21:39 / 15.08.2018
16 322

Farishtaning duosi… (o‘qing faqat yig‘lamang)

Farishtaning duosi… (o‘qing faqat yig‘lamang)
Uni kasalxonaga og‘ir ahvolda olib kelishdi. Kuchli zarbalardan ichki a’zolari ham yorilib ketgan edi. Tezkor guruh chaqirilmagunga qadar bu ishni kim qilganini shifokorlar bila olmadi. Bolaning tepasida izzillab yig‘layotgan ona ko‘ksiga mushtlar, ammo nimanidir yashirayotgani ko‘zlaridan ma’lum edi.

Tergovchi, bola bechora katta odamning tepkisi tufayli shu ahvolga tushganini aniqlaganida, u sun’iy nafas apparatiga ulangan bo‘lib, joni qil ustida turardi. Shundagina ayol, erining ishlari yurishmay, alamini ichkilikdan olayotganini aytib, ko‘zida yosh bilan iltijo qildi:
— Ichib kelganlarida oshxonada edim. Odiljon yo‘lakda o‘ynayotgan ekan. Yosh bolada, dadasining qay ahvolda kelganini bilmay muzqaymoqqa pul so‘rabdi… Ko‘rganimda shu ish bo‘lmasdi.

Afsus, uning ahvoli yomonlashdi. Qo‘llaridan kelgan choralarni ko‘rib, yetkazilgan jarohatlar hayot bilan zid ekanidan ilojsiz qolgan shifokorlar onaizorni uning oldiga kiritishdi. Koma holatida yotgan bolakay yuz-qo‘llalarini o‘pib yig‘layotgan onasining ovozidan o‘ziga kelib ko‘zlarini ochdi. Og‘ziga tirkalgan sun’iy nafas olish apparatini olib tashlab gapirishga chog‘landi:
– Oyijon men muzqaymoqqa emas, dori uchun pul so‘ragan edim. Yuragingiz sanchayotganini aytgan edingiz. Shunga….
U og‘ir nafas ola boshladi. Ammo shoshib qolgan doktorlarni to‘xtatib, gaplarini aytib olmoqchi ekanini ishora bilan tushuntirdi.
– Oyijon, yig‘lamang! Dadam endi ichmaydi.

– Ey, ichmay o‘lsin! Seni shu ahvolga solgandan ko‘ra oyoqlari sinsa bo‘lmasmidi?
-Oyijon qarg‘amang! Oyoqlari sinsa, yura olmaydilarku.
U eshikka umidvor termildi. Agar hozir otasi kirib kelsa, bag‘riga otilib, mahkam quchoqlashga tayyor edi. Ikki soat avval ko‘zi qonga to‘lib, vahshiylarcha do‘pposlagan mal’unni emas, bir vaqtlar yelkasida ko‘tarib, u bilan o‘ynagan, do‘konga yetaklab chiqib mashinachalar olib bergan mehribonini so‘ngi bor ko‘rgisi keldi. Umidi so‘ngach, bir chekkada turgan tergovchini yoniga chaqirdi.

– Milisa tog‘a, iltimos, dadamni qamamang. Ular juda yaxshi. Mana ko‘rasiz, yana avvalgiday yaxshi dada bo‘ladi. Chunki men farishtaga aylanib, uni har doim duo qilib turaman.
Turli jinoyatlarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan tajribali organ xodimi o‘zini to‘xtata olmadi. Ko‘zlaridan shashqator yosh quyilib, bolaga va’da bergachgina uning joni uzildi…

Ammo, Qonun, har qanday va’dadan ustuvor edi. Oilasi va boshqa bolalari borligi inobatga olinib, yengilroq jazo tayinlandi. Ota bu gunohni ko‘tara olmay, qamoqdayoq joniga bir necha marta qasd qildi, o‘la olmadi. Panjara ortidagi xo‘jayinlar esa, mahkum atayin shu gunoh bilan yashash uchun uni jazolamadilar….

Mijjalariga qalqigan yosh bilan voqeani hikoya qilib bergan onaizorga yuzlandim:
– Eringiz qamoqdan chiqibdi. Endi ichmay qo‘ydimi?
U chuqur xo‘rsindi. Qo‘lida besh yoshlardagi shiringina o‘g‘lining jilmayib turgan suratini ko‘rsatar ekan ovozi titrab javob qaytardi…
-Ha, insof berdi. Ammo, kattalarning aqli kirishi uchun, shunday farishtalarning ko‘payishi shartmikan? U dadasining tushiga kirganida ham faqat duo qiladi..

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Farishtaning duosi… (o‘qing faqat yig‘lamang)