16:58 / 17.06.2018
5 642

Agar bir oy umringiz qolsa...

Agar bir oy umringiz qolsa...
Bir kishi xotini bilan hech yaxshi chiqisholmaydi. Uyda har kuni oddiy narsalar tufayli tortishuv bo‘lardi. Kishi bu tortishuvlardan bezor bo‘lib ajrashishni istadi. Bularning munoqashalari tufayli ikki taraf oilalarning ham orasiga sovuqchilik tushadi. Kishi bir kun parishon holda, maslahat so‘rash uchun ko‘pni ko‘rgan, odamlarning hurmatini qozongan bir ahli ilm zotning oldiga borib, ahvolini aytadi. U zot:

— Endi ajrashsang ham hech bir o‘zgarish bo‘lmaydi. Bir oy umring qolibdi, nima qilsang qil, deydi.

Bu gapni eshitgan kishi dahshatga tushib, rangi oqargan holda chiqib ketadi. Yo‘lda uchragan tanishlaridan rozi rizolik so‘ray boshlaydi. Uyiga qaytib, "xotin kel, shuncha payt seni xafa qildim, yaxshi er bo‘lolmadim, haqqinga rioya qilolmadim, meni kechir, mendan rozi bo‘l, deydi.

Xotini, "tavba, bu odamga nima bo‘ldi, bunday gaplar gapiryapti", deb unga rahmi kelib:

— Bey, aslida siz rozi bo‘ling, men doim beodoblik qildim, sizni ko‘p ranjitdim, deydi. Ikkovining ham qalbi yumshab ko‘zlari yoshlanadi...

Keyin er, xafalashgan qaynotasinikiga boradi. Ulardan ham yig‘lab rozilik so‘raydi. Xotini ham, qaynonasidan kechirim so‘raydi. Endi uyda har kun jannatiy hayotda yashardilar va bir-birlarini hech ranjitmasdilar...

Lekin u kishi, xotiniga, muhtaram zot aytgani haqida hech gapirmaydi. Bir oy to‘lishini sanay boshlaydi. Kunlar yaqinlashguncha yaxshiliklari ortar, kechalari ibodat qilardi.

Uning yaxshi ishlari ko‘paygani sari xotinini ham, ikki oilaning ham munosabatlari iliqlashib, yaxshiliklari ortib borardi.

Bir oy o‘tadi. Ha bugun o‘ladi, ertaga esa... Lekin o‘lmaydi. Aniq bir oy demadi, bir oy atrofida, dedi. Balki bir necha kun hali bordir, deb o‘ylaydi.

Bir necha kun kutdi, yana o‘lmadi. Keyin u zotning oldiga borib so‘raydi:

— Afandim, men o‘lmadim.

— O‘lish nimasi? — deydi u zot.

— Afandim, siz bir oycha umring qoldi, degandingiz, bir oy bo‘ldi. Biroq men o‘lmadim.

U zot esa:

— Birodar, men seni qachon o‘lishingni bilmayman, lekin shuni bilamanki, o‘lim haq, bir kun albatta o‘lasan. O‘ladigan odam janjal, nizo bilan hayotini zaharlamaydi. Hozirgi hayotingizdan xursandmisan? — deydi.

— Ha, hech tortishmayapmiz.

— Qani, endi shunday davom etinglar, — deydi u zot.

U oilaning ikki farzandi bo‘lib, gulday yashnab ulg‘ayadilar.

Hayotimizdagi ko‘p muammolar o‘limning haq ekanini unutishimiz tufaylidir!
Turkchadan Maryam Osiyo tarjimasi

Manba: Qadriyat.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Agar bir oy umringiz qolsa...