— To‘yni tezlatamizmi? — so‘radi Bilol restoranga kirib joylashishgandan so‘ng xavotir aralash. — Yoki…
— Tavba qildim, — dedi Nasiba hiyla bosh egib. — Kecha tanishdingiz-u, darrov to‘y haqida gapirishingiz nimasi? Sizni hali yaxshi tanimasam, kimsiz, qanaqa oiladansiz, bilmasam… Ayting, shularni bilmay turib qaysi qiz to‘yga rozi bo‘ladi?
— To‘g‘ri, — asabiy lab tishlab boshini sarak-sarak qildi Bilol. — Buyog‘ini o‘ylamabman… Umuman, bemalol surishtiraver! Buxoroga borsang, hammasini bilvolasan. Onam o‘lib ketgan. Otasiz o‘sganman Nuri ammamning qo‘lida. Ammam ham maktabni tugatib ulgurmasimdan pochchamning gapi bilan meni haydab solgan. O‘shandan beri shahardaman. O‘zim yig‘ladim, o‘zim yupandim. Boylarnikida go‘ng ham tashidim, yer chopdim, ishqilib qornimni to‘ydirdim. O‘zim o‘qishga kirdim. Mening boshqa o‘rganadigan tomonim yo‘q.
— Kechiring, — Nasiba Bilolga yer ostidan qarab turib juda achinib ketdi. Shu sababmi, yanada mehri tovlandi. — Yarangizni yangilaganim uchun kechiring. Men shunchaki hazillashgandim. Aslida unaqa qizlardan emasman. Yuzlaringiz hammasini, qanday odamligingizni aytib turibdi. Iltimos, kechiring, boshqa so‘ramayman. Xotirjam bo‘ling, to‘y tez kunda bo‘ladi. Faqat… Yaxshi yigit, to‘ydan oldin ZAGS degan narsalar bo‘lardi. Zagsdan o‘tib olish kerak emasmi?
— E-e-e, buyog‘ini o‘ylamabman, — battar tundlashdi Bilol. — Axir… Shaharda ro‘yxatda turmagan odam ZAGS dan o‘ta olmaydi-ku! Yo‘q, ikki-uch kunda hal qilaman buniyam.
— Nimani hal qilasiz? Tushunmadim.
— E, yotoqxonada turmay qo‘yganim uchun ro‘yxatdan o‘chirib tashlashibdi. Erta-indin tanish bolalarga aytib, iltimos qilib, ro‘yxat masalasini hal qilaman.
— Hech kimdan hech narsani iltimos qilmaysiz, — dedi Nasiba. — Mening uyimda ro‘yxatdan o‘tasiz. Endi bir kamingiz arzimagan ish uchun boshqalarga yalinib yurishmidi? Hecham unday qilmaysiz!
— Rahmat, — dedi bo‘shashib Bilol. — Farishtaning o‘zi ekansan. Hoynahoy xudo shuncha qiynalganlarim uchun atayin seni ro‘para qilgan shekilli. Ishon, sendaqa qizni umrimda uchratmaganman. Haligi… Hozirgi qizlar muammongni ayta boshladingmi, tamom, shartta o‘rnidan turib ketib qolishadi.
— Men ketmayman, — dedi Nasiba. — Mendan osonlikcha qutulib bo‘psiz! Yerga kirsangiz qulog‘ingizdan, osmonga chiqsangiz, oyog‘ingizdan tortib olaman. Qani, qutulib ko‘ring-chi!
— Qutulib jinni bo‘libmanmi? — chuqur xo‘rsinib javob qildi Bilol. — Seni zo‘rg‘a topdim-ku o‘zi! Jonimda qasdim yo‘q.
— Jonning nima dahli bor bunga?
— Iye, seni yo‘qotsam jonim chiqib ketadi, axir! Yo ishonmaysanmi?
— Mayli, buni qo‘yib turing, — dedi Nasiba. — Faqat rostingizni ayting… Faqat… Xafa bo‘lmang!.. Og‘zi kuygan qatiqniyam puflab icharkan-da! Siz… Narkomanmasmisiz?..
Bilol kutilmagan savolni eshitdi-yu, yalt etib Nasibaning ko‘zlariga boqdi.
— Haliyam menga ishonmaysanmi?.. Ha-ya… Anavi… Furqat… Ishon, jonim, men narkomanmasman. Undaylardan hazar qilaman. Ishonmasang, ana, o‘qishimga borib surishtir! Qo‘rqadigan yerim yo‘q.
— Qiziqmisiz? Qayoqdagi gaplarni gapirmang! Shunchaki… Narkomanlarga yo‘liqaverib qo‘rqib qolganman. Shunga so‘radim… Mayli, ketamiz endi.
— Haligi… To‘y masalasini aytmading-ku!..
— To‘ymi? Bo‘ladi to‘y! Yaqin kunlarda bo‘ladi! Tayyorgarchilikni ko‘ravering, kuyov bola!..
Bilol azbaroyi sevinib ketganidan yo‘l-yo‘lakay Nasibani mahkam quchdi-yu, tamshana-tamshana sochlarini hidlay boshladi.
* * *
To‘polon bilan to‘y ham o‘tdi. Bir-biriga tashna ikki qalb rosmanasiga birlashdi. Ko‘ngillar bir-biridan to‘ygunicha suv ichadigan bo‘ldi. Ayniqsa, Nasibaning quvonchi bag‘riga sig‘masdi. Har qadamda Bilolni Furqatga taqqoslardi. Baribir Bilol ustun kelaverardi. Ichmasa, chekmasa, vaqtida uyga kelsa, har bir ishni bamaslahat ado etsa… Bundan ham Bilolning mustaqilligi, hech kimga yalinib, bo‘zrayavermasligi Nasibaga juda yoqib tushgandi. Shu jihati ham Furqatga butkul tersligini ko‘rgani sayin quvonardi. Har bir harakatni sodir etishda juda ehtiyotkorona yo‘l tutardi. Har safar bir paytlar Furqatnikidagilar hovlisiga kirib kelgani, mensimaygina, dimog‘i osmon holatda onasining qo‘liga pul tutqazganlari, ona-bola shunchalar ojizliklarini ularning ko‘zlarida ko‘rib bosh egganlari, Furqatning oilasidagilardan bir necha o‘n pog‘ona past ekanliklari alam qilgani ko‘z o‘ngida gavdalanib Nasibani ehtiyotkorlikka undardi. O‘zining o‘rniga Bilolni qo‘yib ko‘rardi-yu, sergak tortardi. Ammo…
To‘y o‘tganiga ikki hafta bo‘lgandi. Yakshanba bo‘lgani bois Nasiba do‘konlardan kechga yaqin xabar olishga ahd qilgandi. Shuning uchun bemalol uxlagandi. Ertalab seskanib uyg‘ondi-yu, yonida Bilol yo‘qligini ko‘rib joni chiqayozdi. Dast o‘rnidan turdi-yu, derazadan hovliga mo‘raladi. Mashinasi joyida turibdi.
— Qiziq, — dedi o‘ziga o‘zi apil-tapil kiyinib tashqariga yo‘l olarkan. — Bunaqa odati yo‘g‘idi shekilli. Qayerga keta qoldiykin?
Hovlida Nafosat aya aylanib yurar, yuzlari tund edi.
Nasibaga ko‘zi tushib zo‘rma-zo‘raki jilmayish qildi.
— Kuyovingiz qayerga ketdi, oyi? — so‘radi Nasiba. — Sizga aytdimi?
— Ha, o‘qishiga ketganmish.
— Bugun yakshanba-ku!
— Bilmasam, o‘ziga qo‘ng‘iroq qip ko‘r! Menga shunaqa dedi. Turishidan… Kayfiyati yomon emasdi. Ha, endi biror zaril ishi bordir-da!
Nasiba indamay xonasiga qaytdi va qo‘l telefonini olib Bilolning raqamini terdi. Ikki marta gudok ketgandayoq Bilol go‘shakni ko‘tardi.
— Ha-a, yaxshi yigit, — dedi Nasiba har galgidek erkalanib. — Nega meni tashlab ketdingiz? Qayerdasiz?
Bilol bir muddat sukutga toldi. Bu ham Nasibaning yuragini battar o‘rtab yubordi.
— Gapira qolsangiz-chi, — endi yig‘lamsiragan ko‘yi so‘z qotdi u. — Yuragim to‘xtab qoladi hozir.
— Xavotir olma, — dedi nihoyat Bilol. — O‘qishimga keluvdim. Aniqrog‘i, yotoqxonaga. Meni… O‘qishdan haydashmoqchiykan.
— Haydashmoqchi? Kim? Nega haydaydi? Nima ayb qilibsizki, haydashadi?
— Kontrakt pulini to‘lay olmagandim vaqtida. Shunga…
— Uf-f, biror jiddiy aybmikan deb o‘layozdim-a! Shuni menga aytsangiz bo‘lardi-ku indamay chiqib ketmay!
— Sen shundog‘am charchagansan. Uyqungni buzgim kelmadi.
— Tez uyga keling, hammasini uyda gaplashamiz!
— Borolmayman. Bu ishni hal qilmasam bo‘lmaydi. Axir, qancha qiynalib o‘qishga kirganman.
— Menga qarang, qaysarlik qilmasangiz-chi! Keling! Hech kim sizni hech qayoqqa haydamaydi. Haydab ko‘rsin-chi, nima qilarkanman!
— Bo‘pti, — dedi sovuqqon ohangda Bilol. — Hozir yetib boraman!..
* * *
Oradan bir soatcha o‘tib Bilol bo‘shashgancha kirib keldi. Hovlida ko‘rpa qaviyotgan Nafosat aya bilan so‘rashgan bo‘ldi-yu, ichkariga o‘zini urdi.
— Qancha? — so‘radi Nasiba Bilol yoniga kelib o‘tirgach. — Xotiningiz tadbirkor bo‘la turib nega hammasini ichingizga yutyapsiz? Ayting, qancha pul o‘tkazsak, tilini tiyadi o‘sha domlalaringiz?
— Ular naqd oladi, — dedi Bilol shiftga hissiz nigoh tashlab. — Agar pul o‘tkazish mumkin bo‘lganda, allaqachon homiy topib tinchitardim.
— Hech qanaqa homiy topmaysiz. Menga ayting qanchaligini, vassalom!
— To‘rt milyon so‘m, — dedi Bilol mushtlarini tugib. — Aytdim-ku, katta pul!.. Eh, nimayam qila olardim?!.
— Xavotirlanmang, — dedi Nasiba. — Ertaga o‘sha to‘rt milyonni mendan olasiz-u, darrov oborib qo‘llariga tutqazasiz. Tushuntira oldimmi?
— Sendan? E, yo‘-o‘q, men umrimda ayol kishiga qaram bo‘lmaganman. Kerakmas! Peshonadagini ko‘raveraman. Bir menmidim o‘qishdan haydalayotgan?!.
— Haydalib bo‘psiz! To‘xtang, shu kungacha so‘ramabmanam. Qaysi fakultetda o‘qiysiz o‘zi?
— Xayriyat-ey, — deya majburan jilmaydi Bilol. — Xotinim mening o‘qishim bilanam qiziqarkan… Jurfakda o‘qiyman.
— Ha-a, shunaqami? Shuning uchun yoningizda diktofon ko‘tarib yurarkansiz-da! Menga qarang, tag‘in mening jamiki gaplarimni yozib yurib yuqoriga uzatvormang!..
— Jinnimisan? Nahotki, meni shunchalar pastkash deb o‘ylasang? Sezib yuribman o‘zi, tog‘angam negadir menga shubha nazariminan qaray boshladi. Hoynahoy, meniyam o‘g‘ri, qaroqchi, apris deb o‘ylayotgan bo‘lsa kerak!
— Tog‘amga e’tibor qilmang, — dedi Nasiba birdan jiddiy tortib. — U oyimning tug‘ishgan akasi, otamning o‘rnida otam. Shuning uchun yana chuv tushib qolmasin deydi-da! Asosiysi, men bilaman-ku kimligingizni! Shuning o‘zi kifoya qiladi!.. Xo‘sh, ertaga pulni olib ishni bitirasizmi? Faqat yo‘q deya ko‘rmang!
— Bo‘pti, senga yo‘q deb bo‘larmidi!?. — dedi Bilol og‘zining tanobi qochib. — Ertaga bo‘lsa ertaga-da!
* * *
Erta tongda odatga ko‘ra Nasiba hovliga chiqib dasturxon qarshisiga cho‘kdi. Bilol hali uyg‘onmagandi. Oyisining qo‘lidan choynakni oldi-da, bir piyola choy ichgan bo‘ldi. Nafosat ayaning negadir qovog‘i soliq edi. Ko‘ngli g‘ashlandi. Qalban dunyoning kutilmaganda ro‘baro‘ keladigan sinovlaridan, qiynoqlaridan, tasodiflaridan kuyib ketgandek bo‘ldi. Aslida bu holatini Nafosat ayaga sezdirmoqchi emasdi. Ichida saqlab tura olmadi.
— Oyi, tog‘am ham qayoqdagi gaplarni gapiravermasin, — dedi oxiri portlab. — Bilolning kimligini o‘zim bilaman. Nega tog‘am hadeb shubhalanaveradi?
— Ha endi, sen yana aldanib qolmagin deydi-da tog‘ang, — majburan kulimsirab javob berdi Nafosat aya. — Bilolingam o‘zi negadir keyingi vaqtlarda shubhalantiradigan bo‘p qoldi-da! Ichimdagini top deydi-yu, indamaydi. Tog‘ang shunisidan gumon qilyapti-da!
— U o‘zi shunaqa kamgap. Lekin ko‘ngli toza. Hali bir-ikki yil o‘tsin, ko‘nikadi yangi oilaga, ana unda gapiraverib zeriktiradi sizlarni.
— Iloyim shunday bo‘lsin!..
Nasiba bir soatcha vaqt o‘tgach, ishga otlandi. Va’da qilingan pullarni olib Bilolning qo‘liga tutqazgach, odatdagidek uni universitetga yaqin joydagi bekat yonida qoldirdi-yu, negadir jo‘nab ketishga shoshilmadi.
Bilolning ketidan o‘ychan qarab qoldi. Hadeganda tog‘asining achchiq-achchiq gaplari xayolida charx ura boshlagach, ko‘nglining allaqayerida bir tutam tuman paydo bo‘lgandek tuyuldi. Borgan sari tog‘asining shubhalariga ishona boshladi. Biroq shu zahoti iblisni haydab soldi.
— Bilol unday yigitmas! — deya baland ovozda so‘zlanib motorga o‘t qo‘ydi. — Ishonmasangiz ishonmang, tog‘a! Ammo men Bilolga ishonaman! U Furqat emas! Bilol sof vijdonli, mard yigit!..
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi