Hech hisoblab ko‘rganmisiz, umringizning qancha vaqtini dam olishga sarflaysiz? Uxlash, o‘tirib televizor ko‘rish emas, aynan xorijda yoki o‘zimizdagi dam olish maskanlarida dam olishga. Eng ilg‘orlarimiz ham yiliga bir hafta o‘n kun hisobida, aytaylik, yigirma yil borishganda ham nari borsa besh oy atrofida uzluksiz dam olisharkan.
Lekin yetmish yil yashagan inson o‘z umrining taxminan olti oyini hojatxonada o‘tkazadi. Bu jarayon nafaqat bir inson uchun, balki butun jamiyat uchun muhim. Keksalarimiz «Biror oila haqida tasavvurga ega bo‘lmoqchi bo‘lsang, hojatxonasiga kirib ko‘r» deb bejizga aytishmaydi. Bu tizimning qanday ishlashi bir oila emas, tashkilotlar, davlat muassasalari, ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish maskanlari va umuman butun bir mamlakat haqida ham yetarlicha xulosa chiqarishga asos bo‘lishi mumkin.
Agar bu maqoladagi mavzu siz uchun bema’ni, bachkana va qog‘ozga tushirishga arzimaydigan tuyilsa, davomini o‘qimay qo‘yaqoling.
Bu borada eng murakkab vaziyat Afrikaning qator davlatlari va Hindistonda ekan. Afrika davlatlarida suv tanqisligi va tibbiy madaniyatning pastligi bunga sabab bo‘lsa, bizning tasavvurimizdagi go‘zal Hindistonda o‘ta zich aholi uchun kerakli miqdorda hojatxonalarning yo‘qligi, sanitar holatga e’tibor sustligi va ko‘pchilik uchun asrlar davomida duch kelgan joyda bavl qilish odatga aylanib qolganligi ekan.
Hojatxona tizimining yaxshiligi bo‘yicha eng yetakchi davlat Singapur ekanligi e’tirof etilgan. Bu davlatda hamma uchun qulay joylardagi hojatxonalar shu qadar toza va benuqson ishlaydiki, hatto Yevropaning eng rivojlangan davlatlari ham havas qilsa arziydi.
Muammo o‘ta dolzarbligini «Butunjahon hojatxona tashkiloti» tuzilgani va bu tashkilot o‘zining birinchi kongressini 2001 yilda aynan Singapurda o‘tkazganligidan ham bilsa bo‘ladi. Chunki kanalizatsiya suvlarini qaytadan ichish darajasida tozalay olgan bu davlat tajribasi butun dunyo bo‘ylab o‘rganishga loyiq, deb tan olingan. Hozirda har yili bu tashkilot navbati bilan turli davlatlarda katta sammitlar o‘tkazib, dunyo bo‘ylab hojatxonalardagi sanitar ahvolni o‘rganadi, zarur tavsiyalar beradi.
Xo‘sh, bizda-chi, bu borada holat qanaqa? Albatta, “Butunjahon hojatxona tashkiloti” reytingida yetakchi bo‘lmasak-da, sharmandali o‘nlikka ham tushib ketmaganmiz, ya’ni aytmoq mumkinki, qoniqarli o‘rtalik narisidamiz. Ammo umuminsoniy va tibbiy madaniyatimizni oshirish uchun qiladigan ishlarimiz hali juda ko‘p.
Ayniqsa, hudud ma’lum tashkilotga yoki shaxsga biriktirilmagan jamoat joylarida shunday holatlarga duch kelamizki, bunday odamlar qayerdan paydo bo‘lishiga hayratda qolmay iloj yo‘q. Keling, ularning qilmishlarini tasvirlab o‘tirmaylik, ko‘rgansiz, yaxshi bilasiz, ensangiz qotgan, nafratlangansiz…
Yurtimiz bo‘ylab uzoq safarlarga otlansangiz, albatta yo‘l bo‘ylab tik turganicha teskari qarab… ish bajarayotgan erkaklarga duch kelasiz. Erkaklar-ku bir amallashyapti, ammo ayollar nima qilishadi? Yirik trassalar atrofida onda-sonda uchraydigan, paxsadan ko‘tarilib bo‘z matodan «eshik» qilingan hojatxonalarga-ku, kirgandan-kirmagan ma’qul. Albatta, shularni ham kimdir savob umidida qurgan, foydalanish uchun shunchalik topshirib qo‘yibdi, lekin ularning ahvoliga havas qilib bo‘lmasligi rost.
Pulli bo‘lsa ham hojatxonalarni ko‘paytirish zarur, ayniqsa shaharlarda, aholi gavjum joylarda butun bir ko‘chalarni kezsangiz ham ba’zan bunday joy topa olmaymiz. Topganimiz ham ko‘ngildagidek emas. Axir davlatimiz rivojlanib bormoqda, kun sayin yurtimizga sayyohlar ko‘proq tashrif buyurishmoqda, shunday ekan inson hayoti uchun elementar ehtiyojni ta’minlash lozim. Butun dunyo foydalanayotgan biohojatxonalar, ko‘chadagi ko‘chma kabinalar ham biz uchun begonaligicha qolmoqda. O‘z hisoblaridan chiroyli hojatxona tashkil qilganlarni va beg‘araz foydalanish uchun berayotganlarni umuman eshitmaganmiz. Axir bu ham savobku. Yaxshiki masjidlarimiz bor, tahoratxonalari ishlab turibdi, ibodat qilinmasa ham kirish mumkin, lekin bu kamlik qiladi-da.
Bu masala butun bir millat madaniyatining bir timsoli, demak, jiddiy qarash lozim.
Qiziqarli faktlar:
* Sankt-Peterburg shahri rahbariyati sayyohlardan va aholidan ko‘plab shikoyatlar tushgani uchun shahardagi har qanday muassasa har qanday insonga o‘z hojatxonasidan beg‘araz foydalanish imkoniyatini yaratishi shartligi haqida qaror qabul qilgan.
* Sayohat qilganlar aytishadi: Hindistonning ayrim joylarida sovchi bo‘lib kelgan kuyov tomonga beriladigan eng muhim savol nima deb o‘ylaysiz? Uymi, mashinami, bankdagi hisob raqamimi? Yo‘q. «Alohida, ya’ni o‘zlaringning hojatxonalaring bormi?» deb so‘rasharkan. Bu birinchi raqamli savol ekan. Shunday joylar bor ekanki, ertalab erkaklar qator turvolib, yo‘l chetiga «choptirar» ekanlar. O‘t o‘chirish mashinalari ularga suv sepib, qochirar ekan. Ammo mashina o‘tib ketgach, qolgan joyidan davom ettirisharkan. Ayrim qizlar hojatxonasi yo‘qligi uchun maktabga bormay qo‘ya qolisharkan. Sari nimaga kerak? Bu himoya vositasi, aniqrog‘i, to‘sish uchun ham xizmat qilarkan. Qizlar, ayollar sarida masalan, bir chiroyli gulzor ichida o‘tirib, gul hidlayotgandek ko‘rinib, aslida o‘sha gulzor ichida…
Muallifdan: xabarlarga qaraganda, mamlakatimizda joriy yildan boshlab jamoat hojatxonalarini ko‘paytirish va ularning holatini keskin yaxshilash bo‘yicha jiddiy loyihalar mo‘ljallangan. Bundan, albatta, juda xursandmiz.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi