22:26 / 15.12.2017
8 964

Haqiqiy muhabbat...

Haqiqiy muhabbat...
Erim muhandis. Uning xotirjam, muloyim tabiatini sevganim uchun u bilan turmush qurgandim. Bu xushfe’l erkakning ko‘ksiga bosh qo‘yib qalbim otashda yonardi. Neajabki, ikki yillik oshiq-ma’shuqlik va besh yillik turmushdan keyin erimning muloyim fe’li menga yoqmay qolsa deng!

Erimning – bir paytlari men qattiq yaxshi ko‘rgan- bu xususiyati endi g‘ashimga tegayotgandi. Juda ehtirosli, hissiyotga beriluvchan, romantikaga o‘ch ayolman. Shu sababli ham erimning “ichimdagini top” fe’li, sevgisini izhor qilmasligi va turmushimizda romantikaning yo‘qligi meni muhabbatdan uzoqlashtirib, erimdan ko‘nglim sovub ketdi. Oxiri unga qarorimni ochiqladim: men uzil-kesil ajrashishga ahd qilgandim. Erimning hayratdan ko‘zlari xonasidan chiqib ketdi:

-Nega?!- deb so‘radi.
-Bundoq olganda aniq bir sabab yo‘q,- dedim o‘zimni beparvo tutib.- Shunchaki bu ishqsiz turmushdan charchadim.
Tun bo‘yi bir so‘z demadi. O‘ylayotgandi. Bu holi ham tushkunligimni ortiradi. His-tuyg‘usini, g‘am-tashvishlarini bilintirishni ojizlik deb tushunadigan odam bilan yashardim. Shu paytgacha biror marta his-tuyg‘usini ochiq ifodalamagan odamdan nima ham kutardim-ki!?
Nihoyat tilga kirdi:

-Fikringdan qaytishing uchun nima qilishim kerak?
Ha, insonning fe’li hech qachon o‘zgarmaydi, deganlari rost ekan. So‘ngi ilinj-istaklarim ham so‘nib borayotgandi.
Savolingizning javobini o‘zingiz topib, ko‘nglimni ishontirolsangiz qarorimdan voz kechaman. Bilasizmi, sevgingizni isbotlash uchun nima qilishingizni istayman? Tog‘dagi jarlik tubida bir go‘zal gul o‘sadi. Hayotingizni xavfga qo‘yib bo‘lsa-da o‘sha gulni men uchun uzib olib kela olasizmi?

Yuzimga diqqat bilan tikildi va:
-Buning javobini senga ertaga aytaman,- dedi.
Oxirgi jumlalari so‘ngi yiltillab turgan umidlarimni-da o‘ldirdi. Ertasi kuni tongda uyg‘onganimda, erim uyda yo‘q ekan. Sutdan bo‘shagan shisha idishni oshxonadagi ovqatlanish stoliga qo‘yib, oldiga bir xat qoldiribdi.

“ Sevgilim- deya boshlanardi noma,-
Sen xohlagan gulni sen uchun uzib kelardim, ammo yuragim bunga yo‘l qo‘ymadi. Chunki har doimgidek kompyuterni ostin-ustun qilib, buzib qo‘yganingdan keyin monitor oldida yig‘lab o‘tirganingda uni tuzatib berish uchun qo‘llarim kerak bo‘ladi. Kalitlarni uyda unutib qoldirganingni bilib, ko‘chada kutib qolishingdan xavotir olib sendan avval uyga kelish uchun oyoqlarim kerak bo‘ladi. Mashina haydashni yaxshi ko‘rasan, ammo nuqul shaharda yo‘ldan adashib yurasan. Senga yo‘llarni ko‘rsatishim uchun ko‘zlarimga ehtiyojim bor. Uyda o‘tirishni yaxshi ko‘rasan. Zerikmasliging, bekorchi narsalarga o‘ralashib qolmasliging uchun hikoyalar aytib berishim kerak. Buning uchun esa og‘zim kerak bo‘ladi. Ertadan kechgacha kompyuterga qarayverganingdan ko‘zlaring charchasa, nuri xiralashsa keksayganimizda tirnoqlaringni olishim, sochlaringdagi ko‘rinishini istamaganim oq tolalarni bo‘yashim, tepadan pastgan tushayotganingda qo‘llaringda tuta olishim, gullarning rangini yoshligingda sening yuzing rangidek ekanini ayta olishim uchun ko‘zlarimga ehtiyojim bor. Ammo seni mendan ortiq sevadigan odam bo‘lsa, o‘sha sen aytgan jarlikdagi gulni sen uchun uzib kelaman, yagonam...

- Maktubni o‘qir ekanman ko‘z yoshlarimni to‘xtatolmasdim. O‘qishda davom etdim.
- Bularni o‘qiganingdan so‘ng, ko‘ngling menga ishonsa, iltimos, eshikni och, jonim. Sen yaxshi ko‘radigan kunjutli non va yangi sog‘ilgan sut bilan eshik ortida kutyapman...”

Hayajon bilan eshikni ochdim. Erim xavotir va xijolatli alpozda kunjutli non va sut solingan xaltani mahkam tutgancha eshik ortida turgandi.
Endi ishonchim komil edi: meni erimdan boshqa hech kim bu qadar kuchli muhabbat va hayajon bilan sevmasdi. Jarlik tubidagi tanho gulni o‘z joyida qoldirishga qaror qildim. U sevgisini isbotlashga uringan boshqa oshiqlarga kerak bo‘lar. Men esa chin muhabbat sharobidan mastu mas’udman...

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Haqiqiy muhabbat...