Tunlarimning har biri yaldo,
Saratondek otash har kunim.
O‘tgan kunim — boshimga balo,
Qizartirar yuzni bugunim.
Chidaymiz-da o‘rtansa ham jon,
Shunday qismat tushibdir chekka:
Musulmonlik emas-ku oson,
O‘xshamaymiz hech yo‘q o‘zbekka.
Mahshar qo‘pmas yo‘limdan qaytsam,
Garchi u jim, insofga kelmas.
Arsh zirillar bir so‘zni aytsam,
Yo‘qsa qalbda zilzila tinmas.
Tag‘in itday kelurman qaytib,
Jarlik — qayon yo‘limni bursam,
Yurmayman-ku bir umr daydib,
Yutaman, der uyimga kirsam.
Ko‘rgim kelar bir muslimani
(O‘t tushgan dil ketadi muzlab)
Duo qilib o‘ltirsa mani,
Oyday bo‘lib joynamoz uzra.
Janozaga borsam negadir
Ko‘zim quvnab bo‘lurman behol.
Faqat shunda o‘xshaydi axir
Er erkakka, ayolga ayol.
Bir dard o‘rtab yubordi dilni,
Yozarkanman titradi qo‘lim:
O‘z asliga qaytarsa elni,
O‘lim bo‘lsin har kuni, o‘lim.
Kechir, tangrim, qil umrin uzun,
Bejiz emas lek shikoyatim:
Shunday zo‘r xalq hattoki bugun
Anglamayur hijob oyatin.
Aytay qo‘lim ko‘ksimga qo‘yib —
Keksalar ne qilmish hikmatlik.
Qayga kirsa, chiqsa-da doim
«Po‘sht!» der edi bobom rahmatlik.
O‘v, qandayin zamon o‘zi bu,
Chirt yummasang bo‘lmagay ko‘zni.
Ko‘plar bundan chekmaydi qayg‘u,
Faqat hammol aytar bu so‘zni.
Hay, onalar, buncha «botir»siz —
Tirik ota qolmaganmi yo?
Kizlar, qayon ketayotirsiz —
Axir ko‘cha uy emas aslo.
Yoshligimda eshitgan so‘zlar
Hanuz yodda sanchilib turar:
«Faqat erkin, mastura qizlar,
Pok ayollar hijobda yurar!»
Do‘stlar, mendan ranjimang hecham,
Bu so‘z avval o‘zimga o‘qdir —
Anglaganim shulki, chinakam
Er yo‘q joyda ayol ham yo‘qdir.
...Nizo chiqib mahr bobida,
Er asabiy, xotin norozi.
Adl qilmoq ishtiyoqida
Ikki guvoh so‘raydi qozi.
«Paranjida kim bor — bilmasak,
Yuzin ochsin», deydi bir guvoh,
Er — erkak-da. Bir qalqdi yurak —
Hali bekor bo‘lmagan nikoh.
«Yo‘q, ochmaysan yuzingni. Ishon,
Kamlik bo‘lmas mahrdan», dedi.
O‘z qadrini anglagan juvon:
«O‘tdim mahr bahridan», dedi...
Balki naqlim kelgandir malol,
Tuyulgandir havoyi so‘zdek.
«U arab-da», dersiz ehtimol,
Tinglang, qandoq bo‘lgandir o‘zbek:
Necha yillar o‘tsa-da hanuz
Haddim sig‘mas aytgali otin.
Polvon bo‘lib tanildi bir qiz,
Yiqar edi bor yigit zotin.
Tomoshabin ahli bo‘lgan jam,
Kurash hali boshlanmay turib —
Kirib keldi qurga bir odam
Va qizni dast oldi ko‘tarib.
So‘ng uyiga ketaverdi jim,
Qizig‘i — qilt etmadi qiz ham.
«Guvoh bo‘ling, nikoh o‘qidim!»
Dedi uydan chiqqan bir odam.
Kirib ketdi er yelkasida,
Kelin bo‘lib o‘n o‘g‘il tug‘di.
Yillar o‘tib, el yelkasida
Ya’ni o‘lib, tobutda chiqdi...
Itqitaman birdan qalamim,
Tugab bitar tamom bardoshim.
Kimdan olay endi alamim,
Qayga uray egilgan boshim?
Qalbda nedir borardi nurab,
Holim kabi parishon so‘zim.
Kirsam, uyda oq ro‘mol o‘rab,
Oyat yodlab o‘ltirar qizim.
Qaytarkanman oyoq uchida,
Yengil edim uchayotgandek.
Ollohga hamd aytdim ichimda,
Uzoq turib qoldim shunday tek.
Bu his qalbdan g‘amni aritgay,
Yog‘ilgaydir nur hayotimga.
Uzoq yillar qalbim yoritgan
Bir hikoyat tushdi yodimga.
Tong yulduzi ketolmay hayron,
Subhi kozib qilsa-da firib.
Subhi sodiq kelar-da shu on
Umarxon shart ketadi turib.
Cho‘chib tushar — umrida ilk bor
Bosh ustida ko‘rib osmonni.
Otlar borar yo‘rtib. Hoy, kim bor,
Kim so‘raydi usiz Qo‘qonu?
Bu aroba kimniki? G‘amgin
Turgan ayol malikami, kim?
O‘z juftidan yuzini nechun
Yolib olgan Nodirabegim?
— Chiqib ketdik qachon shahardan,
Ayting, qayon ketmoqdadirmiz;
Ko‘rinmaydi bironta odam,
Nechun axir ikkimiz yolg‘iz?
Javob berar malika behol:
— So‘zdan xanjar urdingiz jonga:
«Ne istasang xazinadan ol,
So‘ng taloqsan, ket Shahrixonga!»
Amringizni bildimu vojib,
To‘liq ado etayotirman.
Eng kerakli, qimmatbaho, deb
Sizni olib ketayotirman...
So‘z deyolmay qolgan Umarxon
Bir uradi peshonasiga.
Qayta nikoh o‘qitib, shodon
Kirib kelar koshonasiga.
...Men moziydan so‘z ochdimmi, bas,
Qilishim shart qissadan hissa.
Ammo netay, bularni emas,
O‘shalarni bir ko‘rgim kelsa...
A’zam O‘KTAM
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”