Hayotimizni dorixonasiz tasavvur qilolmay qoldik. Ko‘pchiligimiz sal deganda shu makonga yugurib boramiz. Yugurishdan bir lahza to‘xtab, insoniyat tarixi davomida — minglab yillar mobaynida odam organizmi oxirgi 50-60 yildagidek kimyoviy hujumga uchramaganini anglashga vaqtimiz yo‘q...
__________________________________
Dorixona (apteka, yunoncha ἀποθήκη — ombor so‘zidan) — dori vositalarini tayorlash, qadoqlash, tahlil etish va sotish bilan shug‘ullanuvchi maxsus, sog‘liqni saqlash tizimiga kiruvchi tashkilot. Mazkur tashkilotning faoliyati ta’rifida «aholiga farmatsevtik yordam berish», deb ko‘rsatiladi. Yordam esa «samarali, xavfsiz va iqtisodiy tomondan o‘zini oqlaydigan davolash kursini aniqlash uchun shifokorning bemorga beradigan maslahati»ni ko‘zda tutar ekan.
Xo‘sh, bizning dorixona tomon yurishlarimiz naqadar «samarali, xavfsiz va iqtisodiy tomondan o‘zini oqlaydigan» bo‘lyapti? Tanamiz ichiga ko‘p miqdorda hamda o‘ylamay jo‘natayotganimiz dorilar pirovardida unga — tanamizga foyda beryaptimi yoki hamma foyda-zararlarni jamlaganda zarar hissasi ko‘proq bo‘lyaptimi? Mavzu shu haqda.
Aytgancha, mazkur maqola dori ichmay qo‘yishga chaqiriq emas, aslo, balki «apteka» degan makon bilan shu kunda o‘rnatgan munosabatimizni jamiyat o‘laroq qaytadan bir taftish qilib, mazkur «do‘stlik»ni biroz tartibga solib olishga chaqiriq.
Antibiotiklar
Bir necha o‘n yil avval bitta antibiotik yordamida tanadagi infeksiya batamom yo‘q qilinar edi. Hozirda esa shifokorlar kuchli infeksiyalarga qarshi bir antibiotikni, u ta’sir qilmasa ikkinchisini, u ham ta’sir qilmasa uchinchisini — kuchlirog‘ini qo‘llayotganlarining guvohi bo‘lyapmiz. Nega?
Britaniyalik olim Aleksandr Flemingning 1929 yildagi kashfiyoti — yashil mog‘ordan olingan penitsillinning mikroblarni o‘ldira olish qobiliyati «antibiotik» deb nomlangan antimikrob preparatlar katta guruhi yaratilishiga asos bo‘ldi.
Endilikda bu — kasallik uyg‘otuvchi bakteriyalardan bizni himoyalovchi dorilarsiz hayotimizni tasavvur etolmaymiz. O‘z vaqtida o‘lat, sil, zotiljam (pnevmoniya), yiringli angina kabi epidemiyalarga barham berilishiga, operatsiya, jarohatlanish, kuyib qolish holatlarida qonga zarar o‘tib ketib qolishidan himoyalashga omil bo‘lib turgan narsa shu — antibiotiklar.
Bu dorilarni yaratib insoniyat kasalliklarga qarshi kuchli vosita topdi, ammo vaqt o‘tgani sayin mazkur vosita kuchsiz, bakteriyalar esa tobora kuchayib borayotganini sezdi. Aniq bo‘ldiki, bakteriyalar ham o‘zini bizdan himoya qilar ekan: ularga qarshi qo‘ygan moddalarimiz bilan «tanishishar», o‘z shakllarini o‘zgartirishar, ta’sirdan qochish usullarini topishar va alal-oqibat preparatlarimizga chidamli bo‘lib olishar ekan. Yarim asr avval yaratilgan va o‘z vaqtida bakteriyalarga qarshi samarali bo‘lgan antibiotiklar hozirda ta’sir kuchiga ega emas.
Sabab esa — antibakterial vositadan ko‘r-ko‘rona, palapartish foydalanish.
Ko‘plab rivojlangan mamlakat tibbiyotchilari antibiotiklarga nisbatan o‘z qarashlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lishyapti. Antibiotiklar faqat favqulodda holatlardagina qo‘llanilishi kerakligi, aks holda ularni qabul qilish bakteriyalarni «emlash» — bakteriya organizmini tashqi ta’sirlarga chidamli qilish ekanligini ta’kidlashyapti.
Insoniyat oxirgi yarim asrda antibiotiklarni «ko‘p va xo‘b» — tartibsiz iste’mol qilishi oqibatida bakteriyalarning ta’sirga chidamliligi (rezistentligi) muttasil ortib bordi va endi ularga qarshi kurashish qiyin bo‘lib qoldi. Kamiga o‘ta chidamlilik — hech bir antibiotik yenga olmaydigan bakteriyalar paydo bo‘lishi haqida gapirilyapti.
AQSh sog‘liqni muhofaza qilish qo‘mitasi mamlakatda amalga oshirgan tekshirishlar natijasida superbugs (amerikaliklar bu nom bilan barcha kuchli bakteriyalarni atashadi) deyarli hamma joyda — maktab oshxonalarida, ishxonalarda, yotoqxonalarda va ayniqsa... tibbiy muassasalarda topildi. Ulardan himoyalanish vositasi esa — odam organizmi immuniteti va ehtiyot choralari ekanligi ta’kidlandi.
Bakteriyalarning o‘ta tez moslashishi (kuchayishi) qayd etilgan. Ma’lumki, birinchi chidamli stafilokokk antibiotiklar ishlatila boshlashgandan uch yil o‘tib aniqlangan. Va bunday moslashuvchanlikni yengib o‘tadigan preparatlar paydo bo‘lishiga umid yo‘q ekanligi tan olinmoqda.
Odatiy manzara — shamollagan kishi dorixonaga yuguradi va sotuvchidan «yaxshiroq» antibiotik so‘raydi, sotib olib uyiga borib «davolanadi».
«Antibakterial preparatlarning 90 foizigacha miqdori respirator (shamollash) kasalliklarga qarshi odamlar tomonidan iste’mol qilinmoqda. Holbuki, shamollash bu virusli kasallik bo‘lib, oxirgi tadqiqotlar antibiotiklarning viruslarga ta’siri go‘yo S vitaminining tasiri kabi ekanligini aniqladi» — deydi «Klinik kimyoterapevtlar va mikrobiologlar Alyansi» mintaqalararo jamoat tashkiloti prezidenti Sergey Yakovlev. Ya’ni shamollashga kurashish uchun antibiotiklar iste’mol qilish aksar holatlarda foydasizdir!
Antibiotiklarni iste’mol qilish nafaqat bemorlar tomonidan, balki shifokorlar tomonidan ham sodir etilayotgani sir emas. Ko‘pincha bu holat mikrobiologik diagnostikaning yo‘qligi sababidan bo‘ladi. Lo‘nda qilib aytganda, shifokor ma’lum bakteriya shtammiga ma’lum antibiotik ta’sir etishini aniqlay olmaydi va har ehtimolga qarshi kuchliroq antibiotikni tayinlaydi.
Hech bir rivojlangan mamlakatda antibiotiklar retseptsiz sotilmaydi!
Ma’lum antibiotikni tayinlash uchun shifokor ko‘plab faktorlarni hisobga oladi. Yuqori malakali mutaxassis ham doim to‘g‘ri terapiyani belgilay olmasligi mumkin. O‘zbilganicha antibiotiklar bilan davolanish esa samara bermasligi shundan ham ayon, buning ustiga allergiyaga olib borishi ehtimoli yuqori.
Mutaxassislar tan olishyapti — antibiotiklarni qo‘llash ustidan qattiq nazorat o‘rnatilmasa, ularni iste’mol qilishda palapartishlikka barham berilmasa hozirda ta’sir kuchiga ega bo‘lib turgan, qiyin vaziyatlarda asqotib turgan antibiotiklar sinfi batamom yo‘qotiladi va insoniyat antibiotiklar mavjud bo‘lmagan davrga yana qaytadi.
«Ximiya»
Insonga o‘z tanasini tushunish, uni «eshitish», his qilishni o‘rgatish o‘rniga kimyoviy vositalarni iste’mol qilib qo‘yib «tinchgina yurish»ni o‘rgatish zamonaviy tibbiyot olgan yo‘nalishdir. Bu tibbiyotni to‘liq qoralashga chaqiriq emas, balki mavjud voqeligimizni ob’ektiv anglashga chaqiriqdir. Aksar bizni, tanamizni qiynayotgan dardlar aslida o‘z tanamizni tushunmaganimiz oqibatidir. Bizga esa bu dardlarning davosi sifatida tushunishni emas, balki kimyoviy vositalar taklif etiladigan davrda yashayapmiz. Shifokor qabuliga kirgan bemor bemorligining asl sabablari haqida ma’lumot olmaydi, balki uning qo‘liga dorilar ro‘yxati tutiladi. U tanasi haqida oshgan bilimi bilan emas, mazkur ro‘yxat bilan shifoxonani tark etadi va uyiga ichishi lozim bo‘lgan kimyoviy vositalar bilan qaytadi. Bemorligining sababi noto‘g‘ri hayot tarzi ekanligi, uni — hayot tarzini o‘zgartirishi kerakligi haqida unga qat’iy tarzda hech kim gapirmaydi.
Farmatsevtika
Zamonaviy farmatsevtikaning ba’zi xususiyatlari:
- kasalliklarning sabablari bilan emas, balki tananing kasallikka nisbatan reaksiyasi bilan kurashuvchi vositalarni ishlab chiqish (isitma bilan ko‘r-ko‘rona kurashish — misol);
- dorilarning tarkibini ishlab chiqishda kimyoviy vositalarga ko‘proq suyanish;
- dorilarni ishlab chiqishda uzoq muddatli samara (bemor kasallikdan to‘liq forig‘ bo‘lishi) ko‘zlanmasligi, balki odamni tez fursatda oyoqqa turg‘azib qo‘yishni maqsad qilish;
- dori ishlab-chiqarish mega-industriyaga aylangani.
Aksar dorilar uzoq muddat sinalmasdan sotuvga chiqadi. Tarkibi ko‘pincha notabiiy bo‘lgani bois chuqur tekshirilishi lozim bo‘lgan preparatlar marketing taqozosi ila yuzaki sinovdan o‘tadi, keyin yillar davomida odamlarda «sinaladi».
Katta industriyaga aylangani bois farmatsevtik tashkilotlarning faoliyati yo‘nalishini tekshirish, strategiyasida yashiringan hiylalarni oshkor qilish mushkul bo‘lib kelyapti. Yo‘nalish va maqsad odamlarni davolashga qaratilganmi yoki asosiy istak pul ishlashmi — ommaga qorong‘i.
Rivojlanmagan davlatlar — asosiy bozor
Rivojlangan davlatlarda omma kimyoviy vositalardan imkon qadar voz kechish kerakligini, tabiiy vositalarni ko‘proq qo‘llash kerakligini tushunib yetyapti.
Iqtibos: «Amerika shifokorlari avvalgidan ko‘ra ko‘proq tabiiy vositalarni taklif qilishyapti — masalan, chuqur jarohat va kesilish holatlarida asalli plastirlarni. Bu plastirlarning antibakterial ta’siri kuchiga qarab 25 xili bor. Odam organizmini antibiotiklarga o‘rgatib qo‘ymaslik uchun barcha choralar ko‘rilyapti, chunki antibiotiklar eng og‘ir — favqulodda holatlarda odamga juda asqotadi» («Argumentы i faktы», 2017 y.)
Buning teskarisi — rivojlanmagan davlatlar. Bunday davlatlarda dorilarni palapartish iste’mol qilish, rivojlangan davlatlarda qattiq cheklovlar bilan sotiladigan dori vositalarining bemalol sotilishi, mavjud sog‘liqni saqlash tizimi eskirib qolgan tamoyillar bilan yuritilishi va sog‘lom turmush madaniyatining pastligi natijasida mazkur davlatlar yaxshigina «dori bozori»dir. Xususan, turfa nomlar bilan chiqariluvchi, aslida tarkibi aynan bo‘lgan antibiotiklarni sotish uchun qulay bozordir.
Xulosa o‘rnida
Sog‘lik ne’matiga nisbatan munosabatimizni shakllantirmog‘imiz, uning nimaligini his etmog‘imiz, anglamog‘imiz, qay ustunlarda sobit ekanligini, uning xizmatida immunitet degan tirik, tarkibida milliardlab «askarlari» bo‘lgan tizim turganini va bu tizimni asramoq kerakligini tushunmog‘imiz lozim. Apteka tomon yurayotganimizda mazkur haqiqatlarni yod etmog‘imiz zarur.
Shokir Sharipov
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi