18:50 / 13.04.2018
5 462

Bitta «oq»idan, ikkita «qizil»idan bervorgin, bolakay!

Bitta «oq»idan, ikkita «qizil»idan bervorgin, bolakay!
Bozor-o‘char qilib yurgandim, ko‘zim beixtiyor spirtli ichimliklar sotiladigan do‘konga tushdi. Qarasam, sotuvchi ayol kishi ekan. Biroz g‘alati tuyuldi bu menga. Axir, aroq savdosi bilan ayol shug‘ullansa…

Bu ham mayli. Boyagi ayol bu ishga chamasi 11-12 yoshli bolasini ham jalb qilgan. Farzandining ustidagi kiyim-boshidan u yo maktabdan kelgani yo birozdan keyin ta’lim muassasasiga borishi bilinib turardi. Ayol xaridor buyurtmasini yozib boryapti, o‘g‘li esa onasi aytgan spirtli ichimliklarni adashmasdan bir zumda rastaga taxlayapti.

Yosh bolani bunday joyda o‘ralashib yurishini o‘sha ona qanday hazm qilyapti? Buning oqibati haqida hech o‘ylab ko‘rganmikan? Yigitcha uncha-muncha kattalar nomini eshitmagan «zormanda»ni bir zumda topib berishiga qaraganda, u ko‘p vaqtini ilm olishga emas, shu joyda onasiga yordamlashishga sarflayotgani aniqqa o‘xshaydi. Bolaning ayni o‘qib-o‘rganadigan, o‘rtoqlari bilan o‘ynab-kuladigan paytda bunday do‘konda «xizmat» ko‘rsatishi aslida mudhish fojia-ku!

Shularni xayoldan o‘tkazib, ayolga e’tirozlarimni bildirdim. U esa turmush o‘rtog‘i garchi to‘rt muchasi sog‘ bo‘lishiga qaramay, hech qayerda ishlamasligini aytdi. Shuning uchun shu joyda ishlab farzandlarini «halol» boqayotgan emish. Bolasining unga qarashib, yordamlashib turishida hech qanday salbiy holat ko‘rmayapti. Aksincha, hozirdan pul topishga o‘rgansa, kelajakda otasiga o‘xshab boqimanda bo‘lmas ekan.

Qiziq, soppa-sog‘ bo‘la turib, ayolini, farzandini shunday joyga ravo ko‘rgan erkakni oila boshi, ota, deb bo‘larmikan? U otalikka munosibmi? Yoki bo‘lmasa, farzandini boqish uchun spirtli ichimliklar sotish bilan shug‘ullanadigan ayolni oqlab bo‘ladimi? Eti qotmagan murg‘ak bola oiladagi bunday nosog‘lom muhitdan o‘ziga o‘rnak bo‘ladigan jihat topa oladimi? Bunday farzandning taqdiri ne kechadi?

Bu xususda o‘zingiz bir mulohaza yuritib ko‘ring. Nazarimda, bunday ota-onalar o‘z ildiziga bolta urayotganini vaqtida anglab yetmasa, keyin kech bo‘ladi.

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bitta «oq»idan, ikkita «qizil»idan bervorgin, bolakay!