20:23 / 01.05.2018
5 890

Mukofotini Allohdan umid qiling

Mukofotini Allohdan umid qiling
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Kimki ishonib va mukofotini Allohdan umid qilib, ramazon ro‘zasini tutsa, o‘tmish gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).

Amal va ibodatlarning maqbul bo‘lishi uchun ikki muhim shart mavjud. Bularning biri Allohga imon va ikkinchisi, ixlos va samimiyatdir. Ya’ni, har bir ishni Allohning rizoligini istab, mukofotini faqat Allohdangina kutib bajarish, riyo va xo‘jako‘rsinga qilmaslik lozim.

“Inson ishonmay turib qanday ibodat qiladi?” degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bu savol bir qarashda haqliday tuyuladi. Biroq shundaylar borki, qancha-qancha amal va ibodatni imon, ishonchsiz bajaradilar. Boshqa bir xil kishilarda imon va ishonch bo‘lsa bordir, lekin ixlos va samimiyatdan ko‘ra riyo, qo‘rquv va hokazolarning ta’siri ko‘proq. Bu xatti-harakatlar qanchalik ibodat va yaxshilik bo‘lib ko‘rinmasin, amal sohibini maqsadga olib bormaydi, olib borolmaydi. Aniqrog‘i, bu xatti-harakatlar maqbul ko‘rilmaydi.

Yuqoridagi hadis ham amalning muhim tarafiga diqqatimizni qaratmoqda, ya’ni ramazon ro‘zasini uning ahamiyati, fazilati, foydasini chin yurakdan his qilib, mukofotini yolg‘iz Allohdan kutib tutgan kishining gunohlari afv etilishi xushxabari berilmoqda. Ulamoi kirom “o‘tmish gunohlar” deganda kichik gunohlar nazarda tutilgan, deyishgan. Mashhur muhaddis imom Navaviyning ma’lum qilishlaricha, ba’zi faqihlar kichik gunohlar bo‘lmagan taqdirda ramazon ro‘zasi katta gunohlarni yengillatishini aytishgan.

Hadisdan o‘rganganlarimiz:

1. Ramazon ro‘zasini ishonib va mukofotini Allohdan umid qilib tutish o‘tmish gunohlarning kechirilishiga sabab bo‘ladi.

2. Allohga imon keltirish hamda mukofotini Undangina kutish amal va ibodatning qabul bo‘lish shartidir.

“Kim ramazon ro‘zasini tutsa...” iborasida ramazon ro‘zasi to‘la tutilishi nazarda tutilmoqda. Lekin hadisdagi ikki shartga muvofiq ramazon ro‘zasini kasallik va shunga o‘xshash shar’iy sabablar tufayli tuta olmaganlar, boshdagi niyat va tilaklari bois yuqoridagi hukmga daxldor bo‘ladilar. Biroq bu mujda faqat gunohkorlar uchun emas, albatta. Zero, gunohlari kam yoki umuman begunoh insonlar (masalan, payg‘ambarlar)ga darajalarining yuksalishi nasib etgay, inshaalloh.

Manba: Irfon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mukofotini Allohdan umid qiling