Oila ta’minoti azal-azaldan erkakning bo‘ynida. Qolaversa, er kishi bir ayolni tanmahramlikka olar ekan, uning moddiy ehtiyojlari uchun ham javobgar sanaladi. Ammo besh barmog‘imiz teng bo‘lmaganidek, hayotda turli fe’lli odamlar bor, jumladan, tiyinini tiyiniga uradiganlar ham uchraydi. Bu gal «Turmush o‘rtog‘im ziqna», deydigan ayollarning vaziyatlarini ruhshunos Nargiz SATTAROVA bilan tahlil qilamiz.
1-vaziyat: “Aybim uyda o‘tirganimmi?”
— Turmushga chiqqanimga besh yildan oshdi. Erimga ikki pahlavondek o‘g‘il tug‘ib bergan bo‘lsam ham, meni zig‘ircha hurmat qilmaydi. Na ust-bosh olishimga pul beradi, na boshqa mayda-chuydalarimga. Іatto, ota-onamnikiga boradigan bo‘lsam, qo‘limga yo‘lkira uchun besh ming so‘mgina pul tutqazadi. Yo‘lda turli holat bo‘lishi, qizlik uyimga so‘ppayib borishni istamasligimni inobatga olmasligi alam qiladi.
2-vaziyat: «Unga qarab qolgan kunim yo‘q...»
— Uch farzandim bor, uy-joyim but, xo‘jayinimning topish-tutishi yaxshi ham gapmi, zo‘r. Ammo, mana, oilaviy hayotimizga o‘n besh yil to‘layapti hamki, menga na pul, na gul, na biror nima sotib olib beradi. Farzandlarimizdan pulini ayamasligi sabab ham tishimni-tishimga qo‘yib yashayapman. Ikki yil oldin o‘zim aka-ukamdan qarz ko‘tarib, do‘kon ochdim. Erimning qo‘liga qarab qolgan kunim yo‘q. Biroq endi-endi turmush o‘rtog‘im nafaqat pulini, mehr-e’tiborini mendan qizg‘anishini anglayapman...
Muammo kimda?
Ayollar, erni xasislikda ayblab o‘tirgandan ko‘ra, muammoning o‘zimizga borib taqaladigan uchlarini ko‘rib chiqamiz.
Nega aynan sizga taqdir ziqna insonni ro‘baro‘ qildi? Axir o‘zingiz ham uning qilig‘i bo‘g‘zingizga tiqilganda goh oshkora, goh pinhona «Shuncha nomzodlar bor edi? Nima uchun uni tanladim?» deya kuyinasiz-ku! Bu dunyoda hech nima bekorga bo‘lmaydi, hech kim hech kim bilan bekorga uchrashmaydi. Іar bir voqea — saboq, har bir uchratgan insonimiz ustozdir. Biz ko‘pincha o‘zimizda inkor etgan jihatlarni boshqada ko‘rsak, norozilanamiz. Yoki tanlaganimiz qaysidir shartlarimizga (masalan, erkak kishi hotamtoy bo‘lishi kerak, ayniqsa, ayoliga nisbatan) javob bermasa, o‘zimizni baxtsiz sanay boshlaymiz. Іayotda turli taqdirlar, turfa insonlar bo‘lishini tan olgimiz kelmaganidanmasmi bu? Juftliklar-ku bir-birini to‘ldirib yashashlari kerakmasmi? Deylik, siz o‘ta qo‘li ochiq, pulni oldi-orqasiga qaramasdan sarflaydigan ayolsiz, sizga saboq berish uchun ham ziqna erkak bilan taqdiringiz bog‘lanmaganmi? Shular haqida mulohaza yuritib ko‘rsangiz, eringizning bu fe’lini qabul qilishingiz oson kechadi.
Nima uchun u aynan sizga nisbatan ziqnalik qiladi? «Іam sha’riy, ham qonuniy rafiqasi bo‘lsam, zurriyotlarini dunyoga keltirgan, uyda xizmatini qilib o‘tirgan xotinini ham shunday xo‘rlaydimi?» Bu savol bir bor bo‘lsa-da, xayolingizdan o‘tgan. Ammo negadir eringizni qiynamaydi? Sabablari esa quyidagicha:
Siz o‘zingizni mana shunday munosabatga munosib ko‘rgansiz! Ya’ni o‘zingizni sevmaysiz, qadrlamaysiz, o‘zingizga eng yaxshi narsalarni ravo ko‘rmaysiz. «Er, bolalar, qaynota-qaynona, qaynsingillar, ro‘zg‘or — hamma muammolar hal bo‘lsin, keyin mening navbatim keladi», deb yashaysiz. Adashasiz, sizga navbat kelguncha eringizning cho‘ntagi qurimasa ham, xotiniga ham nimadir ilinish istagi o‘ladi. Yana u o‘zini ovutib ham qo‘yadi: «Jim yuribdimi, demak, shartmas!» foto: onasi, singlisiga sovg‘a berayotgan erkak
Uy bekasi roliga qattiq kirishib ketgansiz. Natijada, xafa bo‘lmang-u, xizmatkorga aylanib qolgansiz. Kuningizni to‘rt devor o‘rtasida yugurib, hali u yoqni yarqiratish, hali bu yoqni yarqitish, o‘choq boshida kuymalanish kabilar bilan o‘tkazasiz. Shu uyning ishidan boshqa tashvishingiz ham, qiziqishingiz ham yo‘q. Qani ayting-chi, turmush o‘rtog‘ingiz sizga nima uchun pul bersin? Kiyim-kechak, pardoz-andoz uchunmi? Eringiz hech bir qiziqishi yo‘q, hatto o‘zining tashqi ko‘rinishiga ham e’tibor bermaydigan ayoliga nima sababdan pul kerakligini bilmagani uchun ham «Uyda o‘tirgan ayolga hech narsa shartmas» degan xulosaga kelib qolgan bo‘lishi ehtimoli yuqori. Foto: yozuvchi tablichka ko‘tarib olgan ayol, unga uy bekasi deb yozilgan
O‘zingiz uni xasisga aylantirgansiz. Bolaligimizdan qulog‘imizga «Qiz bola hamma gapga xo‘p-xo‘p deyishi kerak», deya quyilgan. Ammo bu degani hamma istaklarimizdan, ehtiyojlarimizdan voz kechishimiz shart deganimas-ku! Umr yo‘ldoshingizdan ortiqcha besh ming so‘m so‘ray olmayotgan ekansiz, demak, o‘zingizdan ham o‘tgan joyi bor. Balkim birinchi bor ota uyga yo‘l olayotganingizda «Yo‘q, besh ming so‘m ham etadi, borishga ikki yarim ming, qaytishga ikki yarim ming», deya o‘zingizni tejamkor qilib ko‘rsatish uchun qo‘lingizga sal ko‘proq pul tutqazgan eringizni rad qilgandirsiz? «Bu safar mayli, bir amallarman», deya zaruratingizdan voz kechgandirsiz?
Uddaburon emasmiz. Aynan ro‘zg‘or tutimida. Sizga pul ishonib bo‘lmasligi sabab ham u qo‘lingizga bir tiyin ham tutqazmaydi. Bozorlik, bolalarning kam-ko‘stiga qarayotgan erkakni tamoman ziqna deb atolmaymiz-da. Foto: chyot rasmi
Istaklaringizni ifodalay olmaysiz. Uyalasiz, qo‘rqasiz yoki «O‘zi bilsin», deya katta ketasiz. Erkakka undan nima istashingizni, nima kutayotganingizni aniq-tiniq qilib aytishingiz lozim. «Falon do‘konda falondaqa oyoq kiyim ko‘rdim, shuni olishim kerak», deb. Yoki «Menga har oy mayda-chuydalarim uchun mana shuncha pul kerak», deya nozu ishva bilan so‘rasangiz, olam guliston bo‘lishi hech gapmas. «Ko‘rayapti-ku, bilayapti-ku, o‘zi olib keladi», desangiz, o‘tiraverasiz. Erkaklarning ko‘pchiligi aniq hisob-kitoblar bilan ish yuritadi. Bolalar yoki o‘zining ehtiyoji uchun bozor yo do‘konga kirsa, xotiniga nima zarurligi-yu nima yoqishini bilmasligidan ham sizga hech narsa olmasdan chiqib kelaveradi. Foto: eri biror nima olib kelayotganini xayol qilib turgan ayol, oblochkada
O‘zgartirishning iloji bormi?
Ayol erining unga nisbatan xasisona munosabatini o‘zgartirish uchun avval o‘ziga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishi lozim. Yuqoridagi sabablarni bartaraf qilib, ayollik xususiyatlarini shalklantirsa, turmush o‘rtog‘i ham unga bolalarining onasi yoki uyi, osh-ovqatiga qarab o‘tiruvchisi emas, ayol sifatida qaray boshlaydi.
Unutmang, sizning ayol sifatida to‘rt rolingiz bor. Ularning hammasini risoladagidek va o‘z o‘rnida ijro qilolsangizgina, turmush o‘rtog‘ingizning hurmatiga sazovor bo‘lasiz.
1-obraz: uy bekasi. Vazifalaringiz — xonadonning sarishta-saranjom tutish, shirin taomlar tayyorlay bilish, bolalarni oq yuvib-oq tarash, erning topganini to‘g‘ri sarflash kabilar.
2-obraz: jozibali ayol. Eri doim u tomon oshiqadigan, turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini ola biladigan, erkakni ilhomlantiradigan, juftini nozik munosabatlarda rozi qila oladigan rafiqa bo‘lishingiz talab etiladi.
3-obraz: qizaloq. Ya’ni doim erining himoyasiga muhtoj, o‘ziga yarasha erkakliklari bor, turmush o‘rtog‘ini boricha sevadigan, beg‘ubor, quvnoq, biroz shaddod va o‘yinqaroq ayol qiyofasiga kirsangiz, turmush o‘rtog‘ingiz tog‘dek qalqoningiz aylanadi.
4-obraz: qirolicha. O‘z o‘rnini, qadrini biladigan ayol. U chegaralarini himoya qiladi, kimdir xo‘rlashiga yo‘l qo‘ymaydi, kezi kelganida oilasini asrash uchun kurashadi, nazorat qiladi, vaziyatni boshqaradi.
Ayol ishlasa, hammasi hal bo‘ladi?!
Avvalo, yuqorida ta’kidlaganimizdek, eringizni shu fe’l-atvori bilan qabul qiling. So‘ngra o‘z ustingizda ishlang. Bu do‘kon ochish yoki boshqa tadbirkorlik ishlari qilishdan ko‘ra samaraliroq. Siz pul topib, o‘z moddiy ehtiyojlaringizni qondirishingiz mumkin, ammo ko‘nglingizdagi bo‘shliq bo‘shligicha qolib ketaveradi. Chunki aslida mehr, e’tibor istayapsiz. Erkak esa odatda moddiy narsalar bilan e’tiborini qisman bo‘lsa-da ifodalaydi.
To‘g‘ri, xasislik qon-qoniga singib ketgan odamdan umid qilib o‘tirish ham yaramaydi. Ishlang, harakat qiling, ammo nima uchun ishlayotganingizni unutmang. Bir so‘m topgan kishi ikki so‘m topgisi keladi, keyin besh so‘mni ko‘zlaydi. Qarabsizki, ayol boshingizga ro‘zg‘or, bolalar tashvishidan tashqari yana bir dunyo ishni sotib olasiz. O‘zingizga vaqt ajratmaysiz, eringizning ko‘ngliga qarashni unutasiz, ba’zida esa qo‘lingiz pul ko‘rib, bosar-tusaringizni bilmay qolasiz. Natijada, oilangizdan halovat yo‘qoladi, ayollik xususiyatlaringizning o‘rnini erkakcha harakatlar egallaydi. Shuning uchun doim me’yorni biling va ishlaysizmi-yo‘qmi avvalo o‘zingizga e’tiborli bo‘lib turmush o‘rtog‘ingizning diqqatini torting. Eringizning o‘rniga ham oila boqish kabi vazifalarini bajarib, o‘zingiznikilarni unutib qo‘ymang.
Amaliy mashq
Qo‘lingizga qog‘oz va qalam oling-da, quyidagi ikki savolga javob yozing.
1-savol: Men ayol sifatida nimalarga arziyman?
2-savol: Mening ayol sifatida qanday yutuqlarim bor?
Oldiniga javob yozishga qiynalishingiz mumkin. Lekin yaxshilab o‘ylab ko‘ring, nahot siz yaxshi, chiroyli va o‘zingiz istagandek yashashga arzimasangiz? Nahot, hech yutug‘ingiz bo‘lmasa? Balkim juda didlidirsiz, qo‘li gul pazanda bo‘lishingiz ham mumkin, «5» bahoga loyiq kelin, turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini zabt etgan rafiqa — albatta, bu kabi sifatlaringiz juda ko‘p. Ularni yuzaga chiqaring. O‘zingizni anglang, shunda muammolaringiz echimini topadi.
Aziza ALIMOVA tayyorladi.
O‘ziga pulni ayaydigan ayol, erkakda yagona hisni uyg‘otadi – undan pulni ayashni!
Erix Mariya REMARK
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...