23:30 / 27.01.2019
5 244

Islomni qabul qilgan da’vatchi Yusha Evansdan ajoyib eslatma

Islomni qabul qilgan da’vatchi Yusha Evansdan ajoyib eslatma
“Yaxshi eslayman – Shayx Haysam ham balki bilar, Imom Siroj, siz ham ehtimol eslarsiz – shunday davrlar bo‘ldiki, “Qaniydi ommaviy axborot vositalari Islomni yoritsa, musulmonlar haqida gapirsa”, deb orzu qilardik.

Mana endi ularning diqqat markaziga aylandik, hammasining ko‘zi, qulog‘i bizga qaratilgan. Hozir dunyoning diqqati bizda. Nima qilayotganimiz, nima yeyayotganimiz, nima deyayotganimizgacha bilishni istaydilar. Qayerda uxlashingizgacha bilgisi keladi. Biz esa bu xuddi yomon narsadek munosabat bildiramiz.

Allohga qasamki, ularning bunday qilishi ham bir ne’mat. Mayli, qo‘yib bering, kuzatishsin. Ancha oldin davlatning maxsus xizmat idorasiga aytgan edim: “Istasangiz, uyimga kamera o‘rnating, bu meni aslo qiziqtirmaydi, xavotirga ham solmaydi! Telefonimni ham olib tekshiringlar, menga aynan shu kerak. Nima qilayotganimni bilinglar, menda nima borligini ko‘ringlar. Menda bir mujda, xabar bor. Bashariyat yaralgandan beri yer yuzida yashagan insoniyatning eng buyuk farzandi butun koinot Yaratuvchisidan olib kelgan va tarix davomida tarqatilgan bir xabar bor menda. Demak, mendagi ushbu muhim xabarni tinglashingizni, ko‘rishingizni o‘tinib so‘rayman“.

Qo‘limizda hozir mana shunday imkoniyat turibdi, aziz birodarlar. Dunyo bizdagi o‘sha buyuk xabarni bilishni istaydi, ularga bu risolani yetkazaylik. Qo‘yib bering, o‘zlari ko‘rsin bemalol. Boshingizni quyi solib yurishni bas qiling. Peshonangizni tirishtirmang. Axir, sizda Islom bor. Sizni hamma narsa qiluvchi bir kuch bor. Mana bu eslatma bilan gapimni tamomlayman.

Har doim safarga chiqishimdan oldin bolalarim so‘raydi: “Nega bunchalik ko‘p yo‘lda bo‘lasiz? Uyda biz bilan ko‘proq bo‘lsangiz-chi. Kechqurun uxlashimdan oldin yonimda bo‘lsangiz-chi”, deydi o‘n yashar o‘g‘lim. “Bizni maktabga olib bormaysizmi?” – deydi. Dadasining erkatoyi, eng kichkina qizim doim ketayotganimda yig‘laydi. Bu meni juda mahzun qiladi, xafa bo‘laman.

Ularga aytaman: “Men bu ishni Muhammad alayhissalomga ergashganlar joriy qilib ketgan standart bo‘yicha yashash uchun qilyapman. Ajab emas, u kishining hayotiga taqlid qilishim orqali zora havzi Kavsardan u kishining o‘z qo‘lidan suv ichsam. Menga faqat shu kerak, men faqat shuni istayman. Shuning uchun bu yo‘lda yuribman. Doimiy safarda bo‘lish oson, deb o‘ylaysizmi? Ey ona, yo‘llarda umr o‘tkazish osonmi? Yo‘q, juda ham noqulay, g‘aliz bir hayot bu. Agar shu yo‘lda sarflayotgan vaqtimga soatbay ish haqi to‘laydigan bo‘lsa, arzimagan bo‘lardi. Undan ko‘ra ko‘chadagi tilamchi yaxshiroq topsa kerak.

Bu risolat, bu din haqida chuqur qayg‘urganimizdan, yuragimizda yonayotgan din g‘amidan kelib chiqib bu yo‘lda yuribmiz, shu ishni qilyapmiz. Chunki o‘sha men ergashayotgan kishining mezoni bo‘yicha yashashni istayman.

Bolalarimga ham ta’kidlab aytaman, agar qalbingizda Islom bilan ulg‘aysangiz, meni eng faxrli otaga aylantirasizlar. Menga bundan ortiq sharaf kerak emas. Ko‘chada uysiz qolishingiz, qashshoqlik balosiga yo‘liqishingiz meni xavotirga solmaydi. Islom bilan yashasangiz va iymon bilan shahodat kalimasini aytib jon bersangiz, mana shu eng katta baxt, men uchun.

Lekin, dinni yo‘qotish evaziga dunyoviy yutuqlarga erishsangiz, bu men uchun eng katta musibat bo‘ladi. Ey bolalarim, dinsizlik evaziga milliarder bo‘lasizmi, yoki prezidentmi, buning menga zarracha qizig‘i yo‘q. Buni eng katta yo‘qotish deb bilaman. Chunki hech vaqoingiz bo‘lmasa ham Islomingiz bo‘lsa, u siz uchun hamma narsadir. Butun dunyo oyog‘ingizga tiz cho‘ksa ham Islomsiz siz hech kimsiz!”.
Tarjimon: Faiziddin MO‘MIN

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Islomni qabul qilgan da’vatchi Yusha Evansdan ajoyib eslatma