07:39 / 02.05.2018
4 652

Nega yoshlar qishloqni tark etadi?

Nega yoshlar qishloqni tark etadi?
Qish kechasi qishloqda mashaqqat degani. Qish kechasi qishloqda maqsadsiz ravishda tongni kutib, uyoqdan buyoqqa ag‘darilish degani…

Men ham o‘sha kechani mijja qoqmay o‘tkazdim. Jurnalistika fakultetiga hujjat topshirgan kunimga la’nat o‘qidim. O‘zimni jur’atsizlikda, omadsizlikda aybladim. Yana bir-ikki qog‘oz ko‘tara olmaydigan dilxiraliklar bo‘ldi…

Otam sovuq oldirgan oyog‘ini uzata olmay qiynaladi, onam o‘choqda achchiq tutundan bo‘g‘riqqan yuzini ro‘mol bilan berkitib, pechkaga o‘tin qalaydi. Ularga ko‘ringim kelmaydi. O‘zimni kimsasiz, sovuq uyga uraman. Talabalik davrimdan esdalik — bir tokcha kitob ham menga esh bo‘lolmay qolgan. Ana kulimsirab turadigan Kobo Abe ham xo‘mrayib olgandek, Frans Kafka bo‘lsa yanada tumshayib, kayfiyatsizlik qa’riga kirib ketibdi. Dostoyevskiyning «Oydin kechalar»i, Somerset Moemning «Oy va sariq chaqa»si ham tanamni qizdirmadi. Men Ostap Benderdek yo‘qni yo‘ndiradigan shovvozmas, Raskolnikov kabi tund, chalkash, ilojsiz bir kimsa edim go‘yo…

Men ishsiz edim, ishsiz bo‘lganda ham diplomli ishsiz, besh yil ota-onam umid bilan o‘qitgan, sog‘inch bilan kutib olib, ishonch bilan jo‘natgan ishsiz edim…

Ish izlab, «Xalq qabulxonasi», tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga bordim. Meni mehnat inspektori vazifasida ishlovchi opa hurmat bilan kutib oldi. Diplomimdan nusxa ko‘chirayotganda boshini chayqab qo‘ydi (diplomga achindi chamamda). Tumanda jurnalistga umuman ehtiyoj yo‘q ekan (aniqrog‘i ish o‘rni yo‘q). Baxtimga bir necha maktab ingliz tili o‘qituvchisiga zor ekan. Ingliz tilida ravon so‘zlasha olishimni eslab, ko‘nglimda umid uchqunlari miltilladi. Ammo chuchvarani xom sanabman. Maktab direktorlari jurnalist ekanligimni eshitib, rad etaverdi. Qonunan ular haq: maktabga pedagogika fakultetlari bitiruvchisi kerak. Ingliz tilida ravon gapirishda, notiqlikda Devid Kemeronni ortda qoldirsang ham, Maykl Jeksondan o‘tkazib kuylasang ham direktorlar bundan ko‘ra diplomingdagi «falon fakultetning ingliz tili yo‘nalishini bitirdi» jumlasini hurmat qilishadi.

Sovuq o‘rnimga cho‘zilar ekanman, diplomim boshqasiga almashib qolishini orzu qildim. Ammo dildirab uyg‘onganimda mo‘’jiza sodir bo‘lmagandi. Diplom ikki kun oldin tokchaga qanday irg‘itilgan bo‘lsa, o‘shanday turgandi.

Tashqarida esa yulduzli, ayozli kecha. Qishloqi soddaning ustidan shahar nechog‘liq kulsa, qishloq ham «o‘qimishli» bekorchini ayovsiz ezadi: qishloqqa bundaylar emas, yerni traktordek ag‘daradigan, bedani qizning belidek ingichka bog‘laydigan azamatlar kerak.

Ertasi kuni tuman xalq ta’limi bo‘limiga oshiqdim. Butun o‘qituvchilarga ish taqsimlaydigan amaldorga niyatimni aytdi. Yana diplomim «uyaltirdi».

— O‘qishga pul bilan kirib, pul bilan amallab bitirib, bizning sifatli ta’limni buzmoqchimisiz, yigitcha?

Bu men eshitgan yakuniy javob edi. Garchi kun sovuq bo‘lsa-da peshonamdan ter chiqib ketdi. Darvoqe, to‘rt yil o‘qishga tayyorlanib, mashaqqat bilan talaba bo‘lganim bir chetda tura tursin. Juda-juda «sifatli» bo‘lgan, Finlandiyada ham muqobili yo‘q ta’lim tizimini «buzib qo‘ymaslik» uchun ham, tuman ta’lim tizimi tepasida turgan amaldor huzuridan so‘zsiz, sadosiz chiqdim…

Talabalik paytimda poytaxtda «viloyatlarni, chekka hududlarni rivojlantirish kerak» deb uqtirishardi. Xuddi yoshlar qaytsa bo‘ldi, hamma joy gullab-yashnab ketadigandek. Bizga shu nasihatni o‘zi yoshligida qishloqqa qaytib ketmasdan shaharda katalakdek kvartirada bo‘lsa-da, yashab qolgan ustozlarimiz aytardi. Qiziq paradoks, nima dedingiz?

Xullas, men uchun qishloqda yakka-yu yagona maosh olsa bo‘ladigan dargoh — maktab eshiklari yopilgach, yana yuklarimni hozirlab, safarga tayyorlana boshladim. Otam oyog‘ini sovuqqa oldirganidan kuzatishga chiqa olmadi, onam narsalarimni taxt qilib berdi. Diplomimni sumkamga mahkam o‘rnashtirdim-da, falon professor televizorda «yoshlar yengil hayotga berilib nuqul shaharda izg‘ishi, qishloqqa esa yangi kadrlar, yangi qon juda zarurligi» haqidagi ma’ruza qilayotgan paytda qishloqni tark etdim.
Ulug‘bek Oripov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega yoshlar qishloqni tark etadi?