Sherali qizchasini ayvonda erkalab o‘tirgan Buvsaraga yer ostidan boqarkan, yuragi hapriqib-hapriqib ketar, shayton uni kennoyisi tomon chorlab, quchishga, erkalashga undardi.
«Nimalar bo‘layapti o‘zi? — o‘z uyi, ichkarida supur-sidir qilish bilan band xotini Madinaga o‘g‘rincha ko‘z tashlab o‘ylardi u. — Akamning xotinini yaxshi ko‘rsam, o‘z jufti halolim bilan ovungim kelmasa, unga e’tiborsiz bo‘lsam!.. Axir, akam yaqinda mardikordan keladi! Yana uning ko‘zlariga qaray olmay azob chekaman! Yana qizchamni suyib-erkalayotganini ko‘rib ko‘nglim eziladi!.. Yo‘q, nega endi? Axir, men akamning bir umr tirnoqsiz o‘tib ketishini istamadim! Vijdonimni sotib bo‘lsa-da, unga qizcha hadya etdim. Buning nimasi yomon. Faqat… Xotinining bag‘riga kirganimda, Buvsaraning lablaridan bo‘salar olganimda… Eh, dunyo ham shunchalar tor bo‘ladimi?.. Odam shu qadar ojiz bo‘ladimi?..»
— Voy, amakisi, qarang, biz nimalar oldik do‘kondan?!. — Buvsara miyig‘ida sirli kulish qilib endi-endi tetapoya bo‘la boshlagan qizchasi Dilnozani qo‘lidan yetaklab Sheralining qarshisida to‘xtadi. — Qani, amakimizga nima deymiz?..
Sherali battar ezilib qizchani qo‘liga oldi va yuzlaridan o‘pib mahkam bag‘riga bosdi.
— Oh, qizalog‘im, — birov eshitib qolmasligi uchun ohista shivirlardi u. — seni har kuni, har soniyada sog‘inaveraman. Ana, hademay, dadang keladi. Undan keyin seni bunchalar bag‘rimga bosish qayoqda deysan?!.
— Bugun kechqurun kirasizmi? — asta so‘radi Buvsara.
— Qayerga?.. — Sherali xuddi hech narsadan bexabardek kennoyisiga hayrat aralash tikilib qaradi.
— Qayerga bo‘lardi? Biznikiga-da!..
— Ha-ya… Sharoitga qarayman, Buvsara! — dedi Sherali o‘z uyi tarafga ishora qilib.
— Voy, namuncha o‘sha xotinchangizdan qo‘rqmasangiz? Uxlagandan keyin sekin bir soat, yarim soatga chiqib ketsangiz bo‘ladi-ku!.. Axir, sizni sog‘inganman!..
— Akamdan… Akamdan xavotirdaman, Buvsara!.. Tuyqusdan kep qolsa…
— Kelmaydi… Bunchalik ham quyonyurak bo‘lmang…
— Bo‘pti, kech tushaversin-chi, ko‘rarmiz!..
* * *
Qishloqqa tun cho‘kdi. Sherali qorni ancha bilinib qolgan Madinaga ko‘chaga chiqib ulfatlari bilan birpas o‘tirib kelishni bahona qildi-yu, tomorqa tomonga o‘tdi. Buyoqdan akasining uyiga kirib olish o‘ng‘ay edi. Derazasining bittasi tomorqaga qaragan, Buvsara shu derazani ochib qo‘yishiga ishonardi…
Ochiq ekan. Ehtiyot shart to‘rt tomonni ko‘zdan kechirib oldi-da, deraza oshib chiroqlari o‘chirib qo‘yilgan xonaga tushdi.
Buvsara qizchasini allaqachon uxlatib, ko‘rpaga oyoqlarini o‘ragancha Sheralini kutib o‘tirardi.
— Oh, o‘zimning qaysarginam! — Sherali o‘ringa cho‘kkan zahoti ayol uning pinjiga kirdi. — Uylanganingizdan beri ko‘p kutdiradigan bo‘lib qoldingiz-a?.. Meni umuman o‘ylamay qo‘ygansiz.
— Axir, tushunsang-chi, — shivirladi Sherali. — biryoqda akam, bir yoqda Madina… Uyam mayli, akamdan xavotirdaman. Har ko‘rishganimda xuddi menga ola qarayotganday bo‘laveradi. Bilib qolmadimikan deb ichimdan zil ketaveraman.
— Bilmaydi. — dedi qat’iy ohangda Buvsara. — Bilganda nima?.. Men… Sizni sevib qolganman.
— Ahmoqlik qilma. Men azbaroyi akamning kelajagi uchun, tirnoqqa zor bo‘lib o‘tmasligi uchun shunday qilganman.
— Nima, sevmaysizmi meni? — o‘pkalangannamo Sheraliga tikildi Buvsara. — Ayting, zarrachayam yoqtirmaysizmi?..
Ayoldagi yoqimli va necha yillardan beri qadrdon bo‘lib qolgan is Sheralini yolg‘on gapirishga qo‘ymasdi. U inon-ixtiyorsiz ayolga talpindi…
— Jinnivoy, seni sevmay bo‘larkanmi?.. Jonimdan ortiq sevaman…
— Xotinchangiz o‘g‘il tug‘armishmi? — so‘radi Buvsara uni o‘zidan itarib.
— Senga buni kim aytdi?
— Bugun kunduzi o‘zi aytib qoldi. Tekshirtirganmish. «UZI»dagilar o‘g‘il deyishganmish.
— O‘g‘il bo‘lsa o‘g‘ildir-da!..
— Yo‘q, o‘g‘ilni siz menga va’da qilgansiz. Nega endi u tug‘ishi kerak?
— Jinni bo‘psan. Axir, u xotinim!
— Menam xotiningizman. Mana, quchog‘ingizda yotibman. Demak, menam jisman siznikiman…
— Bo‘pti, — ayolni tinchlantirgan bo‘ldi Sherali. — Senam bir o‘g‘il tug‘asan. Va’da beraman!..
— Menga qarang, Sherali, — Buvsara kutilmaganda endigina ketmoqchi bo‘lgan Sheralining yelkasidan ushlab o‘ziga qaratdi.
— Nima deysan?..
— Muncha yoqalaringiz kir bo‘p ketibdi?.. Qarang, dog‘larni! Xotinchangiz qaramayaptimi sizga?..
— O‘zim bilmay kirlagan ko‘ylakni kiyib olibman shekilli. — o‘zini oqlagan bo‘ldi Sherali. — Hozir kirib almashtirib olaman.
— To‘g‘risini aytsam, o‘sha Madinani anchadan beri kuzatib yuribman. Judayam farosatsiz ekan. Ishonasizmi, ovqat qilayapti-yu, chala yuvilgan kapgirni qozonga tiqayapti. Ayol degani sal ozoda bo‘lsa-da!..
Sherali indamadi. U sezib turardi. Buvsara atayin uni Madinadan sovitish uchun shu gaplarni gapirayapti.
Biroq… Negadir alam qildi… Erkak bo‘lib xotini to‘g‘risida bu taxlit gaplarni eshitish unga og‘ir botdi. Bilmaydi… Negadir yuragi g‘ash tortib Buvsara bilan sovuqqina xayrlashdi-yu, uyiga yo‘l oldi…
* * *
Ichkariga kirib borganda, Madina karavotda o‘tirgancha qandaydir kitobni varaqlash bilan band edi. Ostonada paydo bo‘lgan erini ko‘rib dast o‘rnidan turdi.
— Ovqat yeysizmi? — ohista so‘radi u Sheralidan.
Sherali unga yer ostidan o‘qrayib qarab oldi-da, xotiniga o‘shqirdi.
— Ovqat beradigan odam allaqachon dasturxon tuzab qo‘yishi kerakmasmidi?..
Madina bunday muomalani kutmagan ekanmi, birdan qovoqlari uyilib ortga tislandi.
— Sizning qachon kelishingizni bilmadim-da!.. — dedi eshitilar eshitilmas.
— Ishqilib, ovqat qilayotib toza kapgir ishlatganmisan? — hamon so‘z ohangini o‘zgartirmay so‘radi Sherali.
Madina yalt etib unga boqdi.
— Biror marta yuviqsiz kapgirda ovqat qilganimni ko‘rganmidingiz?
— Ko‘rganman. Shuning uchun ham so‘radim. Qara, uyning ahvolini!.. Manavi changlarni ko‘r!.. Shuniyam kelinli uy deb ataydilarmi?..
Sherali yo‘q joydan bahona qidirib baqirar, qo‘rqib ketgan Madina zir yugurib shom mahali tozalab qo‘ygan joylarni qaytadan supur-sidir qilar, hovlining bir chetida esa, Buvsara bu janjalga miriqib quloq tutardi…
* * *
Oradan uch-to‘rt kun o‘tib akasi Shomirza mardikordan qaytib keldi. U erta tongda kirib kelganda, Sherali endigina uyqudan uyg‘onib hovlida yuz-qo‘llarini chayayotgandi. Akasining ovozini eshitib dast o‘rnidan turdi.
Shomirza oldiga qoqila-qoqila chopqillab kelgan Dilnozani dast ko‘tarib oldi-da, erkalab o‘pa boshladi…
Bu Sherali uchun naq dahshatning o‘zi edi.
Har gal akasi qizchani qo‘liga olganda yuragi orqaga tortib, ko‘zlari chaqnayveradi. Bir tomondan «bilib qolmasin-da», degan vahimali o‘y miyasini kemira boshlasa, ikkinchi tomondan o‘z pushti kamaridan bo‘lgan bolasini u emas, akasi erkalayotgani alam qilib qo‘yardi. Biroq tez o‘zini qo‘lga olardi. Bilardiki, u qizchani aynan akasi uchun hadya qilgan. Mana shu narsa Sheraliga taskin berar va Shomirza bilan avvalgidek munosabat yurita boshlardi.
— Kelmaysanmi? — turgan yeridan baqirdi Shomirza. — Nega qotib qolding?.. Yo tanimayapsanmi-a?
— Yo‘g‘-e, — Sherali majburan kulimsirab qo‘lidagi sochiqni dorga ildi-da, akasiga peshvoz chiqdi. — ota-bola ko‘rishayotganlaringni tomosha qilayotgandim-da!
— Kel, ukajon, seniyam bag‘rimga bosay! — Shomirza quchog‘ini ochdi. — Men yo‘g‘imda kennoyilaringdan ko‘z quloq bo‘lib turasan, axir! Yo‘qligimni bildirmaysan!.. Yaxshiyam sen bor ekansan peshonamda!..
Sherali bu gapni eshitdi-yu, g‘alati bo‘lib ketdi. Xayolida xuddi akasi hamma gapdan xabar topgan-u, atayin kinoya qilayotgandek tuyulib ketdi…
— Rahmat, aka! — deya oldi zo‘rg‘a. — Yaxshi borib keldingizmi, ishqilib?
— Zo‘r bo‘ldi ish! — maqtangannamo ko‘krak kerib qo‘ydi Shomirza. — Insofli odamlarga tushib qoldim. Ishlagan haqimga qo‘shib ham berishdi.
— Xayriyat… Endi… Ketmaysizmi?..
— Hozircha yo‘q. — dedi Shomirza. — Uylarni sal tartibga keltirmasam bo‘lmaydi…
Buvsara derazadan aka-ukaning suhbatini eshitib turardi. Erining ketmasligidan xabar topgach, zarda bilan derazani yopdi-da, ichkariga o‘zini urdi.
Chunki, u shu kecha Sherali bilan uchrashishni rejalashtirib qo‘ygandi…
* * *
«Bechora akam, — o‘ylardi Sherali oradan uch kun o‘tib yana Buvsara bilan paxta ekiladigan maydonda uchrashib qaytarkan. — Mening ablahligimdan, xiyonatkorligimdan, sotqinligimdan bexabar u. Men bo‘lsam, bemalol bu yorug‘ dunyoda mana shu havodan nafas olib bemalol yuribman. Axir, nega shunday qilayapman? Ikki o‘t orasida qolib ketdim-ku! Buvsara quchog‘imga kirsa, yog‘day erib ketaman, hamma narsani unutaman. Shu ayolga borlig‘imni hadya etgim kelaveradi. Akam bilan yuzma-yuz kelganimda esa, vijdon azobidan o‘rtana boshlayman. Nima o‘zi bu?.. Nimaga boshida o‘ylamadim? Akam farzandli bo‘lsin deb og‘ir gunohga botdim-ku! Bu gunohlarimni Xudo kechirarmikan? Yo‘q, kechirmaydi. Mana, bugun ham akam uyda uxlayapti. Men bo‘lsam, uning tan mahrami bilan aysh qilib uyga qaytmoqdaman…»
Sherali uyga yaqin kelganda birdan to‘xtadi. Orqasidan shippagini sudragancha kelayotgan Buvsaraning yaqin kelishini kutdi.
— Nega to‘xtab qoldingiz? — yaqin kelib so‘radi Buvsara. — Biror gap bo‘ldimi?
— Menga qara, iltimos, endi uchrashmaylik! — dedi Sherali yerga boqib.
— Nega? Nega unday deyapsiz? Joningizga tegdimmi?..
— Yo‘q, aslo unday emas. Akamning oldida bosh ko‘tarib yurolmas bo‘ldim. Tushunsang-chi!..
— Bilaman. — ohista shivirladi Buvsara. — Ba’zida o‘zim ham u kishining ko‘zlariga tik qarab gapira olmaydigan bo‘lib qolganman. Ammo… Ne qilayki, siz ko‘z oldimdan ketmaysiz. Siz… Siz… Boshqachasiz… Yo‘q, buni tushuntirib bera olmayman… Qo‘ying, bo‘lar ish bo‘lgan. Mana, Dilnozaniyam sizdan tug‘dim-ku, axir!.. Endi hammasini orqaga qaytarishning iloji yo‘q.
— Iloji bor. — Sherali Buvsaraning yelkasidan tutib o‘ziga qaratdi. — Senam o‘zingni qo‘lga ol. Menam o‘zimni tutib olishga harakat qilaman. Qo‘y, akamning yuziga ortiq oyoq qo‘ymaylik. Yaxshi emas…
Buvsara hech narsa demadi… Beixtiyor ko‘zlariga yosh kelib unsiz piqillagancha uyiga kirib ketdi…
* * *
«Yo‘q, u xotinchasi tufayli mendan kechmoqchi! — o‘ylardi Buvsara ko‘rpaga burkanib olgancha unsiz yig‘lab. — O‘g‘il tug‘ib bermoqchi-da u!.. Endi bu kishimning ko‘zlariga Dilnoza ko‘rinmay qolgan!.. Iloyo qorning yorilib o‘lgur megajin!.. Va’dalari-chi? U qilaman, bu qilaman deb bosh-ko‘zimni aylantirgandi!.. To‘xtab tur hali sen qanjiq, kuningni ko‘rsataman! Sheralini osonlikcha senga berib qo‘yadigan ahmoq yo‘q!..»
Ko‘r-ko‘rona rashk Buvsarani butkul aqdan ozdirgandek edi. U tuni bilan uxlamasdan, ovsinidan qanday o‘ch olish yo‘llarini qidirdi. Oxiri topdi.
Bu yo‘l Sherali uchun ham, o‘zi uchun ham juda qulay va foydalidek tuyulaverdi…
Erta tongda turdi-yu, o‘zi tanigan, ishongan dugonasinikiga yo‘l oldi. Unda dorining turidan bo‘lardi…
Turli bahonalar bilan dugonasidan dori ham undirdi.
* * *
Ikki mahalla naridagi o‘sha ayolnikiga borib kelishi uchun ko‘p vaqt ketmadi. Yo tez yurdimi, bir soatga ham yetmay, hovlisiga kirib keldi.
Bu ishda ehtiyotkorlik zarurligini juda yaxshi bilardi. Ehtiyot shart, avval Sheralining uyi tarafga, so‘ngra eri va qizchasi yotgan xonaga ko‘z tashladi. Jimlik. Beixtiyor yuragi g‘ash tortib birpas turib qoldi.
— O‘zi bunaqa ishga qo‘l urib ko‘rmagan odamning yuragiyam bezovtalansa kerak-da! — o‘yladi u uf tortib. — Iloyo juvonmarg bo‘lib ketsin yomon odamlar!..
Shundan so‘ng yugurib oshxonaga kirdi-da, deraza tokchasida turgan kosaga dorini solib qo‘ydi.
Ha, shunday qilgani ma’qul. Agar ichkariroqqa berkitsa, Xudo ko‘rsatmasin esidan chiqib qolsa, nima bo‘ladi? Bunaqasi kam bo‘lganmidi…
— Betingdan buzilgur qora mushuk! — o‘zicha g‘udranib tashqariga yo‘l oldi Buvsara. — Atayin kuyib o‘lsin deydimi, qornini qappaytirib uyog‘imdan o‘tadi, buyog‘imdan o‘tadi!.. Go‘ringda chiritmasam tinchimayman, qanjiq, tinchimayman!..
* * *
Oradan uch soatcha vaqt o‘tib kun tikkaga keldi. Shomirza ukasini olib allaqachon shaharga mayda-chuyda xarid qilish uchun chiqib ketgan, Dilnozani esa, oshxonaga olib kirib oldiga o‘yinchoqlar uyib qo‘ygandi.
— Vaqt yetdi! — ko‘nglidan o‘tkazdi Buvsara. — Qorning yorilgur ham uyg‘onibdi. Yana o‘zini ko‘z-ko‘z qilib hovli aylanib qoldi. Men darrov choy damlay-da, chaqiray yashshamagurni!..
U oshxonaga uzoqdan bir ko‘z tashlagan bo‘ldi-da, tandirxonaga kirib o‘choqqa o‘t qaladi va chovgum qaynab chiqishini kuta boshladi.
Shu orada yarim soatcha xayol surib o‘tirib qoldi. Bir mahal qulog‘iga qizchasining qur-qur yo‘talib yig‘layotgani chalindi-yu, shartta o‘rnidan turib oshxonaga chopdi…
Kirib kelganda… Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Dilnoza polda yotgan ko‘yi nuqul tipirchilar, cho‘zib-cho‘zib yo‘talar, yo‘tal orasida tinimsiz o‘qchirdi…
— Voy, senga nima bo‘ldi, bolam? — Buvsara jonholatda qiziga yopishdi. — Nima bo‘ldi senga?.. Voy, bolam, ko‘zingni och!.. Ko‘zingni ochsang-chi, bolajonim!..
Dilnoza yana bir-ikki o‘qchib yo‘taldi-da, jim bo‘ldi…
— Hoy, kim bor?.. Yordam beringlar! Bolam o‘lib qoladi, yordam beringlar!..
Buvsara baqir-chaqir qilish asnosida nimadir esiga tushgandek, shoshib deraza tokchasiga qaradi.
Kosada dori yo‘q edi…
Yuragi yorilgudek bo‘lib qizining qo‘lchalarini paypasladi.
Qizaloq dori o‘ralgan qog‘ozni kaftlari orasida mahkam changallab yotardi…
Afsuski, Dilnozani vrachlar ham saqlab qola olishmadi.
Zahar go‘dakning ichaklarigacha kuydirib tashlagan ekan…
Qizchani ertasi kuni ertalab qabrga qo‘yishdi.
Sayyora NURIDDINOVA
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”