Muvaffaqiyatli insonlar fe’l-atvorini tahlil qilsak, ularda faqatgina aqlning yoki ruhning o‘zi ustun emasligiga guvoh bo‘lamiz. Ya’ni, ongi va qalbi har jihatdan yuksak, bir-biriga munosib bo‘lgan insonlarda farovon yashash imkoni doimo yuqori bo‘lgan. Ular har qanday vaziyatda ham ma’lumotni tarozining ikki pallasi bo‘lgan idrok va qalb chig‘irig‘idan o‘tkazadilar.
Biz «essiz, ko‘nglimga quloq tutsam bo‘lar ekan», «shu narsa bo‘lishini sezgan edim», «shunday bo‘lishini yuragim sezgan edi» degan jumlalarni ko‘p eshitamiz. Bu bejiz emas. Boisi yurak ham fikrlaydi, mushohada qiladi. Buyuk insonlar doimo yurak va aql oralig‘ida bo‘ladilar, ya’ni holatda bo‘ladilar. Shu tufayli daholarda biroz telbalik xususiyati ham ko‘zga tashlanadi.
Buyuk insonlarning aql bovar qilmas harakatlari, qarorlari zamirida aslida ularning kuchli yuragi turgan bo‘ladi.
Muvaffaqiyat idrok va ruh oralig‘idagi lahzalarda sodir bo‘ladi.
Insoniyat tarixidagi jamiki madaniyat va elatlarda ruh kuchli hislar, tuganmas zavq-shavq va donolik jam bo‘lgan manba hisoblangan. Shuningdek, inson muhabbat, shukronalik, qanoat kabi ezgulik ramzi bo‘lgan kuchli tuyg‘ularni o‘zining ruhida kashf qilib kelgan. So‘nggi tadqiqotlarda ma’lum bo‘lishicha, inson yuragi va miyasi o‘rtasida hamkorlik mavjud. Ular birgalikda ma’lumotni qayta ishlashadi, inson ana shu jarayonda qaror qabul qiladi.
Ijodkor ham, tadbirkor ham, rassom yoki rejissyor ham mashaqqatlarni yengishga yordam bergan hislarni, og‘ir damlarda dalda bo‘lgan tuyg‘ularni, taraqqiyotga sabab bo‘ladigan g‘oyalarni yaratishda qalbidan kuch oladi. Hadeb miya bilan fikrlash insonni aqldan ozdirib qo‘yishi mumkin.
Biz odatda yurakni aqlli, ko‘ngilni esa xohishlarga bo‘ysunadi deb o‘ylaymiz. Oxirgi ilmiy qarashlarga ko‘ra yurakda ham mustaqil asab tizimi bo‘lib, bu unga mantiqiy xulosalar qilish imkonini beradi. Yurak miyaga asosli va foydali ma’lumotlar jo‘natib turadi. Shu bois aksariyat insonlar qalblariga bo‘ysunadilar. Ya’ni, yurak qanchalar kuchli bo‘lsa, qarorlar shu qadar asosli bo‘lib chiqadi.
Neyrofiziologlar tomonidan ruh va miya o‘rtasidagi «neyronli aloqa yo‘li» aniqlangach, insonlarning aqlli qaror qabul qilishlarida yurakning o‘rni yuqori ekani yanada oydinlashdi.
Yurakdagi mantiqiy fikrlash tizimi shu vaqtga qadar o‘ta murakkab va sirli mexanizm bo‘lib qolmoqda. Unda ham miyadagi kabi neyronlar, gormonlar, oqsil va to‘qimalar mavjud. Yurakdagi neyronlar soni 40 mingtagacha yetadi.
Yurakdan yuborilgan xabar miyaga uning idrok, qaror qilish hamda boshqa hissiy holatga javobgar qismi orqali qabul qilinadi.
Eng qiziq jihati shuki, inson tanasi atrofida hosil bo‘ladigan elektromagnit maydonidagi quvvatning asosiy qismi ruhdan, ya’ni qalbdan hosil bo‘ladi. Yurakning magnit quvvati miyanikidan besh yuz barobar yuqori ekan.
Hech e’tibor berganmisiz, ba’zi odamlar bilan qayta-qayta suhbatlashgingiz kelaveradi. Buning ham ilmiy asosi bor.
Odam o‘zidan tarqatayotgan elektromagnit to‘lqinlari boshqa inson tanasi va miyasiga ma’lumot tarzida yetib boradi. Odamlar shu taxlit bir-birlarida taassurot qoldiradilar va odamning yaxshi-yomonini darrov taniydilar.
Biz «nazari o‘tkir odam» yoki «aurasi kuchli odam» deb o‘ylaydigan kishilar boshqalardan tarqalayotgan quvvatni tushunish bilan birga, unga ta’sir ham o‘tkaza oladilar. Kuchli inontirish, ta’sir o‘tkazish qobiliyati ham aslida qalb ta’sirida amalga oshiriladi.
Hissiy quvvati yuqori bo‘lgan, ya’ni kuchli ruhiyatli insonlar boshqalarning fikrini oson o‘qiy oladi hamda vaziyatga oson baho beradi, ular boshqalarni oson tushunadilar. Hissiy quvvat yordamida odamlar o‘zlari bo‘lmagan joylarda bo‘lishlari, o‘zlari bilmagan narsalar haqida so‘zlashlari mumkin.
Eng muhimi – miya va yurak o‘rtasidagi samarali aloqaning natijasi bo‘lgan muvaffaqiyatlilik insondagi ijodiy yondashuvni yuzaga chiqaradi. Ya’ni, bu holatda inson ilg‘or va noodatiy fikrlaydi, boshqalar ko‘ra olmagan imkoniyatlarni tasavvur qiladi, to‘siqlarni yengish uchun o‘zida kuch topadi va faqat olg‘a boradi.
Shu bilan birga, miya va ruh o‘rtasidagi sog‘lom aloqa inson uchun ijobiy kayfiyatning tuganmas manbasidir. Bunday insonlar barchani maftun qiladi, ularni barcha tinglaydi va ulardan tarqalayotgan quvvat boshqalarga kuch bag‘ishlaydi.
Yurak va miya o‘rtasidagi aloqalarning uzilishi faqatgina hissiy nosog‘lomlik bilan bog‘liq emas. Bunda salomatlikning ham ahamiyati bor. Chunki yurak ishlab chiqarayotgan ma’lumot miyaga ko‘chib yuradigan asab tolalari yordamida umurtqa pog‘onasi orqali boradi. Shu sababli ham inson asabiga darz ketsa, turli og‘ir kasalliklar ham yuzaga chiqaveradi.
Yana bir qiziq ilmiy dalillardan biri shuki, yurak ichki hissiy sezgini qayta ishlaydi hamda maxfiy belgilarni aniqlash orqali mavhumlikni oydinlashtiradi. Gap shundaki, yurakka xos ichki hissiyot makon va zamon chegaralaridan ham yuqori turadigan kuchli axborot maydoni bilan bog‘lana oladi. Miya kelajakni tasavvur qilsa, yurak kuchli hissiy tizim orqali buni sezadi. Yana ham hayratlanarli dalil shuki, inson ko‘ngli bu axborotni miyasiga qaraganda bir necha barobar tezroq anglab yetadi.
Aytmoqchimanki, muvaffaqiyat faqatgina aqlga suyangan qarorlar natijasi emas. Siz qalbingiz va ruhingiz bilan ham aloqa bog‘lashni unutmang. Odam fazoviy borliq bilan ham ruhan aloqa qiladi. Inson gunohga botgani sayin ruhiyatidan uzoqlashib boradi. Bu holatda g‘alaba qozonish qiyinlashadi.
Ruhiyat va qalb bolalikdan shakllanib boradi. Bunda quyidagi omillarning o‘rni yuqori:
→ yaxshi insonlardan tarbiya olish;
→ halol mehnatga o‘rganish;
→ kitob o‘qish va ilm olish;
→ yaqin insonlar bilan bamaslahat ish qilish;
→ samimiy, shikastanafs, tavozeli va xokisor bo‘lish;
→ yomonlardan yiroq yurish;
→ odamlarga yaxshilik qilish;
→ bu dunyoning o‘tkinchiligini his qilib yashash.
Miya va yurak o‘rtasida samarali aloqaning yo‘lga qo‘yilishi muvaffaqiyat uchun asosdir. Shunda aqliy qobiliyat ravshanlashib, insondagi to‘g‘ri qaror qilish salohiyati oshadi. Bunday holatda taqdirimizda muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy munosabatlar, odamlar bilan muloqot mazmun kasb etadi va mustahkamlashib boradi.
G‘alaba sari qadam avvalo jismonan emas, ruhan harakatda namoyon bo‘lsa, maqsad o‘zini oqlaydi. Yuksalish avval qalbda sodir bo‘lishi kerak. Ana shunda taningiz holdan toyganida qalbingiz bilan harakatlanishni o‘rganasiz. Natijada mudom harakatda bo‘lasiz.
«Biz g‘alaba qozonamiz» kitobidan olindi.
Manba: xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin