
Svetoforning qizil chirogʻida yangi boy “Mersedes”da kelib toʻxtagan ekan, orqadan “Zaporojes” kelib urilibdi. Yangi boy jahl bilan pastga tushibdi. “Zaporojes” haydovchisi 80 yoshli otaxon ekan.
— E, ota, koʻzga qarab yursangiz boʻlmaydimi? — debdi yangi boy. — Qizilda toʻxtash kerak edi! Nega toʻxtamadingiz? Tormozingiz ishlaydimi oʻzi?
— Yoʻq, — debdi qariya boʻsh kelmay. — Tormoz 20 yildan beri ishlamaydi.
— Xoʻsh, endi nima qilamiz? Qanday tuzatib berasiz mashinamni? Koʻring, dabdala qip tashladingiz! Melisa chaqiraveraymi?
— Melisani nima qilasan urintirib? Buyoqqa yur, hozir toʻlab qoʻyaman oʻsha pulni! Yur, chiq mashinamga!
— E, ota, boʻladigan gapni gapirsangiz-chi! Oʻzingiz shalogʻi chiqqan “Zaporojes”da yuribsiz-u, katta gapirishingiz nimasi?
— Toʻlayman dedimmi, demak toʻlayman! Chiq dedim mashinaga!
Yangi boy ensasi qotib qariyaning mashinasiga oʻtiribdi.
— Sen 80 ga kirgan odamni kamsitding-a? — debdi qariya. — Otangdanam katta odamni ranjitding-a? Hozir koʻrasan, toʻlayman! Xoʻsh, qancha boʻladi?
— Qoʻysangiz-chi ota, — debdi kulgisi qistab yangi boy. — Boʻladigan gapdan gapiring!
Qariya unga alam aralash qarab olibdi-da, debdi:
— Hozir koʻrasan! Mashinang-u, uyingminan qoʻshib sotvolaman hozir!
Shunday deb qariya qoʻliga oʻrindiq ostidan xum olibdi va ogʻiz qismini bir-ikki ishqalab nariga qoʻyibdi. Bir payt shovqin koʻtarilib, shundoq tepalarida haqiqiy jin paydo boʻlibdi.
— Assalomu alaykum, xoʻjayin! — debdi jin ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib. — Xizmatingga muntazirman!
Yangi boy bu manzarani koʻrgandayoq tamom boʻlayozgan ekan. Bir qariyaga, bir jinga qarab nimadir demoqchi boʻlibdi-yu, qoʻrquv ustun kelibmi, gapira olmabdi. Qariya esa xotirjamlik bilan jinga buyuribdi.
— Boshlanishiga bir choynak achchiq koʻk choy damla!
— Bosh ustiga, xoʻjayin!
Jin choy olib kelish uchun koʻzdan gʻoyib boʻlishi bilan yangi boy jonlanib qolibdi.
— O-ota, b-bu jin-a? H-haqiqiy jinmi?
— Ha, — debdi qariya yangi boyga mensimaygina boqib. — Rostakam jin bu! Koʻrdingmi? Meni yomon ranjitding lokigin, bolam!
Yangi boyning miyasi allaqachon boshqa xayollar bilan chirmalib boʻlgandi. Nimalarnidir hisob-kitob qilib, hovliqqancha qariyaga yuzlanibdi.
— Ota, anavi remontniyam, mashinamniyam qoʻyavering! — debdi u. — Ha, endi bu yaroqsiz boʻlsa, boshqasini sotib olaveraman. Siz… Mana shu jinni menga sotmaysizmi?
— Jinni-ya? Hayronman…
— Hamma buyruqni bajaradi-a?
— Koʻrding-ku!
— Boʻpti, gapning dangalini ayting! Qancha beray? Hozir qoʻngʻiroq qilaman, yigitlarim mana shu yerga opkelishadi pulni!
— Hayronman, — debdi qariya. — Shu jinga ja oʻrganib qoluvdim-da! Qoʻymading-qoʻymading-da! Mendanam qaysar bolaykansan! Boʻpti, 50 milyon koʻkida beraqol!
— Shu xolosmi?
— Ha, shu xolos.
Yangi boy unisi-bunisiga qoʻngʻiroq qilib qariya aytgan pullarni opkeltiribdi. Qariya esa xumni yangi boyning qoʻliga tutqazibdi-yu, pullarni olib “Zaparojes”ida uyiga joʻnabdi.
Yangi boy azbaroyi xursandligidan uyiga qanday kelganiniyam sezmay qolibdi. Ichkariga kiribdi-yu, xotinini koʻzdan panaroq xonaga yetaklab kiribdi va eshikni ichkaridan tambalabdi.
— Biz hozir dunyodagi eng boy odamlarga aylanamiz, xotin, — debdi hovliqib. — Men haqiqiy jin topib oldim.
— Voy, alahsirayapsizmi? Qanaqa jin?
— Hozir koʻrasan.
Yangi boy xumning ogʻiz tarafini bir-ikki ishqalagan ekan, birdan shovqin koʻtarilib, shundoq tepasida ulkan jin paydo boʻlibdi.
— Assalomu alaykum, xoʻjayin, — debdi jin ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib. — Xizmatingga muntazirman!
Yangi boy “Koʻrdingmi?”, degandek ogʻzining tanobi qochgancha xotiniga qarab qoʻyib jinga yuzlanibdi.
— Menga boshlanishiga bir milliard koʻkida hozir qil!
— Buning iloji yoʻq, — debdi jin. — Meni qiynamang!
— Mayli, bir milyon dollar paydo qilib turaqol!
— Sirayam iloji yoʻq buning!
— Ie, nega iloji yoʻq? — tutoqib ketibdi yangi boy. — Hech boʻlmasa mana shu uyimning yonida bundanam hashamatliroq uy paydo qila olarsan?
— Sirayam iloji yoʻ-oʻq! — ogʻir xoʻrsinibdi jin.
Yangi boy boʻlaricha boʻlibdi. Jinni qaysarga yoʻyib… Nima deyishni bilmay… Oxiri soʻrabdi:
— Vey, tasqara, qariyaning oldida ja uddaburon eding-ku!?. Nima keladi oʻzi qoʻlingdan?
— Qoʻlimdan koʻk choy damlash keladi xolos, xoʻjayin!..
Yangi boy bu gapni eshitibdi-yu, miyasi gʻuvillab, boshi gir-gir aylanib, yuragida sanchiq turib kutilmaganda polga yuztuban qulabdi.
Manba: Hordiq.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar