09:03 / 02.06.2018
6 433

Gilos: qaysi rangdagisi foydaliroq?

Gilos: qaysi rangdagisi foydaliroq?
Quyoshning issiq nurlari ostida pishib yetiladigan bu mevaning mavsumi qisqa. Shu sabab, uni to‘yib iste’mol qilishga shoshiling!

Darmondorilarga boy
Gilosning tarkibida A, V1, V2, S hamda Ye darmondorilari, temir, kaliy, kalsiy, magniy, natriy hamda fosfor kabi foydali moddalar ko‘p. Undagi pektin moddasiga alohida e’tibor qaratish kerak, u ortiqcha yog‘larning parchalanib, organizmdan chiqarilishiga javob beradi.

Tanlashda e’tiborli bo‘ling!
Yangi uzilgan gilosning bandi yashil va tarang bo‘lishi lozim. Agar u qoraygan va sinuvchan bo‘lsa, demak, meva uzoq saqlangan. Bu uning ta’mida ham aks etadi.

Saqlash muddati qancha?
Gilos uzoq vaqt shirin va suvli bo‘lishi uchun xarid qilgandan so‘ng uni yuvib, bandlarini olib, quritish kerak. So‘ng qopqoqli konteynerga solib, muzlatgichga qo‘yish lozim. Saqlash muddati taxminan ikki hafta. Erta pishadigan navlari yaxshi saqlanmaydi, ularni shu zahoti iste’mol qilgan yaxshi.

Rangida gap ko‘p…
Gilosdagi organik kislotalar va qandning nisbatini rangiga qarab aniqlash mumkin: mevaning rangi qancha och bo‘lsa, bu modda shuncha ko‘p bo‘ladi. Umuman, qora gilos ko‘proq foydali hisoblanadi, u bizni saratondan himoya qiluvchi hamda qarish jarayonini sekinlashtiruvchi antotsianlarga boy. Sariq gilos beta-karotinga boy, u ko‘zlar va teri uchun juda foydali.

Ehtiyot bo‘ling!
Diareya va meteorizmga moyillik bo‘lganida gilosni ko‘p iste’mol qilish mumkin emas. U ichakning to‘lqinsiman harakatlarini kuchaytiradi. Tarkibida glyukoza miqdori ko‘p — o‘rtacha 100 grammda 10,6 g, shirin navlarida undan ham ko‘p bo‘lgani bois, gilosni me’yorida iste’mol qilish lozim.

Gilosli “sho‘rva”
Kerakli masalliqlar: 1 kg gilos, 1 stakan shakar, 2ta dolchin tayoqchasi, 1 choy qoshiq makkajo‘xori kraxmali.

Gilos danaklaridan tozalanadi, ustiga shakar sepiladi va yaxshilab aralashtirilib, 2 soatga qoldiriladi. So‘ng 1 litr suv quyib, dolchin solinadi va idish qopqog‘i yopilib, past olovda 10 daqiqa qaynatiladi.

Dolchin olib tashlanadi
Aralashma olovdan olinmagan holda blenderda ko‘pirtiriladi. Qaynab chiqqach, 1 osh qoshiq suv bilan aralashtirilgan kraxmal qo‘shiladi va 1 daqiqa qaynatiladi. Sovitib, butun mevalar bilan bezatiladi va dasturxonga tortiladi.

Manba: Tasvir.uz




arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Gilos: qaysi rangdagisi foydaliroq?