21:38 / 25.01.2019
10 102

“Besh xil kishini do‘st tutma”

“Besh xil kishini do‘st tutma”
Umar ibn Xattob raziyallohu anhu ba’zi kechalarda yor-do‘stlaridan birortasini eslab, xotirlardi va o‘ziga-o‘zi "Buncha uzun bo‘lmasa bu tun?!" der edi. Tong otgach, bomdod namozini o‘qishi bilan o‘sha do‘stining oldiga ketar, uchrashishganda esa uni bag‘riga bosib ko‘rishardi. Ushbu xabarni imom Ahmad va ibn Abid-dunyolar rivoyat qilishgan.

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning nuqul bitta kiyimni hadeb kiyaverishi odamlarni ajablantirdi va u kishiga bu haqda gapirishdi. Shunda U: "Menga buni xalilim va safiyyim (chin do‘stim) Umar ibn Xattob kiyg‘azgan edi", dedi. Ali roziyallohu anhu o‘g‘li Hasanga: "Ey o‘g‘lim, haqiqiy g‘arib bu – do‘sti yo‘q kishidir", der edi.

Muhammad bin Xolid hikoya qiladi: "Bir kuni Abu Sulaymon Doroniyga: "Bir odam Afrikada yana birisi Samarqandda yashaydi. Yana ular bir-birlariga do‘st bo‘lishadi (shu mumkinmi)?", dedim. "Ha, albatta, (mumkin)!", dedi u. "Qanday qilib?" dedim men. Javob berdi: "Ularning har birining niyati agar do‘stim bilan ko‘rishish nasib qilsa, albatta uning ko‘nglini olaman (do‘stlik qilaman), degan narsa bo‘ladi. Modomiki, niyati shunday ekan, albatta u uning do‘stidir", dedilar".

Hasan Basriy aytadilar: "Do‘stlarimiz bizlarga oila ahlimizdan-da mahbubroqdirlar. Zero, ular bizga oxiratni eslatishadi, oila ahlimiz esa dunyoni eslatishadi".

Said ibn Musayyab dedilar: "Chin do‘stlarni lozim tutki, ularning soyasida yashaysan. Ular farog‘atda ziynat, musibatda esa quvvatdirlar".
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu do‘stlari bilan uchrashib qolsalar: "Sizlar mahzunligim davosidirsiz!", der edilar.

Bir kishi Muhammad ibn Vose’ga "men sizni Alloh uchun yaxshi ko‘raman" dedi. Shunda u kishi "Meni kim uchun yaxshi ko‘rgan bo‘lsang, U zot ham seni yaxshi ko‘rsin!" dedilar. So‘ngra yuzlarini burib: "Ey bori Xudoyo, Sen meni yomon ko‘rganing holda birov meni Sen uchun yaxshi ko‘rishidan panoh berishingni so‘rayman" deya, ohista Allohga duo qildilar.

Ja’fari Sodiq roziyallohu anhu do‘st tanlash borasida bir kishiga shunday o‘git berdilar: "Besh xil kishini do‘st tutma: "Yolg‘onchini do‘st tutma. Modomiki, u bilan ekansan, aldanishda bo‘lasan. U sarob kabidir, uzoqni yaqin, yaqinni esa uzoq qilib ko‘rsatadi. Ahmoqni do‘st tutma. Zero, u bilan hech narsaga erishmaysan. Senga foyda keltiraman deb ziyon yetkazib qo‘yadi. Baxilni do‘st tutma. Chunki, baxil kishi sen unga eng ko‘p muhtoj bo‘lib turgan paytingda aloqani uzadi. Qo‘rqoq bilan ham do‘st bo‘lma. Chunki, u qiyinchilik va sinov paytida seni tashlab qochadi. Fosiq bilan ham do‘stlashma. Zero, u bir luqma taom uchun yoki undan ham oz narsa uchun seni sotadi". Shu o‘rinda u kishidan: "Undan ham ozi nima bo‘lishi mumkin?!" deb so‘rashdi. "Undan ham ozi o‘sha narsaga nisbatan paydo bo‘lgan tama va ilinjdir", dedilar Ja’fari Sodiq.

Maymun ibn Mehron aytadilar: "Do‘stligi senga manfaat keltirmagan kishining dushmanligi ham zarar bermaydi".

Iso alayhissalom havoriylarga yuzlanib, shunday dedilar: "Do‘stingiz uyqudaligida uning libosini shamol ochib yuborgan bo‘lsa, nima qilasizlar?". "Ustini yopib qo‘yamiz" deyishdi. "Yo‘q, unday qilmaysiz, balki, avratini ochib yuborasizlar!" dedilar Iso alayhissalom. Havoriylar: "Subhanalloh! Kim shunday qilarkin?!" deya hayratlanishdi. Iso alayhissalom ularga: "Axir, birortangiz o‘z do‘sti haqida biror yomon gap eshitsa, uni bo‘rttirib, undan ham battarroq shaklda tarqatadiku!", dedilar.

Zunnun misriy aytadilar: "Seni faqat (xato-kamchiliklardan) ma’sum holatda ko‘rishni istaydigan kimsaning do‘stligida xayr yo‘q".

"Kimki, do‘stidan achchiqlangan paytda uning sirini yoyadigan bo‘lsa u kimsa pastkashdir. Zero, birovdan rozi bo‘lib turgan paytda uning sirini saqlash bu hamma sog‘lom tabiatli insonlar qiladigan ishdir (ya’ni buning uchun alohida do‘st bo‘lishi shart emas. Do‘st har qanday holatda do‘stining sirini ochmasligi kerak, deyilmoqchi)".
Alisher SULTONXO‘JAYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Besh xil kishini do‘st tutma”