19:00 / 07.02.2018
7 607

Ayollarning erkaklarga yoqmaydigan odatlari...

Ayollarning erkaklarga yoqmaydigan odatlari...
Hurmatli ayollar! Nima yoki qanday vaziyat erkaklarning jahlini chiqarishi mumkin, deb o‘ylaysiz? Tashqi ko‘rinishingizga e’tiborli bo‘lishga, mazali taomlar pishirish va yana bir qancha ishlarga ulgurishga urinasiz-u, birgina ahamiyatsiz tuyilgan kichik narsa umr yo‘ldoshingiz ko‘z o‘ngida barcha urinishlaringizni chippakka chiqarib qo‘yishi mumkin. Buni bilishni istasangiz, fe’l-atvoringiz ko‘zgusiga boqib, tegishli xulosalar chiqarishga harakat qilib ko‘ring.

Qo‘pollik

Qo‘pol va shartaki, baland ovozda baqir-chaqir qilib, ko‘p gapirishni xush ko‘ruvchi ayollar hech bir kishida yaxshi taassurot qoldirmay, balki atrofdagilarda, ayniqsa, erkaklarda o‘ziga nisbatan nafrat uyg‘otadi. Oila boshliqlari o‘z yonlarida vazmin, oqila, xushmuomala, bo‘lar-bo‘lmas gaplar bilan tortishmaydigan hamroh ko‘rishni istashadi.

Me’yoridan ortgan rashk
Barchamiz yaqin insonimizni rashk qilishimiz, qizg‘onishimiz tabiiy. Garchi o‘ta rashkchi bo‘lsangiz-da, farosat va oqilalik bilan ish tuting, buni turmush o‘rtog‘ingizga bildirmang. Rashk erkaklarning g‘ashiga teguvchi holat. Avvaliga rashkingiz ularga yoqadi. Ammo rashk ta’qib vasvasasiga aylangach, o‘z juftingizni yo‘qotish yoki o‘zingizdan uning ko‘nglini qoldirishi mumkin.

Yana ba’zi mayda-chuydalar haqida…
Hech qachon umr yo‘ldoshingizga ko‘ylak, sumka yoki pardoz vositalaringizni qanchaga olganingiz haqida gapirib o‘tirmang. Buning unga nafaqat qizig‘i yo‘q, balki yoqmasligi ham mumkin. Umuman, ayollar nuqtai nazaridan qaraganda ham, har doim sirli bo‘lib qola olishingiz lozim.

Kuylashni yoqtirasizmi?

Juda soz! Oshxonada, hovlida kuylang. Faqatgina «ijro san’atingizni» umr yo‘ldoshingizdan uzoqroqda namoyish eting. Ayniqsa, atrofdagilarga manzur bo‘luvchi xush ovozga ega emasligingizni sezsangiz. Aksariyat erkaklarga ayollarning baland ovozda xirgoyi qilishlari xush kelmas ekan. Agar juda ham kuylagingiz kelsa, biror qo‘shiqni baland ovozda qo‘yib olib, unga jo‘r bo‘lishingiz mumkin.

Munozara va tortishuvlar
Uyingizga qanday rangli mebel jihozlari, darpardalar tanlash borasida o‘z fikringizni bildiring, asoslar keltiring va munozara qiling. Ammo hech qachon turmush o‘rtog‘ingiz sizdan ko‘ra ancha yaxshi bilgan mavzuda bahslashmang.

Tarbiyalash
Erkaklar o‘zlarini yuqori tutishni yoqtirishadi. Ular o‘zlarini kuchli va jasur hisoblashadi. Bu sizga sir emas. Shunday ekan, turmush o‘rtog‘ingizni tarbiyalashga, pand-nasihat qilishga urinmang. Oqila ayolning boshqalardan farqi shundaki, umr yo‘ldoshining qaror qabul qilishi uchun yaxshi gap bilan ta’sir o‘tkazadi, buni bildirmaydi va erining hurmatini joyiga qo‘yadi.

Haddan tashqari sergaplik
Hatto telefon orqali dugonangiz yoki biror qarindoshingiz bilan ko‘proq suhbatlashish ham turmush o‘rtog‘ingizning g‘ashiga tegishi mumkin. U behuda mashg‘ulot uchun qanday qilib shuncha vaqt sarflash mumkinligini hech tushunolmaydi.
Umida ADIZOVA tayyorladi.

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ayollarning erkaklarga yoqmaydigan odatlari...