11:30 / 19.11.2017
7 795

Erkak zotining zaif tomoni...

Erkak zotining zaif tomoni...
Og‘a-iningizdan qachon uzoqlashganingizni bilasizmi? Yo‘q, albatta! Ularga avvalgiday emasligingizni his etib turasiz. Ammo sababini topmaysiz, hatto gohida xayolingizdan «ularning nimasiga bu qadar mehr qo‘ygan ekanman, yoshim kattalashib, kimning qandayligini endi bildim shekilli», degan g‘ofil o‘ylar ham o‘tadi. Aslida esa siz uylanganingizan beri shunday bo‘lib qoldingiz.

Keling, buni yoyibroq tushuntiray: ma’lumki, «amaki-tog‘a», «amma-xola» degan tushunchalar bor. Endi siz xolis ayting, amma bilan amakiga nisbatan xola va tog‘a yurakka yaqinroq turadi, shundaymi? Fikrimga qo‘shilmasangiz, bolalaringizning suhbatiga quloq tuting: hadeganda xolasi bilan tog‘asini gapiraveradi. Ularnikiga chopqillab boraveradi. Tanangizga o‘ylasangiz, o‘zingiz ham o‘z tarafingiz bilan emas, qaynbo‘ynilar bilan bordi-keldida allaqachon quyuqlashib ketibsiz. Bu so‘zsiz ayolingizning sharofatidir.

Chunki u choy ustida, non ustida hali bu opasi, hali bu singlisi, goh akasi, goh ukasining ta’rifidan so‘zlayveradi. Ular yopib kelgan nonning shirinligi, sizga sovg‘a qilgan ko‘ylagining sifati tozaligi va… shunga o‘xshash narsalar xususida joyini topib gap qistiraveradi. Shu tarzda bolalar ham, siz ham ularga isigandan isib borasiz. Ayolingiz o‘z qarindoshlariga jigar. Ular haqida so‘zlagisi, eslagisi kelaveradi. Natijani ko‘rib turibsiz, bolalar onasining qarindoshlariga dildan bog‘lanib boryapti.

Siznikilarga esa ayolingiz bor-yo‘g‘i kelin! Ya’ni yuragida iyib turadigan qarindoshlik rishtasi yo‘q, ta’riflay desa, avlodingizning tub fazilatlari, yaxshi-yomonidan yaqindan tanish emas, uning ustiga tajribasi ham kam! Kelin hargiz og‘a-iningizga yomonlik ravo ko‘rmasligi, g‘iybatini ham qilmasligi mumkin, uning aybi bitta — ular haqida kam gapiradi, xolos. Gapirsa ham «kelinlik tili» bilan gapiradi. Ya’niki, ikki tomon bir-biriga yopishib-qapishib ketmaydigan qilib gapiradi. Opa yo ukangizga oyog‘ingiz tortmayotganidan akangizni sog‘inmayotganingizdan biling — sizni u yoqqa intiltiradigan turtki, tashviqot yo‘q. Erkak zotining yana bir zaifligiga iqror bo‘lingki, kimdir, aniqrog‘i, ayoli uning yaqinlarini bot-bot eslatib, yuragini ilitib turmasa, u aka-ukalik burchlarini sal bo‘lmasa unutishgacha boradi.

Ammo qaysi ona va yo qaychi murabbiy, qaysi tarbiya dargohi qiz bolaga «jufting og‘a-inilaridan ajrab ketmasligi uchun uni har doim qarindoshlariga isitib tur» deb ta’lim beradi?! Agar ayol sabab bo‘lib aka-ukalar bir-biridan ajrab ketsa, bu ayolga ikki dunyo saodati yo‘qligi, bolalaridan qattiq aziyat chekib qolishi aniqligini, qay yo‘sin va uslublarda ularga uqtirsak ekan?! Yigitlarjon, nahotki sizni o‘z tomiringizdan uzilib qolmasligingiz uchun, shuncha falsafa so‘qib, shuncha iztirobga tushishimiz shart bo‘lsa?! Bu o‘rinda o‘zingiz hushyorlik ko‘rsatsangiz bo‘lmasmi?!

Agar og‘a-inim bilan uzilib ketmay desangiz, ota-ona va Alloh rozi bo‘ladigan farzand bo‘lay desangiz, qolaversa, o‘zingizdan tarqayotgan bolalarni ham keyinchalik bir-biriga mehribon bo‘lishini xohlasangiz, ayolingizning yaxshi ayol bo‘lishiga yordamlashing. Chunki u o‘zi bilmagan holda ayrim xatolarga qo‘l urib qo‘yish mumkin. Yoningizdagi mahrami joningiz gunohkor bo‘lguncha qarab turmang, ro‘zg‘oringizning boshidan unga quyidagi talablarni qo‘ying va ijrosini nazorat qiling:

—Juftingiz hech qachon sizga aka-uka, opa-singil, hatto qarindosh-qadrdonlaringizni yomonlamasin! (Chunki erkakning bir mo‘rtligi shu, bir og‘iz gap bilan, ayniqsa, xotinining gapi bilan yaqinlaridan uzilib ketishi yo kamida ularni yomon ko‘rib qolishi hech gap emas! Bunga misol hisobsiz!)

—Mabodo o‘zingiz ular bilan xafalashib qolgan holatingizda ham o‘tingizga kerosin sepmasin!
—O‘zinikilarga qanday iltifot ko‘rsatsa, sizning jigarlaringizga ham shunday ixlos bilan munosabatda bo‘lsin!

Ayolingizdan yana shuni iltimos qiling, qaysi rolni o‘ynasa o‘ynasin, ne maqomga tushsa tushsin, ammo sizni hamda bolalaringizni shunday sozlasinki, aka-ukalaringiz qoshiga yuragingiz oshiqib, o‘zingiz talpinadigan bo‘ling.

Ayolingiz dastlab bu shartingizni malol olishi, bosh tortishi va payt poylab aksini qilishga urinishi mumkin, ammo siz talabda qattiq turing! Agar shunga erisha olsangiz, avvalo ayolingizning o‘zi yutadi: qarindosh-urug‘larni bog‘lab qo‘yayotgani uchun, birinchidan, hademay, o‘zining bolalari chandon inoq bo‘lib, unga rohat keltiradilar.

Ikkinchidan, juftini, ya’ni sizni «og‘a-inisiga nomehribon» degan tavqi la’natdan, katta gunohlikdan qutqaradi.

Uchinchidan
, bu ezgulik og‘a-inilar emas, balki begona hisoblangan — kelinning sa’y-harakati bilan bunyod bo‘layotgani uchun, ishshaalloh, Alloh uni ikki, balki undan-da ko‘p barobarida mukofotlaydi. Qolaversa, qaynona-qaynotaning rizoligiga yetishadi, chunki ayolingiz hurmat qilayotgan har bir jigaringizda onangizning mo‘ltiragan nigohi, otangizning umidvorligi hamisha uyg‘oq turadi…
Tursunoy SODIQOVA
«O‘g‘lim, kelinim senga aytaman»dan

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkak zotining zaif tomoni...