16 sentyabr kuni Demir Holding asoschisi Ahmet Demir Alpha Education o‘quv markazida O‘zbekistonda biznes yuritish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi. U bu yo‘lda duch kelgan qiyinchiliklar va ularni qanday yengib o‘tganligi haqida hikoya qildi, deb yozadi «Kommersant.uz».
Ahmet O‘zbekistondagi faoliyati haqida hikoya qilishdan avval o‘zi haqida, qanday qilib biznesmen bo‘lgani va shu kunga qadar qaysi prinsiplarga amal qilishi haqida hikoya qildi.
Nima har kuni millionlab kishilarni harakatlanishga undaydi? Har bir kishi amalga oshirishga intiluvchi o‘z g‘oya va rejalariga ega. Shu sababli raqobat yuzaga keladi: hamma birinchi bo‘lishni istaydi. Biroq birinchi yoki ikkinchi bo‘lish — eng muhimi emas. Asosiysi o‘z o‘rningni topish va oxirgi bo‘lmaslik. Buning uchun muntazam ishlash lozim.
Temir — oilaviy ish
«Demir» turk tilidan tarjima qilganda «temir» ma’nosini anglatadi. Ahmetning otasi Ramazon Demir butun umr armatura sotish bilan shug‘ullangan. U dastlab temir sotib olib, uni qayta sotgan, keyinroq uni ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Ahmet kichkinaligida kechki ovqatdan so‘ng otasi, akasi va u stol atrofida qolib, biznesni muhokama qilar, ishlab chiqarish, daromad borasida bahslashar edi. Shunday qilib, Ahmet olti yoshidayoq biznes yuritish asoslarini tushunib yetdi.
— Bu menga juda yordam bergan, bugun biz u yoki bu biznes bilan shug‘ullanish haqidagi qarorni tez qabul qila olamiz. Otam qurilma sotib olgandan so‘ng biz avtomobil yo‘llari uchun to‘siqlar ishlab chiqara boshladik. Ularni davlat sotib olar, men esa muzokaralar olib borar edim. Davlat to‘siqlarni yetib borish qiyin bo‘lgan, suv ham, non ham bo‘lmagan joylarga o‘rnatishi kerak edi. Shunday qilib biz rejalashtirish va logistika bilan ham shug‘ullana boshladik. Bizga nima qilishni hech kim o‘rgatmagan, hayotning o‘zi o‘rgatgan. Otam hech qachon bekor o‘tirmas edi. Savdo yurishmasa, ishchi guruhni 500 tonna armaturani bir joydan boshqa joyga tashishga majburlar edi. U bu orqali mijozlar paydo bo‘lishini tushuntirar edi. Bu usul juda ish berar edi.
«O‘zbekiston haqida hech narsa bilmasdik»
Ahmet Demir hayotida Turkiya prezidenti Halil Turgut Ozal katta rol o‘ynagan. Ahmet va boshqa yosh biznesmenlar uning konferensiyalarida tez-tez qatnashib turgan. 1983 yilda Turgut Ozal bosh vazir bo‘lganda, majlislarda qanday ishlash lozimligi, eksportning ahamiyati haqida so‘zlab bergan.
— Bir kuni Ozal to‘rt-besh yildan keyin SSSR bo‘lmasligini ma’lum qildi. Biz bunday bo‘lishi mumkin emas deb o‘yladik. Shunda u SSSRda turk xalqi yashovchi mamlakatlar borligini aytdi. U har birimizga: «Sen Qozog‘istonga borasan, sen — Qirg‘izistonga», — der edi. U har safar «Sen O‘zbekistonga borasan», — deganda uning nigohlari menda to‘xtardi. Bu mamlakat biz uchun Alouddin chirog‘i va o‘zi uchar gilamlari bor ertak edi. U haqda hech narsa bilmasdik. O‘zbekiston mustaqillik haqida e’lon qilganda, do‘stlarim menga qo‘ng‘iroq qilib, mening O‘zbekistonim mustaqillikka erishganligi haqida hazil aralash hikoya qila boshladi. Men esa hamon hayratda edim, nega «meniki»!
«Oshni bir marta tatib ko‘rgan inson O‘zbekistonda rejalar tuza boshlaydi»
Shunday qilib Ahmet do‘stlari bilan O‘zbekistonga borishga qaror qildi. Ular uch kunga borishdi, havo juda sovuq bo‘lishiga qaramasdan, mamlakat ularda yaxshi taassurot qoldirdi.
— Biz «O‘zbekiston» mehmonxonasida yashaganmiz. Bir kuni tongda mehmonxona xodimi eshikni taqillatib, «Ovqat tayyor, tushinglar!» dedi. Turk tilida «avukat» so‘ziga hamohang so‘z advokat deb tarjima qilinadi. Shuning uchun juda hayratlandim va sabotli xodimga bizga advokat kerak emasligini uzoq tushuntirdim.
Tushga yaqin o‘zbek palovi bilan tanishdik: oshni bir marta tatib ko‘rgan inson albatta O‘zbekistonda biror-narsa rejalashtirishni boshlaydi.
Bizning turli takliflarimiz bor edi. Yo‘llar ta’mirtalab bo‘lganligi uchun bu yerda to‘siqlar ishlab chiqarish bo‘yicha zavod qurmoqchi edik. Ikkinchi taklif shakar zavodi edi. Shakar zavodi qanday ishlashini bilmasdim, biroq loyihani amalga oshirishimga ishonar edim. Turkiyada shakar fabrikasi ishini ikki hafta davomida o‘rgangan edim. Hozirgacha butun jarayon yodimda.
10—15 kundan keyin Toshkentga qaytdim va o‘z ofisimni ochdim. Ushbu loyihalarni har kuni muhokama qilar edim, biroq natija yo‘q edi. Keyinroq yaqin uch-besh yil ichida shartnoma bo‘lmasligini xushmuomalalik tufayli menga aytishni istamayotganliklarini tushunib yetdim.
Ko‘rimsiz sovun va paxta yog‘i
Ba’zan bir eshikni qayta-qayta muvaffaqiyatsiz taqillatasiz, kutilmaganda butunlay boshqa eshik ochiladi. Ahmet Demir bilan aynan shunday bo‘ldi. U uyga bo‘sh qo‘l bilan qaytishni istamadi, biroq shaharni ham til va bozorni ham bilmasdi. Shunday qilib u Toshkentda yarim yilni o‘tkazdi.
— Mehmonxonada yashardim: yotoqxona, ish kabinetim va zal bor edi. Bu vaqt ichida bozorni o‘rganishga ulgurdim. Do‘konlarda deyarli hech narsa yo‘q edi: yomon qog‘oz, ko‘rimsiz sovun, faqat paxta yog‘i. Shunday qilib menda millionlab rejalar paydo bo‘ldi, biroq xaridor masalasini aniqlashtirib olish kerak edi. Urinib ko‘rishga qaror qildim: ikki katta yuk mashina shirinlik, mazali makaron va boshqa mahsulotlar buyurtma qildim. Bir oy davomida tovarni oldim.
Bu vaqt davomida Markaziy bank bilan rublni dollarga almashtirish borasida maslahatlashdim. Buni amalga oshirish juda qiyin edi: hech kim to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata olmasdi. Tovarni qayta sotib, ko‘p rubl oldim. Valyutani almashtirishga rozi tashkilot paydo bo‘ldi. Shundan keyin biznes hajmi muntazam oshib, yurishib ketdi. Shakar zavodi va to‘siqlar masalasi joyidan siljimadi va men savdo bilan shug‘ullanishda davom etishga qaror qildim.
Turk mahsulotlari: brinza, zaytun yog‘i va shirinliklarini sog‘inardim. Shunda do‘stlarim bilan ushbu mahsulotlar uchun kichkina do‘koncha ochishga qaror qildik. Biroq Toshkentda bunga mos kichikroq joy topa olmadik. Shunda faqat o‘zimiz uchun emas, xalq uchun supermarket ochishga qaror qildik. Maydon katta bo‘lganligi uchun uning bir qismini fud-kort bilan band qilishga qaror qildik. Barchamiz bitta non 0,2 dollar turganda, odamlar gamburgerni 1 dollarga xarid qilmaydi deb o‘ylardik.
Ochilgan kunimiz birinchi kecha ko‘chalarda hech kim yo‘q, atrof jim-jit edi. Turkiyada odamlar kunduzi ham kechasi ham sayr qilib, xaridlarni amalga oshiradi. Men tashvishlana boshladim. Biz bunga 5—6 million dollar tikdik, mijoz esa yo‘q edi. Do‘stlarim bankrot bo‘lishimni aytishdi. Tuni bilan uxlamadik. Biroq tonggi 10 da juda ko‘p odam keldi, bir yarim soatdan so‘ng esa odamlarni to‘xtatib turish uchun militsiya chaqirishimizga to‘g‘ri keldi. Odamlar ertaga hech narsa qolmasligidan qo‘rqib, mahsulotlarni qutilari bilan xarid qila boshladi.
Yechim har doim bor
Ajiotaj va yaxshi tovar aylanmasi birinchi qaraganda har doim plyusdek. Biroq buning aksi ham bo‘lishi mumkin. Narxlar bozornikiga qaraganda yuqori bo‘lishiga qaramasdan, Mir Storeʼda go‘sht tugab qoldi.
— Go‘sht uchun navbat 100—200 metrga cho‘zilib ketdi. Bu muammoni hal qilish uchun ushbu mahsulot bilan shug‘ullanuvchi davlat tashkilotiga murojaat qildim. Har kuni pullarni bankka yuborganimiz uchun naqd pulimiz yo‘q edi. Davlat tashkiloti go‘sht xarid qilish uchun kvota olishni maslahat berdi. Buning uchun o‘z go‘sht kombinatimizga ega bo‘lishimiz kerak edi. Kompaniyamiz birjadan Chirchiqda go‘sht kombinati topdi. Biz uni sotib oldik va kvotaga ega bo‘ldik. Shunga qaramasdan, go‘sht tugab qolganligi ma’lum bo‘ldi. Shunda bizga kolxoz sotib olib, o‘z chorvamizni ko‘paytirishni maslahat berishdi. Biz xaridorlarga go‘sht yo‘q deb ayta olmasdik. Shuning uchun kolxoz xarid qildik va unga 3,5 million dollar tikdik. Yarim yildan so‘ng mablag‘ tugadi, biroq sigirlarimiz ko‘p edi. Ba’zan ko‘p bilgan emas, g‘ayrat va yoshlik jo‘sh urganlarning omadga erishishi osonroq. Biz hech qachon zarar ko‘rmadik.
Oldinga intilish kerak
Agar siz o‘z g‘oyangizni his qilib, yaxshi ko‘rsangiz, albatta muvaffaqiyatga erishasiz. Ahmet Demir jamoasi har qanday vaziyatga pozitiv bilan yondashdi.
— Vatanimiz Turkiya bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekistonni yaxshi ko‘rardik. Mamnuniyat bilan ishlardik, xalqni va do‘stlarimizni yaxshi ko‘rar edik. Har doim yangi imkoniyatlar tomon qarash, foydani qanday ko‘paytirish haqida o‘ylash lozim. Faqat qishloq xo‘jaligida uzoq vaqt ishlab qolmasdan, yuqori texnologiyalarga murojaat qilish va imkoniyatlarni kelajakdan izlash lozim. Biroq an’analarni ham unutib qo‘ymaslik kerak. Istanbulda eng yaxshi raxat-lukum sotuvchi qadimiy kompaniya Haci Bekir bor. Bu kompaniya 240 yildan beri mavjud. Dunyoda bunday misollar juda kam. Ularda ishlab chiqarish barqaror, mahsulotning bir kilogrammi turiga qarab 15—50 dollar turadi.
Sentyabr oyi boshida Demir Holding «Chorsu» mehmonxonasini rekonstruksiya qilishga davlatdan ruxsat oldi. Loyihani ikki yilda yakunlash rejalashtirilmoqda, hozircha esa Ahmet Demir va uning jamoasi turkiyalik bosh oshpazlar tomonidan tayyorlangan turli-tuman taomlar taqdim etiladigan turk restoranini yaratish bilan band. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar