16:13 / 29.11.2018
2 789

Biz eng yaxshisiga loyiqmiz!

Biz eng yaxshisiga loyiqmiz!
Biz mehmonsevar xalqmiz. O‘z bolamizga pishirmaydigan ovqatlarni mehmon uchun tayyorlaymiz, farzandimiz yemaydigan shirinliklarni mehmon uchun asraymiz. Uyimizning eng yaxshi joyini musofirimizga ajratamiz.

O‘zimizdan qiyib yuzlab, minglab odamlarni to‘yga chaqirib, to‘q qorniga turli nozu ne’matlarni tiqishtiraveramiz. Vaholanki to‘ylarda hech kim qo‘l urmagan salat yoki shirinlikka qaraylik: uni har kuni uyimizda dasturxonimizga qo‘ya olamizmi?

Do‘st-u, ulfatlar yig‘ilib qolsak shaharning yoki mamlakatning eng lazzatli taomi tayyorlanadigan joyiga boramiz, ko‘nglimiz tusagan taomlarga buyurtma beramiz. Ammo har doim ham ulardan bir luqma bo‘lsa ham oilamizga, farzandlarimizga olib kelolamizmi, ularga ham o‘sha lazzatli ovqatlarni ravo ko‘ramizmi?

Toki o‘zimizni ardoqlab, o‘z qadrimizga yetmas ekanmiz, o‘zimizni eng yaxshisiga loyiqligimizni bilmas ekanmiz, umrimiz qiyinchiligu mashaqqat ichida o‘taveradi.

Biz amaldorlar eng chiroyli muomalada bo‘lishi va hurmat qilishiga loyiqmiz – u bizga xizmat qilishi uchun ham o‘sha kursida o‘tiribdi. U olayotgan maoshda har birimizning haqqimiz bor.

Biz mehmonimiz emas, avvalo o‘zimizga eng yaxshisini ravo ko‘rsak, kelgan odam o‘sha eng yaxshilaridan bahramand bo‘laveradi.

To‘g‘ri, eng yaxshilarini ravo ko‘rish, unga erishish oson emas, hatto juda qiyin bo‘lishi aniq. Chunki eng yaxshilari – eng qimmatlari, eng bebaholaridir. Eng yaxshi liboslar, eng lazzatli taomlar, eng ko‘rkam ulovlaru shinam va qulay uylar – hammasi uchun tovon to‘lash qurbiga ega bo‘lish kerak.

Ammo bularning barchasiga erishish mumkin, buning oson yo‘li bor: o‘z dinimizni o‘rganishimiz kerak. Islom ilk davrida insonning aziz va mukarram ekanini ta’kidladi. U shox va xizmatkorlar, boy va qashshoqlarni, qul va xojalarni bir safga tizdi, ularning qalblarini bir-biriga yaqin qildi.

Islom insonni qanoatga, shukurga, qo‘lidagi eng yaxshilarini atrofidagilarga ravo ko‘rishni o‘rgatdi.

Islom insonni mag‘rur, ulug‘vor, vazmin va salobatli bo‘lishni o‘rgatdi.

Islom insonni ilm olishga, kasb va hunar egasi bo‘lishga da’vat qildi. Inson faqat ilm bilan yuksalishi mumkin. Barcha muammolar, qiyinchiliklarga ilm orqali yechim topish mumkin.

Eng asosiysi esa ishonch. O‘zimiz va boshqalarni eng yaxshilariga loyiq ekanimizga ishontirishimiz, eng yaxshilariga loyiq ekanimizga ishonishimiz kerak. Keyin esa eng yaxshisiga loyiq ekanimizni tan oldirishimiz kerak, talab qilishni o‘rganishimiz kerak.

Biz eng yaxshisiga loyiqmiz!
Sanjar SAID

Manba: Hordiq.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Biz eng yaxshisiga loyiqmiz!
[/banner_pushhouse