23:43 / 21.01.2018
20 584

Telefon raqamingiz kimligingizni aytib beradi...

Telefon raqamingiz kimligingizni aytib beradi...
Yangi sim karta olayotganda biz, albatta, o‘zimizga yoqadigan chiroyli raqam tanlashga harakat qilamiz. Bir olam sonlar ketma-ketligi ichidan yuragimiz jiz etgani bizning tashrif qog‘ozimizga aylanadi. Yurakning jiz etgani, aslida, aql va qalb tanlovi — bu har bir insonga xos xususiyat. Ruhshunoslar mazkur tanlovga asoslanib, ya’ni telefon raqami yordamida fe’l-atvorni aniqlash imkoniyatini ham aniqlashdi. Buning uchun telefon raqamingizdan operator va viloyat kodlarini chiqarib, qolgan 7 ta sonni toki bir xonali son hosil bo‘lguncha bir-biriga qo‘shib chiqasiz. Hosil bo‘lgan son xarakteringiz ko‘zgusi sanaladi.

Masalan, agar telefon raqamingiz 857-23-21 bo‘lsa, 8+5+7+2+3+2+1=28. 2+8=10, 1+0=1. Demak, sizga 1 raqami ta’rifi mos.

Tug‘ma yetakchi va tadbirkor
1 raqamiga mos keluvchi inson kuchli intellektual salohiyatga ega, irodali, o‘z kuchiga ishongan va haqiqatparast. U o‘zida yuksak mehnat qobiliyatini jam qilgan, bu orqali atrofdagilar nazariga tushishi mumkin. Biznesini jadal rivojlantirib yuborish qobiliyatiga ega, tug‘ma yetakchi, mansab pillapoyalaridan ildamlik bilan ko‘tarila oladi. Bu raqam yangi ish yoki biznes boshlamoqchi bo‘lganlar uchun juda omadli sanaladi. Ularning asosiy jihatlarini sanaydigan bo‘lsak, yetakchilikka intiladigan, o‘ziga xos g‘oya va maqsadlar egasi.

Tinchliksevar diplomat

Telefon raqamlari yig‘indisi 2 sonini tashkil etadigan insonlar ikkife’l, shu bilan birga o‘zida diplomatik qobiliyat va ajoyib muomala madaniyatini ham jam qila olgan bo‘ladi. Bir raqamidan farqli o‘laroq, ularni yetakchilikdan ko‘ra, o‘zgalar dardini tinglash ko‘proq qiziqtiradi. Muhabbat va romantika, tinchlik hamda garmoniya tarafdori. Bunday raqam egalari o‘zlarining kuchli va kuchsiz qirralarini taftish qila olish qobiliyatiga ega. Yangi hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish uchun bemalol shu raqamga suyanishingiz mumkin. Yuridik va boshqaruv ofislarida ishlash, ziddiyatli va murakkab vaziyatlarni yumshatish niyatida yurganlar uchun omadli raqam.

Ijod olami kishisi

3 sonini ba’zida hayot va o‘lim raqami ham deyishadi. U, asosan, har bir ishga ijodiy yondashadigan kishilar uchun mos keladi. Shuningdek, bu raqam egasi omma orasida o‘z iste’dodi, do‘stlari ko‘pligi bilan ham ajralib turadi. Biznes, sayohat, shou-biznes, reklama, jurnalistika, san’at va aktyorlik bobida faoliyat yuritish, ularning xarakteriga mos.

Mehnatkash va o‘ziga talabchan inson
4 raqami mehnatkash va o‘ziga talabchan insonlar uchun. Bu raqamdan firibgarlik va ko‘zbo‘yamachilik maqsadida foydalanib bo‘lmaydi. Ko‘ngilxushlik va turizm unga uncha mos tushmaydi. Biroq u qurilish firmalari, ishlab chiqarish kompaniyalari va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini rivojlantirib yuborish xususiyatiga ega. Telefon raqamlaringiz yig‘indisi shunday chiqqan bo‘lsa, kommunal muammolar sizni chetlab o‘tadi. Mansab pillapoyalaridan yuqorilash imkoniyati doim siz uchun. Biroq agar shaxsiy hayotingiz chalkashliklarga to‘la bo‘lsa, bu raqamdan voz kechganingiz ma’qul.

Muhabbat ohanrabosi
5 raqamiga mansub insonlar tez orada yangi hayot ostonasiga qadam qo‘yishadi. Har qanday muammo yo‘l-yo‘lakay o‘z yechimini topib ketadi. Shu orqali kishi shaxs sifatida shakllanadi. Bu raqam barcha munosabat, ayniqsa, muhabbat uchun mos. Biznes uchun esa befoyda. Biroq kuchingiz yetsa, muvaffaqiyatingiz ikki barobar ortishi aniq. Gap shundaki, besh raqami o‘ziga odamlarni magnitdek tortish xususiyatiga ega. Shu bois atrofdagilar sizga hadeb qo‘ng‘iroq qilaverib, bezor qilib tashlashadi. Biroq har bir suhbatda biror muhim gap eshitishi kerak, bo‘lmasa, bo‘lmaydi. Agar ruhiy aloqa o‘rnata olsa, boshqalarni tang vaziyatdan olib chiqib ketadi. Odamovilar esa, yaxshisi, bu raqamdan voz kechgani ma’qul, aks holda natija teskarisiga ketishi mumkin.

G‘amxo‘rlik va rahmdillik timsoli
6 raqami — tinch va osoyishtalik, vijdon va adolatga yo‘g‘rilgan inson timsoli. Bu raqamdan bir vaqtlar sizdan xafa bo‘lib, arazlab yurgan do‘stlarga yarashish uchun qo‘ng‘iroq qilgan ma’qul. Uning egasi uy-ro‘zg‘or borasida maslahat va yo‘l-yo‘riq berishga usta. Biznesda esa xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritgani ma’qul. U sabr-qanoat, g‘amxo‘rlik va rahmdillik timsoli. Bu xislatlarga ega insonlarga mazkur raqam nasib etgani bejiz emas. U egasini o‘zi tanlaydi va xotirjamlik, baxt hamda muvaffaqiyat olib keladi.

Faylasuf va ilohiyotchi
7 eng sirli va g‘ayrioddiy raqam bo‘lib, uning egasida donishmandlik, ilohiylik, voqelikka falsafiy baho berish kuchli. Telefon raqamlari yig‘indisi 7 chiqqan inson mistika, falsafa, afsunga oid bilimlarga juda qiziqadi. Bunday insonlar aqlga emas, ko‘proq ichki sezgisiga ishonishadi. Buning natijasi ikki xil bo‘lishi mumkin. Bir tomondan sizda intuitiv tuyg‘u rivojlanib, xatolaringiz kamayadi. Ikkinchi tomondan esa aql ham katta kuch ekanligini esdan chiqarmaslik lozim. Tuyg‘ularingiz qa’riga g‘arq bo‘lib yuraversangiz, atrofdagilar nazdida g‘alati, tushunarsiz, «ichimdagini top» inson bo‘lib tanilasiz. Hamma narsa me’yorida bo‘lgani ma’qul.

Moddiy to‘kinlik timsoli
8 raqami — moddiy to‘kin-sochinlik, omad, gullab-yashnash, kuch-qudrat, hokimiyatga intilish va murosasizlik ramzi. U maqsad sari intilishda sizga qo‘shimcha kuch beradi, ishni yarim yo‘lda qoldirib ketishingizga yo‘l qo‘ymaydi. Agar sizda moliyaviy qiyinchiliklar paydo bo‘lsa, raqamlari yig‘indisi 8 ga teng sim karta sotib oling. Ana shunda barcha muammolaringiz barham topadi. Munosabat o‘rnatish, biznes va pul borasida omadingiz chopadi. Obro‘ingiz oshadi. Barcha muhim va nomuhim qarorlarni osonlik bilan qabul qilasiz.

Favqulodda kuch-qudrat egasi
9 eng universal raqam bo‘lib, har qanday ish uchun mos keladi. U o‘zida qolgan barcha raqamlar salohiyatini jamlagan. Har qanday ishda ko‘makchi, biroq turli syurpriz va taqdir tuhfalariga sabab bo‘lishi mumkin. Favqulodda intuitsiyasi kuchli, hissiyotli, o‘ta ta’sirchan. G‘amga kuchli beriladi. To‘qqiz raqami bitmas-tuganmas kuch-qudrat, har qanday mushkul vaziyatdan osonlik bilan chiqa olish ramzidir.

Anqov va soddadil
0 — ishonch va anqovlik, soddadillik raqami. Albatta, raqamlar yig‘indisi 0 chiqishi mumkin emas. Bunda telefon raqamingizda 0 soni qanchalik ko‘p uchrasa, siz o‘z imkoniyatlaringizdan foydalanishga bor kuch-g‘ayratingiz bilan harakat qilishingiz lozim. Chunki butun koinot sizni qo‘llab-quvvatlaydi. Agar telefon raqamingizda bitta emas, bir nechta 0 uchrasa, yelkangizga juda katta mas’uliyat yukini ortib olgansiz, tez-tez dam olib turing.
Ozoda HALIMOVA tayyorladi.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Telefon raqamingiz kimligingizni aytib beradi...