14:53 / 15.01.2019
5 433

"To‘ng‘iz yili" tavsiyalari: Hamallar uchun (21 mart – 20 aprel)

"To‘ng‘iz yili" tavsiyalari: Hamallar uchun (21 mart – 20 aprel)
Umumiy bashorat
2019 yilda “Hamal” burji vakillarini juda ko‘plab quvonchli voqealar hamda uchrashuvlar kutmoqda. Yangi lavozimni egallaysiz. Moliya­viy ahvolingiz ham ijobiy tomonga o‘zgaradi. Shuningdek, yulduzlar uzoq vaqtdan beri amalga oshmay yurgan orzularingiz ro‘yobini va’da qilishmoqda.

“To‘ng‘iz yili”ning boshida ko‘pgina “Hamal”lar dengiz yoki toqqa hordiq chiqargani yo‘l oladilar. Ushbu sayohat sizga ijobiy ta’sir qilishi aniq.

“To‘ng‘iz yili” burj vakillari uchun to‘y-tomoshalarga boy o‘tadi. Atrofdagilarga ishonchsizlik bilan qarashni bas qiling. Aksincha, boshqalarga e’tiborliroq bo‘lsangiz o‘zingizga yaxshi. Suyuklisi borlarga esa 2019 yilda rashk va norozilik hislarini chetga surib, uning ko‘nglini og‘ritishdan tiyilishni maslahat beradi. Chunki bu kabi ko‘ngil xiraliklar yaxshilikka olib kelmaydi.

“To‘ng‘iz yili”da salomatligingizga ham e’tiborliroq bo‘ling. Aks holda, “qo‘ldan ketgan” sog‘liq anchagina vaqtingizni, asablaringizni va pulingizni “yeb” qo‘yishi mumkin. Sovuq mavsumda issiqroq kiyinib, yozda me’yoridan ortiq quyoshda toblanmang. “Hamal” burji vakillari oshqozonni aralash yeguliklar bilan qiynamasliklari va to‘g‘ri ovqatlanishga amal qilishlari maqsadga muvofiq.

Xavfli sport turlaridan voz keching. Suzish, yoga bilan shug‘ullanish esa ayni muddao.

Bu yil “Hamal”lar, “It” qaramog‘ida rosa “erkalangan”liklari uchun, “To‘ng‘iz” ham ularni himoya qilishidan umidvorlar. Garchi, aksariyat vaziyatlar shundoq ham ularning foydasiga hal bo‘ladi. Biroq munajjimlar “olma pish, og‘zimga tush” qabilida ish qilishdan qochib, mehnat qilishdan to‘xtamaslik kerakligini maslahat berishmoqda.

2019 yil avvalida “Hamal”lar ozgina dam olishlari mumkin bo‘ladi. Biroq quvvatga to‘lib turgan vaqtlarida bu yilga egalik qilayotgan “To‘ng‘iz” rulni ish tomonga burib yuboradi. Shuning uchun 2019 yilning o‘rtalariga kelib o‘qish, tajriba orttirish, shart­nomalar tuzish va muhim hujjatlarni tasdiqlashga to‘g‘ri keladi.

Agar “Hamal” qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yengib, o‘z ishida faollik ko‘rsata olsa, “To‘ng‘iz”ning “ishonchiga kiradi” va xayoliga ham kelmagan daqiqalarda muvaffaqiyatga erishadi.

Uddaburonlikbahorga kelibfoydali tanishuvlar va yuqori cho‘qqilarga ko‘tarilish imkonini beradi. Ammo moliyaviy ahvol darrov iziga tushmasligi mumkin. Mablag‘ning tez-tez yetishmay qolishi kayfiyatingizga va sog‘lig‘ingizga ta’sir qilishi hech gapmas.

Munajjimlar “Hamal”larga 2019 yilda darrov sarosimaga tushmaslikni bashorat qilishmoqda. Nima bo‘lganda ham, mart oyiga kelib sizga omad kulib boqadi va yutuqni qo‘lga kiritasiz. Ha, aytgancha, kredit olishga ham qo‘rqmang — mablag‘ni o‘z vaqtida qaytarasiz.

Bahorning oxirlariga kelib, “Hamal”larning “oshig‘i olchi” bo‘ladi. Ular nafaqat yuqori lavozimni egallaydilar, balki qimmatbaho buyum ham xarid qiladilar. Bo‘ydoqlarni ham yulduzlar unutgani yo‘q. Bahor oyining yakunida oila qurish haqida ham qayg‘urish kerak. Zero, aynan mana shu pallada o‘zingizga mos juftni uchratishingiz mumkin.

Yozda esa oilali “Hamal”larni juda quvonchli daqiqalar: farzand ko‘rish va yangi uyga ko‘chish kutmoqda. Ana shunday qizg‘in jarayonlardan keyin, tabiat qo‘ynida oila a’zolari bilan birga hordiq chiqarish “Hamal”lar uchun juda foydali. Chunki kuzda “oyog‘ingizni qo‘lga olib” tinimsiz harakat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Yangi boshlagan biznesingiz kengayishi bilan birga, raqobatchilar bilan maydonda “kuch sinash”ishingizga to‘g‘ri keladi. Raqobatchilar bilan “jang” og‘ir kechadi, asablaringiz taranglashadi.

Qish mavsumi tinch va osuda o‘tadi. Chunki qishning g‘amini yil davomida yeb qo‘ygan bo‘lasiz-da...
Nima bo‘lganda ham “To‘ng‘iz”, “Hamal”larni har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlab turadi.

ShAXSIY HAYoT
2019 yil “Hamal”larni sevgi chetlab o‘tmaydi. Kimdir bir ko‘rishdayoq oshiqu-beqarorga aylanadi, yana kimdir tanlagan umr yo‘ldoshi bilan oila quradi. Biroq hissiyotga berilmay, aqlni ham ishga soling. Yo‘qsa, aldanib qolishingiz hech gapmas.

Aytgancha, sizga juftingizni topishda do‘stlaringiz yordam berishadi.
Ko‘pdan beri farzand ko‘rish orzusida bo‘lgan oilali “Hamal”larga esa “To‘ng‘iz” bu niyatlarining amalga oshishida yordam beradi.

SALOMATLIK
Yulduzlar 2019 yilda “Hamal”larga sport bilan shug‘ullanishni, faol o‘yinlar o‘ynashni va turli bellashuvlarda ishtirok etishni tavsiya qilishmoqda. Aynan mana shu yo‘nalishda sizga yanada ko‘proq omad kulib boqadi.

“To‘ng‘iz yili”da og‘irroq bo‘ling va asablaringizni ehtiyot qiling. Zero, dep­ressiya sizni “yiqitib” qo‘yishi mumkin. Surunkali kasalliklarga va shamollashga qarshi profilaktika ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirishni unutmang.

2019 yil o‘rtalarida umurtqa pog‘onasi va bo‘g‘imlarda ba’zi muammolar paydo bo‘ladi. Ana shunday vaziyatda darrov shifokor nazoratidan o‘ting. Davolanishni orqaga surib yurmang. Fitnes va suzish bilan muntazam shug‘ullanib yursangiz kasalliklarni o‘zingizdan quvgan bo‘lasiz. Ovqatlanishda ham me’yorni unutmang. Ortiqcha vazn yurak va tomirlarga zarar yetkazib qo‘yishi mumkin.

KARERA
2019 yil “Ha­mal”­larga oson daromad topishni va’da bermayapti. Bu yilda “ishlagan tishlaydi”degan naql aynan sizga tegishlidir. Mehnatlaringiz rag‘batsiz qol­maydi. Xarid borasida reja bilan ish ko‘ring. Daromadingizdan hech bo‘lmaganda 10 foizini jamg‘arib borishni boshlang.

AYoL "HAMAL"LAR
2019 yil ayol “Hamal”larni quvonchli onlar kutmoqda. Bu yil siz sayohatga chiqishingiz, oila qurishingiz, karera qilib yanada yuqori cho‘qqilarni zabt etishingiz mumkin.

Bu yil nozik xilqat egalari tashqi ko‘rinishlariga yanada e’tiborliroq bo‘lganlari ma’qul. Eng so‘nggi urfdagi liboslar, yangi kosmetika, chiroyli soch turmagi, nafis iforlar “Hamal”larning diqqat markazida bo‘ladi. “To‘ng‘iz yili”da karerada katta burilish qilish imkoniyati mavjud. Agar bor kuchingizni ishga solsangiz, lavozimda ko‘tarilishingiz ham ehtimoldan xoli emas. 2019 yilda yulduzlar ayol “Hamal”larga ko‘proq ichki ovozga quloq tutishni maslahat berishmoqda. Bu bilan siz noxush vaziyatlarni va katta xatolarni chetlab o‘tgan bo‘lasiz.

ERKAK "HAMAL"LAR
2019 yil erkak “Hamal”lar e’tibor markazida bo‘ladilar. Erkak “Hamal”lar nafaqat faol va ta’sirchandirlar, balki har qanday ishni o‘z foydasiga hal qilishga ham usta. Bu bilan ular barcha ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqarib, atrofdagilarni o‘zlariga jalb eta oladilar.

“To‘ng‘iz yili”da ushbu burj vakillari yaxshi natijalarga erishadilar. Yuqori lavozimlarni egallab, moliyaviy ahvollarini tiklab olishi ham kutilmoqda. Biroq daromadni darrov ko‘kka sovurishga oshiqmang. Jamg‘argan mablag‘laringiz yil davomida sizga foyda keltirishini reja qiling.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "To‘ng‘iz yili" tavsiyalari: Hamallar uchun (21 mart – 20 aprel)