15:26 / 16.06.2018
5 682

Chin Hayit

Chin Hayit
Hayit kuni musulmonlar umaviy xalifa Umar ibn Abdulazizni tabriklash uchun huzuriga kirdilar.

Kattalar chiqib ketishgach, ortidan bolalar kirishdi. Ular orasida Umar ibn Abdulazizning o‘g‘li ham bor edi. U eski, ohori to‘kilgan kiyimda edi. Boshqa bolalar esa yangi va chiroyli kiyingandilar.

Bu holni ko‘rgan Umar ibn Abdulaziz yig‘ladi...

Mana bu muborak o‘g‘il ota yoniga kelib:

- Otajon, nechun boshingiz egik, nechun yig‘laysiz? - dedi.

- O‘g‘ilginam, chiroyli kiyinganlar orasida seni eski kiyimda ko‘rib, bolamning qalbi sinib qolmasmikin, degan xavotirdaman, xolos.

- Otajon, Allohni tanib turib, Unga osiylik qiladiganlarning qalbi sinadi. Ota-onasiga oq bo‘ladiganlarning qalbi sinadi. Allohga qasamki, hayit (chiroyli kiyinganlarniki emas), Allohga itoat qiladiganlarnikidir.

Haq gap. Hayit Allohga itoat qiladiganlarnikidir.

Allohning toatida o‘tkazgan har bir kuningiz, har bir soatingiz siz uchun hayitdir, quvonchdir, shodiyonadir.

Allohga osiylik qilinmagan har kun hayitdir. Mo‘minning Mavlosini eslab, Unga itoat qilib, shukr qilib o‘tkazgan har bir kuni hayitdir.

Hayit ne? U emas kiyim yo bezak,
Amalning ortishi hayitdir beshak.

Iymoning ziyoda bo‘lsa hayitdir,
Yuraging taqvoga to‘lsa hayitdir.

Oxiratdan qo‘rqib yig‘la, hayitdir,
Dinim deb bag‘ringni tig‘la, hayitdir.

Qalbingni taqvoga to‘ldir, hayitdir,
Kibru-havoyingni o‘ldir, hayitdir.

Eng Buyuk Rabbingga bo‘ysun, hayitdir,
Diling isyonini qo‘ysin, hayitdir.

Islomiy haddingda turgin, hayitdir,
Uqbo koshonasin qurgin, hayitdir.

Alloh ibodatinglarni qabul aylasin va kelasi shu kunlarga yaxshilikda yetkazsin.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Chin Hayit