23:49 / 10.01.2018
4 702

Hayotingizni yaxshilash uchun vaqtga boshqacha yondashing

Hayotingizni yaxshilash uchun vaqtga boshqacha yondashing
Ish va boshqaruvga oid motivatsion kitoblar muallifi Deniyel Pink o‘zining yangi "When: The Scientific Secrets of Perfect Timing " ("Qachon: Mukammal vaqtning ilmiy sirlari") kitobida muayyan mashg‘ulotlar uchun vaqtni to‘g‘ri tanlay bilishga doir qator psixologik, biologik va iqtisodiy tadqiqotlarni keltiradi.

Uning fikricha, sarmoyachilar bilan yig‘ilishlar va jarrohlik operatsiyalarini kun yarmiga qadar o‘tkazish maqsadga muvofiq. Agar har 3-5 yilda ishingizni o‘zgartiradigan bo‘lsangiz, o‘zingiz o‘ylaganingizdan-da ko‘proq pul topishingiz mumkin.

"Vaqtni to‘g‘ri tanlay bilish biz nimani qanday qilayotganimizga misli ko‘rilmagan darajada ta’sir ko‘rsatadi", - deydi Pink. Wired'da qanday qilib vaqtni taqsimlashni o‘rganish va shu orqali hayotni oz bo‘lsa-da yengillashtirishga oid bir necha muhim maslahat beriladi.

Barcha muhim ishlarni kunning birinchi yarmida bajaring

Bizning kayfiyatimiz va energiyamiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri oldindan aytish mumkin bo‘lgan sirkad ritmlarga bog‘liq. Ularni, o‘z o‘rnida, genetik darajada jo bo‘lgan inson xronotipi belgilab beradi.

O‘rta statistik insonning kayfiyati uyqudan turgandan taxminan yetti soat keyin tushadi, ya’ni soat 14:00dan 16:00gacha. Aynan shu vaqtda odamlar — ayniqsa tibbiyot xodimlari o‘z faoliyatida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yishar ekan.

"Bir necha oy avval qizimning "aql tishi"ni olishlari kerak edi, - deya so‘zlaydi Pink. - Men unga "Sen shifokor huzuriga eng birinchi bo‘lib borasan", deb aytdim.

Qahva iching va mizg‘ib oling

Mizg‘ib olishning foydali ekani allaqachon isbotlangan. 10-20 daqiqaga ko‘zlarni yumib, aqliy salohiyatni rivojlantirish mumkin. Biroq buning oldidan yana bir shinjon qahva ichib olinsa, qisqa uyqu effekti sezilarli darajada oshadi. Zero kofein organizmga tushgandan taxminan 25 daqiqa keyin o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlaydi.

Pinkning fikricha, uyqu uchun qisqa tanaffuslar ishchi kunining ajralmas qismiga aylanishi kerak. Kolumbiya universiteti tadqiqotchilari sudyalar hukm chiqarishdan oldin mizg‘ib olsa, nisbatan adolatli qarorlar chiqarishini aniqlashdi. AQSh kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazlari esa kunduzi uzoqroq dam oluvchi bolalar boshqa bolalarga nisbatan yuqoriroq baholar olishiga ishonch bildirishmoqda.

Oldinga shoshilmang


Agar katta kishilar guruhi bilan raqobatlashsangiz, o‘z ko‘nikmalaringizni namoyish etishdan oldin oxirini kuting. Olimlar sakkiz mamlakatdagi American Idol kabi tanlovlarni tadqiq qilib, aksariyat holatlarda sahnaga kechroq chiqadigan qo‘shiqchilar yuqoriroq ballarga ega bo‘lishini aniqlashdi. Xususan, oxirgi ishtirokchida tanlovning keyingi bosqichiga chiqish uchun imkoniyat boshqalarga nisbatan 10-15 foizga yuqoriroq bo‘lar ekan.

Tadqiqotchilarning hisoblashicha, dastlab hakamlar yuqori talablar qo‘yishadi, biroq tanlov davomida ularning tasavvurlaridagi mukammallik darajasi biroz tushadi. Yagona istisno — saylov byulletenlari. Ovoz beruvchilar ko‘p holatlarda ro‘yxatda birinchi bo‘lib turgan nomzodni tanlashadi.

Oraliq vazifalar qo‘ying

Ish, sport mashg‘ulotlari va umuman hayotdagi oraliq bosqichlar ham aqlni shoshirish bilan birga ilhom baxsh etishi ham mumkin. Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari jamoada ishlovchi odamlar aksariyat hollarda belgilangan muddatning yarmi kelmagunga qadar deyarli hech nima qilmasligini aniqlashdi. Ular shundan keyingina bor kuchlari bilan ishga kirishishadi.

Bundan qochish uchun orqaliq maqsadlar qo‘ying va ularni zanjir bo‘yicha amalga oshirib boring. Bir vazifani tanlang va har kuni shu ish bilan shug‘ullanish davomida taqvimda belgilab qo‘ying. Bunday belgilar sizni tezroq maqsadga erishish sari undaydi.

Ishlarni boshqa odamlar bilan birgalikda bajaring

Hamkorlikdagi faoliyat - u hoh eshkak eshish yoki fleshmoblarda qatnashish bo‘lsin, charchoqni kamaytiradi va aql hamda tanani yanada faolroq ishlashga undaydi. Ma’lum bo‘lishicha, guruhda qo‘shiq aytish insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirar va depressiyani yumshatar ekan. Xorda kuylash esa saratonga qarshi kurashda immun reaksiyalarini kuchaytirishga qodirligi ta’kidlanmoqda.

"Bu fiziologik darajada ishlaydi. Xorda kuylovchilarning hatto yuraklari ham sinxron ravishda uradi".
Deniyel Pink
Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hayotingizni yaxshilash uchun vaqtga boshqacha yondashing