17:00 / 11.05.2018
6 072

«Ishlagani borganman, ishrat qilgani emas!»

«Ishlagani borganman, ishrat qilgani emas!»
— Assalomu alaykum, azizlar! Anchadan buyon bir narsadan aziyat chekaman. Turmush o‘rtog‘im ancha yillar ilgari vafot etib ketgan. Bu paytda men o‘ttizga ham kirmagan edim. Uch farzandimni yolg‘iz boshim bilan katta qildim. Ularning ko‘ngli o‘ksimasligi, hayoti izdan chiqmasligi, o‘gay otaning qo‘lida tahqirlanmasligi uchun boshqa turmush qurmadim. Hattoki rahmatli qaynonam «Bolalarni men o‘zim bilan olib qolaman, sen hali yoshsan, umringga jabr qilmay, boshqa inson bilan taqdiringni bog‘la», deyishiga qaramay, xo‘jayinimning o‘rnini hech kimga ravo ko‘rmadim.

Bolalarni tarbiya qilishda ota-onam, qaynilarim katta yordam qilishgan, ammo har mahal ham ulardan nimadir umid qilib yashashga yuzim chidamasdi. Bu yerdagi maoshim ham haminqadar bo‘lganligi uchun katta o‘g‘limni uylantirishdan oldin ukamning oldiga — Ufaga ishlagani ketdim. Katta ukam qiynalib yashayotganimizdan xabari bo‘lganligi uchun «Opa, o‘g‘lingizni jo‘natsangiz, yaxshi ish topib beraman. Uylanishiga ham picha pul qilib ketadi. Qachongacha birovning qo‘liga qarab yashaysizlar. Menikida turib ishlayveradi», degan taklifni bergach, o‘g‘limning o‘rniga o‘zim bormoqchiligimni aytdim. Chunki bu paytda to‘ng‘ichim Komronjon universitetning oxirgi bosqichida o‘qirdi.

Xullas, Komronjonni yoqtirgan qiziga unashtirib qo‘ydimu, o‘zim to‘y xarajatlarini qoplash uchun Ufaga uchib ketdim. Olti oydan so‘ng qaytdim. Biroq kelishim bilan bo‘lajak qudalarim endi to‘y bo‘lmasligini, chet elma-chet el yurgan xotin bilan quda bo‘lolmasligini aytib, olib borgan barcha sovg‘a-salomlarimni tashlab ketdi. Ostonada o‘tirib, rosa yig‘ladim. Bolalarim uchun hamma narsadan voz kechdim: uyqudan, baxtdan, xursandchilikdan va hatto nomusdan ham. Ammo orttirgan shu tavqi-la’natim bo‘ldimi? Men ishlash uchun borgandim, ishrat qilish uchun emas! Aziz sirdoshim, menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsat!
MAKTUBA
Andijon viloyati

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «Ishlagani borganman, ishrat qilgani emas!»