13:20 / 18.01.2019
5 407

Aqalli bir marta o‘qing: O‘zingizni taftish qiling, tafakkur qiling...

Aqalli bir marta o‘qing: O‘zingizni taftish qiling, tafakkur qiling...
Har bir musulmon uyquga ketishdan avval kunini hisob-kitob qilishi, o‘zini quyidagi savollar bilan taftish qilishi kerak.

1. Bu tongda hayot daftarini qanday ochding? Senga yana bir kunni baxsh etgan Robbingga shukr qildingmi?
2. Alloh taolo seni istig‘forga da’vat qilgan sahar chog‘ida U bilan muloqot qilishga oshiqdingmi? Bu lahzalarda tarqatilgan ilohiy rahmat va marhamatdan bahramand bo‘ldingmi? Yoki bu xos lahzalarni uyquda behuda o‘tkazib yubordingmi?
3. Sahar fayzini kun bo‘yi asrab qololdingmi? Bugun Allohni necha marta zikr qilding? Kunning qancha qismini zikr bilan o‘tkazding? Alloh bilan muloqot ruhoniyatida bo‘loldingmi?
4. Bugun lazzatlarni yo‘q qilguvchi o‘limni tafakkur qildingmi?
5. Bugun hayot tashvishlari dag‘-dag‘asidan uzoqlashib, qanchalik tafakkurga berilding?Har lahza guvoh bo‘layotganim ilohiy Qudrat va Azamat naqshlari ruhiyatingda tafakkur va tahassus uyg‘otoldimi?
6. Minoralardan eshitilgan ilohiy da’vatga quloq tutib, necha mahal jamoatga qo‘shilding? Namozlaringni Haq istagandek, ya’ni xush’u bilan, qalb va jism hamohangligida ado etoldingmi?
7. Bugun topganing, yegan-ichganing, kiyganing halolmi, harommi yoxud shubhalimi deya o‘yladingmi? Haromdan tiyilish hissi har qanday xatti-harakatingda yodingda turdimi?
8. Bugun “Bandaning haqi”ga diqqat qildingmi? “Ustimga hech bir bandaning haqi tushmadi, hech kimni ranjitmadim?” deya olasanmi?
9. Bugun maxluqotga Xoliqning shafqat, mehr-muhabbat nazari bilan qaray oldingmi?
10. Ko‘chadagi it va mushukning haqiga rioya qildingmi? Mushugini och qo‘ygan kishining ilohiy azobga, itga suv bergan kishining ilohiy afvga noil bo‘lganini tafakkur qilib, maxluqotlarga marhamat bilan muomala qildingmi?
11. Bugun ota-onangning, qarindosh-tug‘ishganlaringning holidan xabar olib, ko‘ngillarini shod qildingmi? Agar ular Oxiratga o‘tgan bo‘lsalar, Qur’on tilovat qilib, haqlariga duo qildingmi?
12. Bugun xonadoningni qalb ko‘zi bilan kuzatib, uning jannat bog‘chasiday bilib, tashqi hujumlar, internetning salbiy ta’sirlaridan o‘zing va farzandlaringni himoya qiloldingmi?
13. Agar uy bekasi bo‘lsang, eringni tabassum va muhabbat bilan kuzatib, halol rizq topib kelishi uchun duo qildingmi? Kechqurun uni yana tabassum va shirin so‘z bilan kutib olib, horg‘inligini aritishga, odob va muhabbatda o‘rnak bo‘ladigan soliha rafiqa bo‘loldingmi?
14. Agar uyning erkagi bo‘lsang, rafiqang va farzandlaringga mushfiq va mehribon munosabatda bo‘lyapsanmi? Ularga qoldirishing mumkin bo‘lgan eng katta merosing oxirat merosiligini o‘ylab, bolalaring uchun dunyo va oxirat saodati, ularning ruhoniy va ma’naviy taraqqiyoti uchun qanchalik sa’y-g‘ayrat qilolding?
15. Alloh senga omonat ehson etgan farzandlaringga bugun tarbiya va odob uchun nimalarni o‘rgatding? Alloh va Rasulining muhabbatini, avliyo-yu anbiyolar mehrini ularning qalbiga jo qila oldingmi?
16. Ertaga seni tamsil etadigan farzandlaring islomiy shaxsiyat sohibi bo‘lishi uchun bugun nimalar qilding? Bolalaring Qiyomat kuni yuzingni yorug‘ qilishi uchun bugun nima qilding?
17. Farzandlaringga dini, imoni va Vatanini asrab avaylashini uqtiroldingmi?
18. Farzandingning dunyoviy tahsili uchun bir necha yil vaqt, mehnat va mablag‘ sarflaysan. Ularning oxiratdagi istiqboli uchun nimalar qilding?
19. Bugun hidoyatga muhtoj insonlarga tiling, qalbing va holing bilan qanday yordam berding? Ularning haqiga duo qildingmi? Xatti-harakating bilan ularga musulmon shaxsiyatini ko‘rsata oldingmi?
20. Bugun selda oqqan quduqlar kabi nasllar yo‘qolib borayotgan bir paytda, oila rahbari sifatida haqiga mas’ul bo‘lganing insonlarni fitna va shardan muhofaza qilish uchun nimalar qilding?
21. Bugun Alloh senga ehson etgan ne’matlarni kimlar bilan va qay darajada baham ko‘ra olding? Bugun infoq ahlidan bo‘la oldingmi?
22. Bugun bir mo‘minning qalbini sevintira oladigan ko‘ngil farahligi ta’mini his etdingmi?
23. Bugun biror yetimning boshini siladingmi?
24. Bugun biror bemorni ziyorat qildingmi yoki janozada qatnashib ibrat oldingmi?
25. Bugun qo‘shnilaring va atrofingdagi muhtojlar holidan xabar oldingmi? Och yotgan qo‘shning yoki sovuqda qaltirayotgan g‘ariblarning iztirobi yuragingni o‘rtadimi?
26. Bugun dunyoning boshqa bir burchagida bo‘lsa-da, Islom ummatining muammolarini o‘yladingmi? Mazlumlarning asoratlarini his etdingmi?
27. Bugun ochlarning to‘yishi, bemorlarning shifo topishi, qarzdorlarning qarzidan qutulishi uchun nima qilding? Ularning haqiga duo qildingmi?
28. Bugun taniganing va tanimaganing insonlarga Alloh uchun salom berdingmi? Tabassumni sadaqa bilib, insonlarni jilmayib qarshiladingmi?
29. Bugun senga qo‘pollik qilgan, yomonlik qilgan biror insonga yaxshilik bilan javob qaytarib, uni kechiroldingmi?
30. Bugun do‘st topdingmi? Necha nafar do‘stingning ko‘nglini shod qilding?
31. Bugun Allohga yaqin, solih insonlar suhbatida bo‘lishga harakat qildingmi? Nafsingga yoqmasada, Haqning roziligi uchun har doim haqni aytadigan solih va sodiq do‘st topdingmi? Fosiqu fojirlar bilan birga bo‘lganingda qalbingni himoya qilish xavotirini his qildingmi?
32. Yo‘ldan insonlarga aziyat beradigan biror narsani olib tashladingmi?
33. Bugun foydali ilmingni orttiradigan, irfoningni rivojlantiradigan biror faoliyat bilan shug‘ullandingmi?
34. Suhbatlar – qalb dorixonlaridir. Shunday suhbatlarda ko‘nglingga va ruhingga darmon bo‘ladigan, fayzingni orttiradigan ma’naviy dorilarni olishga muvaffaq bo‘ldingmi?
35. Alloh taoloning buyuk ne’mati bo‘lgan Qur’oni Karimdan bugun necha sahifa o‘qiding? Undagi senga yuborilgan xabarlarni tafakkur etib, kundalik turmushingda rioya qildingmi?
36. Bugun turmushingga o‘rnashgan yomon odatlarga qarshi tura olish uchun irodali bo‘loldingmi?
37. Bugun tilingni behuda va lag‘v gap-so‘zlardan, yolg‘on va mish-mishlardan, g‘iybatu munoqashadan va bir ko‘ngilga ozor berishdan muhofaza qiloldingmi?
38. Bugun hayot daftarini qanday yopding? Noma’ a’molingning bugungi sahifalarida nimalar yozildi? Ilohiy Hisob kuningda bugungi sahifaning hisobini berishdan cho‘chimaysanmi?
39. Va nihoyat doimiy umr kassetang to‘lib borayotganini, har amaling va harakating ilohiy kamera tomonidan tasvirga tushirilayotganini o‘ylab ko‘rdingmi? O‘tgan yigirma to‘rt soat xususida nafsing bilan hisoblashdingmi?
40. “O‘lmasdan avval o‘ling!” degan ogohlantirish hikmatini his etdingmi? Nafsoniy orzularingdan forig‘ bo‘lib, ruhoniy iste’dodingni inkishof etdingmi?

Javobini kutayotgan savollar...

Biz bugun hisob-kitobini qilsak ham, qilmasak ham oxiratda qarshimizga chiqadigan savollar. Alloh taolo hammamizni hisobga tortilmasdan nafsini hisobga tortganlardan aylasin!
Umida ADIZOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Aqalli bir marta o‘qing: O‘zingizni taftish qiling, tafakkur qiling...