21:00 / 03.12.2018
4 177

Qum ustidagi imorat

Qum ustidagi imorat
Havoning tundligi, bir haftadan buyon quyoshning «yilt» etgan bir hovuch shu’lasi ko‘rinmagani yetmagandek, Muniraning ham ertalabdan qovog‘i ochilmaydi. Nonushta payti-ku, yegan-ichgani ichiga zahar bo‘lib kirmasin, deb Rahimaxon na Muniraga va na boshqalarga ortiqcha gap qilmadi. Nonushtadan so‘ng qoshiqni piyolaga urib, taraqlatib yig‘ishtirayotgan qizining yoniga kelib:

— Tinchlikmi? Namuncha qovog‘ingdan qor yog‘adi? Yomon tush ko‘rib, chap yoning bilan turdingmi? — dedi.

Munira onasining gapirishini kutib turgan ekanmi, yig‘lab yubordi.

— Anu o‘rtog‘ingiz… Obida xolam… Narimonga sovchilikka yurayotgan ekan.

Rahimaxon ham birdan bo‘shashdi. Bu nima degan gap? Axir onalari qolib momolari ham yaqin dugona bo‘lishgan. Narimon yo‘lga kirib, yugurib yuradigan bo‘lganida, mana shu Munira tug‘ilgan edi.

Chaqaloqning kichkina chillasi chiqqan kun bir uy ayolning ichida Obidaning rahmatli onasi «Xudo xohlasa, mana shu beshikdagi ko‘zlari munchoq qizchangni Narimonimga qilamiz», degan, ayollar «gurr» etib, fotihaga qo‘l ko‘tarishgan edi. Shu-shu, Muniraning bo‘yi cho‘zilib, yigitlarni ko‘rganida yuziga qizil yuguradigan bo‘lganidan buyon Rahima aya unga «Sen egaliksan. Obida xolang seni kelin qiladi, onalarimiz «Narimonga bo‘lsin», deyishgan», deya uqtirib keladi.

Narimon institutga kirganidan boshlab Rahimaxon fursat bo‘ldi deguncha Obidaga onalarining vasiyati haqida imo-ishoralar qila boshladi. Obida «ha», ham, «yo‘q» ham demas, «Yoshlar avval o‘qishini tugatishsin, hozir bir ishning boshini tutib, oila qurmasa, oson emas…» yoki «Munira tugmachadekkina qiz bo‘libdi. Xudo xohlasa, baxtli bo‘ladi», deb qo‘ya qolardi. Mana endi Narimonga boshqa ko‘chalardan qiz axtarayotgan emish…

— Kim aytdi senga bu gapni? Dugonalaring aytgan bo‘lsa, balki, g‘ashingni keltirishmoqchi bo‘lgandir. Shu zamonning qizlari rosa qitmir-da, o‘zi…

— Yo‘q, bolasini massajga olib kelgan Nafisa ismli ayol aytdi. Uning jiyaniga og‘iz solayotganmish…

Munira poliklinikada hamshira bo‘lib ishlaydi, demak, uning bu gapi rost…

Rahimaxon bir xayoli «Narimon o‘zi senga biron narsa deganmi?» deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, agar hech narsa deb og‘iz ochmagan bo‘lsa, qizining yarasiga tuz sepgandek bo‘lishini o‘ylab, indamadi. Birozdan so‘ng:

— Siqilma, bolam. Ko‘chada qolayotganing yo‘q-ku, Narimon bo‘lmasa, boshqasi, — dedi.

Muniraning qovog‘i battar tushib ketdi.

Rahimaxon qizining boshini siladi:

— Siqilma, dedim-ku. Barcha kasalliklar siqilishdan kelib chiqar ekan. Bir narsa o‘ylab toparmiz…

* * *
Rahimaxon chindan ham juda ko‘p o‘yladi. Axir o‘zi Obidaga qo‘ng‘iroq qilib «Men qizimni o‘g‘lingga asrab o‘tirgan edim», deya olmaydi-ku. Yoki Muniraning o‘zi Narimonga «Qanaqa yigitsiz qiz bolani intizor qiladigan?» deya SMS yoza olmaydi. Rahima ayaning kallasiga bir fikr keldi. Yana dugonasi Naziraning Narimon tengi o‘g‘li bor. Lekin bu dugonasi keyingi paytlarda Rahimadan biroz uzoqlashib qolgandi. Sababi, ular birga olisroq bozorga qatnab choyshab, yostiq , ko‘rpa-to‘shak jildlarini sotishar edi. Rahimaxonning tili chaqqonmi yo qo‘li barakaliroq edimi, molini Naziradan avvalroq pullab bo‘lar, keyin unga:

— Sen menga molingdan berib tur, ertaga olib kelib o‘rniga qo‘yaman, — derdi.

Nazira bir marta uning aytganini qildi, ikki marta. Uchinchi gal:

— Rahimaxon, siz chiroylisiz-u, ichingiz qora ekan. O‘sha kelgan xaridorga «Menda mol tamom bo‘ldi, sherigimdan ol», desangiz bo‘lmaydimi? — dedi.

— Savdoda bunaqasi ketmaydi, har kim o‘z ko‘mochiga kul tortadi, — dedi Rahima.

— Bo‘lmasa, o‘z ko‘mochingizga kul tortib yuravering. Men «Faqat o‘zim bo‘lay», deydiganlar bilan bordi-keldi qilmayman, — degandi Nazira.

Rahima unga ortiqcha gap-so‘z qilmagan bo‘lsa-da, ichida «Qilmasang, qilma, senga zor qolgan joyim yo‘q», deya Nazira bilan orani deyarli uzgandi.

«Nazira sodda, oqko‘ngil ayol. O‘g‘liyam o‘ziga o‘xshagan bo‘lsa kerak. Naziraga qo‘ng‘iroq qilib, uzatiladigan qizim borligini aytaman. Notanish odamlarga bergim kelmaydi. Shuning uchun «Uyga kel, o‘g‘lingniyam olib kel, yoshlar bir-birini ko‘rishsin, ma’qul bo‘lsa, to‘y qilamiz», deyman. Nazira kirishimli emas, hali sovchilikka yurmayotgan bo‘lsa kerak». Rahimaxonga o‘zining shu o‘ylagani yagona najot yo‘li bo‘lib tuyuldi. Obidani ham chaqiradi. Uning oldida Nazirani ko‘klarga ko‘taradi. Dugonasining bir qitiq patiga tegsin. Bir rashkini uyg‘otsin! Zora shunda Obida harakatga tushib qolsa.

Rahima aya ko‘nglidan o‘tganlariga o‘zi ishondi.

* * *
— Nazira, yaxshimisan? Rustamjon katta yigit bo‘lib yuribdimi?

— Rahmat, Rahima opa, tuzukmisiz? Nechuk biz g‘ariblarni yo‘qlab qolibsiz?

— Voy, nega unaqa deysiz? G‘arib deganlar ertaklarda qolib ketgan. Hozir hamma o‘z ko‘nglida sulton. Sizni, Rustamjonni bir ko‘rgim keldi-da, shanba kuni kechqurun uyga kelsalaring, bir o‘tirar edik…

— Tinchlikmi? Yo Munirani uzatyapsizmi?

— Bu nima deganingiz? Qizimni begonaga bergim yo‘q. Sinashta joy bilan quda bo‘lsam, deyman. Masalan, menga sizning oqko‘ngilligingiz yoqadi, quvlikni bilmaysiz…

— Rahmat, mening ham o‘g‘lim uylanadigan yoshga yetib qoldi. Lekin bilasiz, odamlar bilan darrov osh-qatiq bo‘lib keta olmayman. «Soddaligimdan foydalanadi, aldaydi», deb gumon qilaveraman. Agar sizda ham Munirani uzatish niyati bo‘lsa…

Naziraning botinmayroq aytgan gapi Rahima uchun ayni muddao bo‘ldi. Xudo yo‘lini ochadi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da.

— Albatta, albatta, mening ham niyatim shu. Qizimni issiq joyiga uzatib ko‘nglim xotirjam tortsa…

Naziraning esida yo‘q ekanmi yo o‘zi kavlashtirigisi kelmadimi, Obida va uning o‘g‘li Narimon haqida surishtirmadi.

* * *
Obida ham keldi-yu, ancha kech keldi. Bu paytda ona-bola chiqib ketayotgan edi.

— Naziraxon ham kelgan ekan-da. Bilganimda ertaroq kelgan bo‘lardim, — dedi Obida eski qadrdoni bilan quchoqlashib ko‘rishar ekan.

— Rustamjon navbatchilikka borishi kerak, shunga shoshyapmiz, — deya izoh berdi Nazira.

— Rustamjon qo‘shma korxonada ishlarkan, muhandis, — dedi Rahima xon Obida so‘ramasa ham.

— Hm, shunaqami, omadini bersin bolalarimizning…

Nazira bilan o‘g‘li kuzatilib, Obida o‘tirgach, fotihadan so‘ng Rahimaxon:

— Naziralar ham ancha baquvvat tortib qolibdi, uylarini almashtirishibdi, Rustamjonning maoshi yaxshi ekan, — dedi.

Obida bu gapga u qadar e’tibor bermadi. Rahimaxon o‘rtana boshladi: «Eh, sal ertaroq kelmaydimi, bu Obida deganlari. Barmoqlari, quloqlari, bo‘yniga taqinib, yasanib kelgan Naziraning «Qizingizga xaridor bo‘lib keldik», degan gaplarini eshittirib, ichini kuydirmaydimi?» Lekin Rahimaxon niyatidan chekinmoqchi emasdi. Obidaning xayoli boshqa joyda ekanini bilsa ham:

— Nazirasi tushmagur o‘g‘lini yetaklab, Muniraga sovchi bo‘lib kelibdi. O‘g‘li qayerdadir qizimni ko‘rib qolgan ekan, «Shu qizdan boshqaga uylanmayman», deb oyoq tirab turganmish, — dedi.

Rahimaxonning nazarida Obida bu gapdan so‘ng hushyor tortishi kerak edi. Yo‘q, Obida qanday o‘tirgan bo‘lsa, shu alfozda dasturxondagi noz-ne’matlardan totinib o‘tiraverdi.

— O‘g‘limning topgani bir emas, ikki oilani boqishgayam yetadi. To‘y qilsak, asal oyini Antaliyada o‘tkazishadi, deydi… Hali qoziq qayda, buzoq qayda, dedim. Eski qadrdonligim hurmati, dilini og‘ritmadim, o‘ylab ko‘raylik, dedim. Ertaga telefonda shiringina qilib «Qizim ko‘nmadi», deyman-da…

Rahimaxonning ko‘pirtirib-ko‘pirtirib aytayotganlari endi Obidaga yetdi, shekilli, u kulimsiradi:

— Yaxshi yigit bo‘lsa, nega rad qilasiz? Muniraning ayni uzatiladigan payti… Surishtirib, netib, berib yuboravermaysizmi?

Rahimaxonning bulbulday sayrayotgan tili tanglayiga yopiishib qolgandek bo‘ldi.

* * *
— Oyi, nima qilganingiz bu? Nimaga o‘z-o‘zingizga Nazira xolamdan sovchi yasadingiz? Nega Obida xolamga yo‘q gaplarni aytib ko‘pirtirdingiz?

Munira yig‘lamoqdan beri bo‘lib onasi bilan tortishardi.

Rahimaxon esa:

— Men havasga uyushtirdimmi bu spektaklni? Menga kerakmidi so‘m sarflab yolg‘on sovchilar uchun dasturxon tuzash? Men faqat Obidaning ko‘nglida «Qizimga ustma-ust sovchi kelyapti, agar biz otni qamchilamasak, Naziraning o‘g‘li uloqni olib ketadi», —degan gumon va jahd uyg‘otishi kerak edi, — dedi.

Lekin Rahimaxonning kutgani bo‘lmadi. Obida bu «sovchilik operatsiyasi»ga, bu spektaklga ortiqcha e’tibor bermadi. Rahimaxon qolib, Munira ham nima qilishini bilmasdi. Axir Obida xolasi osongina uning javobini berib ketdi… «Vasiyat degan gaplar almisoqdan qolib ketdi. Hozir yoshlarning o‘zi hal qilyapti hamma narsani… Narimon Munirani singlisiday ko‘rar ekan.

Rahimaxon alam ustida qizini Naziraga uzatib yuboray desa, Munira «Uchrashib, gaplashib ko‘ramizmi?» deya qo‘ng‘iroq qilgan Rustamjonga «Oyim bu spektaklni Obida xolamning alamini keltirish uchun o‘ylab topgan edi… Mening ko‘nglim vayron bo‘lib yotibdi. Siz bilan ham, boshqasi bilan ham uchrashishga toqatim yo‘q. Butun dunyosidan ko‘nglim qoldi», deb yuboribdi.

Qalbi jarohatlangan yigit onasiga «Oyi, siz qo‘g‘irchoqmisiz? Nega dugonangiz sizni o‘ynaydi? Siz «Mayli, Xudoga soldim», deb qo‘yaverasiz, bilaman. Men unday qilmayman, qiziga ham, onasiga ham ermak qilish, odamlarning tuyg‘usi bilan o‘ynashish nimaligini ko‘rsatib qo‘yaman», — dedi.

Nazira ham bu gapning bittasini yerga tushirmay, Rahimaxonga yetkazdi.

— Men muloyimgina bo‘lib uyingizga chorlaganingizga ishonibman. Aslida, siz o‘sha savdo qilib yurganingizdagi xudbin ayol ekansiz. Sizdaqalarning yo‘li hech qachon ochilmaydi, — dedi.

Rahimaxon nima desin, nima qilsin, qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, qizini baxtli qilmoqchi edi. Lekin ona-da, u haliyam Nazira va uning o‘g‘li oldidagi aybini tushunmas, qum ustiga qurilgan imorat, ya’ni yolg‘onga qurilgan baxt omonatligini sezmas, «Men bolamga yaxshi bo‘lsin», degandim, deya shivirlar, ovoziga ko‘z yoshlari qo‘shilib oqardi…
Qutlibeka RAHIMBOYeVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qum ustidagi imorat