, hech qachon aytilgan narxga xaridni amalga oshirmayman.

B. Har doim ham emas, o‘zimga yoqqan narsani indamasdan sotib olaman.

V. Yo‘q, savdolashish menga emas.

Natija

Agar siz javoblardan «A» variantlarni tanlasangiz, demak, pulni o‘ylab ishlatadigan, ta’bir joiz bo‘lsa, biroz ziqnaroqsiz ham. Rejalashtirganingizdan bir so‘m ham ortiqcha sarflamaslik sizga xos xususiyat. Doim yoningizda ortiqcha pul topiladi. Huda-behudaga uni havoga sovurishdan ehtiyot bo‘lasiz. Bu borada biroz o‘zingizga erk bersangiz, osmon uzilib erga tushmaydi. Ya’ni istaklaringizni ziqnalik bilan bo‘g‘ib qo‘ymang. Kezi kelganda, ziqna, kezi kelganda qo‘li ochiq bo‘lishni o‘rganing.

Agar savollarning aksariyatiga «B» javobi shaklida munosabat bildirgan bo‘lsangiz, siz uchun pul ham, uni sarflash ham muammo emas. Ya’ni avvalo ko‘ngilga, keyin aqlga, undan so‘ng hamyonga quloq tutadiganlar toifasidansiz. Faqat doim ham bunday yo‘l tutish yaramaydi. Katta xaridlar uchun bozorga borganda mayda-chuydalarga aldanib qolishingiz ham ehtimoldan xoli emas. Asosiy maqsaddan chalg‘imaslik uchun mablag‘ingizga jiddiyroq munosabat bildiring.

«V» shaklidagi javoblar ko‘rsatkich yuqori bo‘lsa, tabiiyki, isrofgarsiz. Siz uchun pul sarflash pufaklarni shamolga uchirishdek gap. Shuning uchun ham oylikdan oylikcha bir amallab etib olasiz. Kimdandir qarz so‘rab turishga ham tortinmaysiz. Bu odatlaringizni tark etmas ekansiz, biringiz ikki bo‘lishi qiyin. Topganingizni bo‘lar-bo‘lmas narsalar uchun sarflamasdan, reja asosida ishlatishni o‘rganing. Bo‘lmasa, tog‘dek zaxirangiz ham nurab ketadi. Yaxshisi, xarajatlaringizni qayd etib boradigan daftarcha tuting-da, bir oylik oldi-berdingizni yozib boring.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Pul ishlatishni bilasizmi?