Aksariyat yetuk insonlarning hayoti va karerasi shuni ko‘rsatmoqdaki, muvaffaqiyatning asosiy kaliti — bu vaqtni to‘g‘ri taqsimlash.
Nima uchun ba’zi odamlar jahonga mashhur ishbilarmon va dunyoni o‘zgartirishga qodir yetakchiga aylanadi-yu, boshqalar esa shuncha mehnat qilishiga qaramay, bir nuqtadan siljiy olmaydi? Buning sababi ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Bu haqda «World Economic Forum»ga tayanib Kun.uz yozmoqda.
Muvaffaqiyatga erishgan ishbilarmonlar o‘z vaqtlarini kelgusida ularni yangi bilimlar, ijodiy qarorlar va kuch-quvvat bilan ta’minlaydigan narsalarga sarmoya qilishadi. Dastlab ularning muvaffaqiyati sezilmasligi mumkin, biroq oxir-oqibat, uzoq muddatli sarmoyalar samarasi o‘laroq, ular misli ko‘rilmagan cho‘qqilarni zabt etishadi.
Natijada to‘g‘ri taqsimlangan vaqt ajoyib daromad keltiradi, shuning uchun uni serdaromad deb atash mumkin. Grafikda vaqtimizni qanday sarflashimizga qarab ishda qanday natijalarga erishishimiz yaqqol ko‘rsatib berilgan.
Masalan, Uorren Baffet yuz minglab xodimga ega kompaniyalarga egalik qilsa-da, o‘z vaqtini to‘liq ishga bag‘ishlamagan. Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, u ish vaqtining 80 foizini kitob mutolaasi va fikr yuritishga sarflaydi. Bunga sarflangan vaqt to‘g‘ri qarorlar va biznesni muvaffaqiyatli yuritish uchun zarur bo‘lgan bilimlar bilan ta’minlaydi.
"Eng yaxshi daromad bilimga kiritilgan sarmoyadir".
Benjamin Franklin, siyosiy arbob, ixtirochi, yozuvchi
Muvaffaqiyatli kishilarning o‘rnak olsa arzigulik foydali odatlari bo‘ladi. Quyida uzoq muddatli istiqbolda foyda keltirishda yordam beruvchi bir necha samarali maslahat bilan bo‘lishamiz.
1. Kundalik tuting
Ko‘p muvaffaqiyatli kishilar odatda shaxsiy kundaliklarini yuritishadi.
Masalan, Benjamin Franklin har tongda o‘ziga o‘zi savol bergan: "Bugun qanday yaxshi ish qilishim kerak?" Har kuni kechqurun esa o‘z kunini "Bugun qanday yaxshi ish qildim?" degan savol bilan tugallagan. Stiv Jobs ko‘zgu oldida turib, "Agar bugungi kun hayotimdagi oxirgi kunim bo‘lganida bajarishni rejalashtirgan ishlarimni qilarmidim?" deya qiziqqan.
Menejment masalalari bo‘yicha iqtisodchi va maslahatchi Piter Druker qaror qabul qilayotib, bundan nimalar kutayotganini yozib borgan, bir necha oydan keyin esa ularni amaldagi natijalar bilan taqqoslagan. Opra Uinfri esa o‘zining har kunini minnatdorchilik kundaligini yuritish bilan boshlaydi - bunda u nima uchun hayotdan minnatdor ekaniga doir besh sababni qog‘ozga tushiradi.
Albert Eynshteyn o‘zidan keyin 80 mingdan ortiq sahifali turli qo‘lyozmalarni qoldirgan. AQShning ikkinchi prezidenti Jon Adams butun hayoti davomida kundalik tutgan, umri oxiriga borib ularning soni 50 taga yetgan.
O‘z fikrlaringiz, rejalaringiz va hayotingizdagi voqealarni yozib borib, siz yanada e’tiborli va ziyrak bo‘lib borasiz, fikrlash xususiyatingizni rivojlantirasiz va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishni o‘rganasiz.
2. Tanaffus qiling
"Mizg‘ib olish uchun bir yoki bir yarim soatlik uyqu ma’lumotni o‘zlashtirish xususiyatiga xuddi sakkiz soatlik uyqu kabi ta’sir ko‘rsatadi", - deya ta’kidlaydi uyquni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis Sara Mednik. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ertalab o‘quvchi odamlar kun davomida bir soatlik tanaffus qilib, uxlab olsa, kechki payt nazorat testlarini 30 foizga yaxshi bajarishadi.
Bu odat Albert Eynshteyn, Tomas Edison, Uinston Cherchill, Jon Kennedi, Ronald Reygan, Jon Rokfeller va boshqa ko‘plab yetuk shaxslarga xos bo‘lgan. Masalan, Leonardo da Vinchi uyquni ko‘plab 10 daqiqalarga "maydalab", yarim fazali uyqu rejimini tajriba qilgan. Napaleon har bir jang oldidan uxlab olishni ma’qul ko‘rgan. Mashhur aktyor Arnold Shvarsenegger har kuni tushlikdan keyin uxlab oladi.
Zamonaviy ilm-fan bu odatning foydasini tasdiqlaydi. Kun davomidagi tanaffuslar nafaqat samaradorlikni oshiradi, balki ijodiy fikrlash salohiyatini ham rivojlantiradi.
Ehtimol, shuning uchun ham Salvador Dali va Edgar Allan Po bu usuldan foydalangandir.
3. Kuniga kamida 15 daqiqa piyoda yuring
Muvaffaqiyatli odamlar o‘z kun tartibida albatta sport bilan shug‘ullanishga vaqt ajratishadi. Piyoda sayr ham ajoyib mashq bo‘lishi mumkin.
Charlz Darvin kuniga ikki mahal sayr qilgan: peshinga yaqin va soat 16:00da. Betxoven tushlikdan so‘ng uzoq sayrga chiqqan va ilhom kelib qolsa, qog‘ozga muhrlash maqsadida o‘zi bilan birga qalam hamda qog‘oz olib yurgan. Charlz Dikkens kuniga 10 kilometrdan ortiq piyoda yurgan, bu unga ishga ko‘milib, toliqib qolmaslikka yordam bergan. Stiv Jobs muhim uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida piyoda sayr qilishni odat qilgan.
"Faqat sayr vaqtida kelgan g‘oyalargina qadrli bo‘ladi".
Fridrix Nitsshe, mashhur faylasuf.
Uzoq sayrlarning foydasini yaxshi bilgan shaxslar orasida Aristotel, Maxatma Gandi, Jek Dorsi, Tori Byorch, Hovard Shuls, Oliver Saks va Uinston Cherchill nomlarini keltirish mumkin.
Bu odatni o‘zlashtirish kerak. Olimlar sayrning tetiklashtirishi, miyani tozalashi, ijodiy salohiyatni oshirishi va hatto umrni uzaytirishini tasdiqlashdi. 12 yil davom etgan tadqiqotga ko‘ra, kuniga 15 daqiqadan piyoda yurgan 65 yoshdan katta kishilarda o‘lim ko‘rsatkichi 22 foizdan past bo‘lgan.
4. Ko‘proq kitob o‘qing
Hayotiy shart-sharoitlarga qaramay, har birimiz dunyoning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lgan Bill Geytsning sevimli resursi bo‘lgan kitoblarni o‘qish imkoniga egamiz. Bu o‘z bilim darajamizni oshirishning tejamkor va juda samarali usulidir.
Uinston Cherchill kuniga bir necha soat biografik, tarixiy, iqtisodiy va falasafaga oid kitoblarni mutolaa qilgan. Teodor Ruzvelt band kunlari 1tadan va ishdan bo‘sh kunlari 2-3 tadan kitob o‘qigan.
Mark Kyuban kuniga 3 soatdan ortiq kitob o‘qiydi. Milliarder Devid Rubenshteyn haftasiga 6 tadan kitob o‘qiydi. Ilon Mask yoshligida kuniga 2 tadan kitob o‘qigan. Disney bosh direktori Bob Ayger esa har kuni tonggi 4:30 da kitob o‘qish uchun uyg‘onadi. Bu ro‘yxatni cheksiz davom ettirish mumkin.
O‘qish xotirani yaxshilaydi, empatiya darajasini oshiradi va stress darajasini kamaytiradi, shu tariqa oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizga erishishga yordam beradi.
5. Qiziqishlaringiz bo‘yicha suhbatdosh toping
Yozuvchi Joshua Shenkaning fikricha, ijodiy salohiyat boshqa odamlar bilan muloqot qilish natijasida rivojlanadi. U o‘zining Powers Of Two kitobida birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida katta cho‘qqilarni zabt etgan duetlar haqida so‘zlab bergan. Masalan, Jon Lennon va Pol Makkartni, Mariya va Per Kyuri, Stiv Jobs va Stiv Voznyak.
Psixologlar Daniel Kaneman va Amos Tverski birgalikdagi uzoq sayrlaridan birida axloqiy iqtisodiyotning yangi nazariyasini ishlab chiqishgan va bu Kanemanga Nobel mukofotini olib kelgan.
Tolkin va Lyuis o‘zlarining yozgan qoralamalarini bir-birlariga o‘qishga berishgan, har dushanba kechqurun pabda ko‘rishishgan. Olimlar Frensis Krik va Jeyms Uotson ko‘p muloqot qilishgan va birga tushlik qilishgan, keyin esa Moris Uilkinson bilan birga DNK tuzilmasini aniqlashgan.
Teodor Ruzveltning esa tennis xonasi bo‘lgan, uning a’zolari birga tennis o‘ynashgan va siyosiy masalalarni muhokama qilishgan.
Qator yetuk shaxslarning tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, boshqalar bilan muloqot vaziyatga boshqa tomondan qarash va hatto mutlaqo yangi narsa yaratishda yordam beradi.
6. Tajriba qilishdan qo‘rqmang
Qanday muhim fazilatlar egasi bo‘lishimizga qaramay, har birimiz xatoga yo‘l qo‘yamiz. Ularni kelgusida sizga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan tajriba deb hisoblang.
Muvaffaqiyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri siz tomoningizdan o‘tkazilgan tajribalar soniga bog‘liq. Bir yutuq barcha muvaffaqiyatsiz urinishlaringizni "yuvib ketadi".
Tomas Edison gidroksidli akkumulyatorni ixtiro qilgunga qadar uning 50 mingdan ortiq tajribasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Mukammal lampani yaratish uchun esa 9 ming muvaffaqiyatsiz urinish ortda qolgan. Shunday bo‘lsa-da, umrining oxiriga borib Edison 1100 patentga egalik qilgan.
Tajribalarni faqat amalda o‘tkazish shart emas. Masalan, Eynshteyn ularni aqlida o‘tkazgan va bu unga o‘zining bebaho ilmiy nazariyalarini rivojlantirishda yordam bergan. Tomas Edison va Leonardo da Vinchilarning kundaligida yozishmalardan tashqari, mental kartalar va turli chizmalar ham bor.
Tajribalar foydali ko‘nikmalarni ishlab chiqishda yordam beradi. Prodyuser va ssenariynavis Shonda Rayms haddan ziyod mehnatkashligi va yaqqol namoyon bo‘luvchi introvertligidan xalos bo‘lishga qaror qildi va avval qo‘rqqan narsalariga rozilik bera boshlagan. Bu tajriba "Hammasiga "ha" deydigan yil" nomini olgan.
Faylasuf va shoir Ralf Uoldo Emerson ushbu ajoyib iboraning muallifi hisoblanadi: "Hayot - boshidan oxirigacha tajriba. Tajriba qancha ko‘p bo‘lsa, shunchayaxshi".
Ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak. Agar uni kelgusida o‘zingizga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan ishlarga sarflasangiz, muvaffaqiyatga erishish ehtimoli yuqori bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi
Xitoylik hakerlar AQSHdagi 150 nafar siyosatchi ortidan josuslik qilgan bo‘lishi mumkin
Germaniyalik fermerning sigiri to‘rtta buzoq tug‘di
Rossiya Buyuk Britaniya diplomatiga qarshi keskin chora qo‘lladi