07:23 / 11.02.2019
9 783

Miya tadqiqoti hamda uning ilohiy bitiklar bilan uyg‘unligi

Miya tadqiqoti hamda uning ilohiy bitiklar bilan uyg‘unligi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Inson miyasi koinotdagi jamiki yaratilmish xilqatlar ichida eng murakkabi hamda mohiyati hali tugal yechilmagan jumboqli a’zo hisoblanadi. Mashhur nevrolog olim Cangeux ta’kidlaganidek: «Agar XX asr atom hamda molekulyar biologiya asri bo‘lgan bo‘lsa, XXI asr shubhasiz miya tadqiqoti asri bo‘ladi», deya bashorat qilishining zamirida ham albatta haqiqat bor.

Bundan qariyb yuz yil muqaddam ispan nevroanatom olimi Santiago Ramon y Cajal italyan shifokori Gamillo Golgining ranglash metodi asosida neyronlar, ya’ni miya hujayralarining turfa funksiyalari hamda o‘zaro uyg‘un tarzda harakatlanishini kashf qilar ekan, o‘zining bu boradagi hayratomuz hamda tilsimli fikrlarini quyidagicha bayon qilib qoldirgan edi: «Nevrologiya bog‘i hamisha tadqiqotchilar uchun hayajonli mo‘’jizalar hamda beqiyos taassurotlarni hozirlab qo‘yadi. Xuddi hasharotshunos olim rangli kapalak mohiyatini anglash uchun kapalak oviga chiqqani kabi, mening qiziqishlarim ham gulzor oralab qalbning sirli kapalaklari hisoblanmish katta va kichik shakllardan iborat hujayra mohiyatini kuzatdi. Kunlar kelib yana kim bilsin ularning sirli qanoti biz uchun qorong‘u bo‘lgan ruhiyat sirlaridan ogoh etsa ajabmas».

Bu fikrlar aytilganiga bir asrdan ziyod vaqt bo‘lgan bo‘lsa ham, yuksak texnik imkoniyatlarga ega bo‘lgan zamonaviy tibbiyot ham hali hanuz miya tadqiqoti uning mohiyati hamda sirini anglay olgani yo‘q. O‘rganishda davom etmoqda. Hayrat oshsa oshdi-ki, aslo so‘ngani yo‘q. Tugal yechimga ham kelinmadi, balki kela olishmasa ham kerak?!

Mazkur sohada juda ko‘p izlanishlar hamda tadqiqotlar olib borilmoqda. Miyaning tilsimli jumboqlarini yechish maqsadida keng miqyosdagi ilmiy loyihalarga katta mablag‘lar sarflanmoqda. Miya tadqiqotining fan sifatida namoyon bo‘lishida amerikalik nevrolog olim Eric Kandelning 1960 yillarda boshlagan ilmiy tadqiqoti asos bo‘lgan. U zamondoshi Charlez Sherrington (1857-1952)ning nevrologiya asoslari yuzasidan fikrlariga tayangan holda izlanishlar olib borgan.

Harry Grundfest (1904–1983), Kolumbiya universiteti nevrologiya fanlari professori bilan birga bu sohada ahamiyatga molik yangiliklar va ilmiy tushunchalarni fanga taqdim etgan. Yuksak xizmatlari uchun 2000 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishining o‘zi ham Erik Kandelni bu soha yetakchisi sifatida ta’riflashimizga asos bo‘la oladi. 1970–80 yillarga Germaniyada ham miya tadqiqoti yuzasidan yuksak qiziqishlar ila ilmiy izlanishlar avj oldi. Gerhard Preiß, Gerard Friedrich, hozirgi kunda Manfred Spitzer, Gerald Hüther kabi bir qancha olimlar bu sohaning yanada taraqqiy va takomillashuviga xizmat qilib kelishmoqda.

Garchi miya inson tana a’zolari qatoridagi og‘irligi 1 kilogrammdan ortiqroq hisoblangan oddiy bir qism bo‘lsa-da, u o‘zining 100 milliard neyronlari hamda har bir neyron o‘zi bilan hosil qiluvchi 10.000 sinapslari bilan, bizni borliqni anglay olishimizga, uni ma’lum qadar o‘zgartira olishimizga, dunyo bilan muloqotga kirishishimizga, ma’lumotlarni saqlay olishimizga, butun bir hayot mazmunini: azob, quvonch, muhabbat, hamdardlik va boshqa his-tuyg‘ularni seza olishimizga javobgar bo‘lgan jismimiznig bir bo‘lagidir.

Miya shunday a’zoki, u hayratga soladigan vazifalarni bajara olsa-da, juda kam e’tirof qilinadi. Aqlga sig‘ishi mushkul bo‘lgan ulkan topshiriq va funksiyalarni osonlikcha uddalashi haqida ko‘pchilik fikrlab ham ko‘rmaydi. Sodda usulda e’tirof etadigan bo‘lsak: ikki kishi xiyobon bo‘ylab sayr qilayapti. Bu holatda miya hech qanday qiyinchiliksiz tanamiz muvozanatini saqlab, oldinga qarab harakat qilishimizga, yura olishimizga mas’ul bo‘ladi. Bunda albatta vizual sistema – ko‘z ham to‘siqlardan o‘tib, to‘g‘ri yo‘lni topishimizga yordam beradi. Bir vaqtning o‘zida biz yonimizdagi hamrohimizni eshitib va yana tushuna olamiz.

Uning so‘zlariga muvofiq miyamizdagi shu mavzuga oid xotira va tasavvurlarni gavdalantira olamiz va yana bevosita uning savollariga javob ham beramiz. Bularning hammasi, harakat, ko‘rish, eshitish, his qilish, sezish, xotirlash, gavdalantirish, o‘ylash va javob berish funksiyalari bir vaqtning o‘zida sodir bo‘ladi. Yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarni zamonamizning eng so‘nggi modelidagi kompyuteriga ham bir vaqtda yuklash mushkullik tug‘diradi.

Ayniqsa, gapirish tizimi juda nozik hamda tez xato qilishga moyil bo‘ladi. Miya esa uni ham yuqorida sanab o‘tilgan funksiyalar bilan bir qatorda bajara oladi. Bir kichik tana a’zosining, arzimas vatt energiya quvvati sarflash evaziga bir talay murakkab vazifalarni bir vaqtda uddalay olishi hayratlanarli emas-mi? Uning bu kabi mukammal ishlashining siri nimada? Nima uchun kompyuter miyaga tenglasha olmaydi? Miya tadqiqoti shu kabi savollarga javob izlash bilan shug‘illanadi.

Soha mutaxassislarining ta’kidlashlaricha, chaqaloq tug‘ilmasdan oldin, ona qornidaligidayoq, uning miyasida 100 milliard neyronlar shakllantirilib, rivojlantiriladi. Bola dunyoga kelishi bilanoq, uning miyasi bir inson uchun kerak bo‘ladigan barcha asab tolalariga ega bo‘ladi. Ularning soni o‘smaydi, biroq bola o‘sib rivojlangani sari, taassurot olganda, odatlanishni o‘rganganda bu asab tolalari uzayadi va tarmoqlarga ajraladi. Go‘dak yangi tug‘ilganida miyasi 250dan 750 grammgacha og‘irlikni tashkil etsa, bir yoshga yetganda, uning miya og‘irligi tug‘ilganiga nisbatan ikki barobar og‘irlashadi.

Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, miya asosan 85% suvdan, 170 gram yog‘dan, bir oz oqsil, uch oshqoshiq tuz va bir qancha kompleks molekulalardan tarkib topgan.

Shu o‘rinda 14 asr muqaddam fandan butkul yiroq bo‘lgan, miya tadqiqoti emas, balki hatto yozish hamda o‘qishnida bilmagan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga nozil etilgan Qur’oni karim suralarida ham bunga dalolat qiluvchi ilmiy hujjatlar borligini eslatib o‘tish joiz: «Osmonlar ham yer ham (avvalda) yaxlit bo‘lganini, bas, Biz uni yorib, yuborganimizni va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmaydilarmi?» ("Anbiyo" surasi, 30-oyat).

Miyaning eng kichik funktional birligi bu nerv tolalari yoki neyronlardir
Neyronlar o‘zi qanday ko‘rinishga ega? Umuman olganda ularning tarkibiy tuzilishida bir qator umumiyliklar mavjud. U boshqa tana a’zolaridan farqli o‘laroq o‘ziga osilib turgan uzun va ingichka novdachalariga, o‘simtalariga egadir. Mana shu qo‘shimcha novdachalari boshqa neyron yoki muskul hujayralari bilan birikishi uchun xizmat qiladi.

Asosan neyronlar ikki xil novdacha – o‘simtalarga ega bo‘ladi. Hujayra tanachasidan to‘qima tomon cho‘zilgan hamda shohlanib ketgani - Dendridlar deb ataladi. Ular 0,1 millimetr uzunlikda bo‘ladi. Undan tashqari yana bir boshqa novdacha bu – Axondir. U dendridga nisbatan sezilarli darajada uzunroq bo‘lib, insonlarda ba’zan 1 metrdan ham ziyod uzunlikda uchraydi. Neyronlarni mikroskop ostida yana ham kattalashtirib kuzatilganda aniq bo‘ladiki, ko‘plab hujayra tiplarining dendridlari o‘zi bilan dendritik spines – ya’ni, kalta o‘simtalar deb ataluvchi tikonsimon mayda novdachalarni, o‘simtalarni ko‘tarib yuradi. Xuddi shunday axonlar ham axonal boutonslarga ega bo‘ladilar. Dendritik spines – kalta o‘simltalar hamda axonal boutonslar yana ham kattalshtirilib kuzatilganda, ular neyronlararo aloqa hamda bog‘lanish o‘chog‘i, joyining yaqqol tizimi sifatida namoyon bo‘ladi. Bular – sinapslardir. Ya’ni, sinaps bir neyronning axonal boutoni hamda boshqa neyronning dendrit spines boshchasidan tarkib topgan bo‘ladi. Neyronlar o‘zlarining o‘ziga birikkan qismi, mayda novdachalari bilan ma’lumotlarni qabul qiladi. Ularni qayta ishlaydi va sinapslar orqali boshqa neyronga uzatadi.

Fanda asab tolalari, nerv hujayralarining yana bir qancha mayda zarrachalarga bo‘linib ketganini aniqlanganligiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Bu borada yuqorida ham ta’kidlab o‘tildi. Bu mayda zarrachalar yuzasidan Qur’oni karim suralariga murojaat qilinganda ham, ular haqida oyatlar nozil etilganiga guvoh bo‘lamiz: «Osmonlar va yerdagi bir zarra misqolchalik, undan ham kichik yoki katta biron narsa maxfiy bo‘lmas, albatta ochiq kitobda mavjuddir» ("Saba’" surasi, 3–oyat).

Quyida Clancy nuqtai nazarida miyaning tuzilishi va tarkibiy qismlariga qisqacha to‘xtalib o‘tiladi.

Miyaning tarkibiy qismlari
Miya yuqorida ta’kidlab o‘tilgani kabi, asosan neyronlardan (asab tolalaridan) tashkil topgan bo‘lib, bu neyronlar bevosita boshqa neyronlar hamda markaziy asab tizimi bilan uzviy bog‘langan bo‘ladi. Bu maxsus neyron paylari, bog‘lamlari deb ataluvchi a’zo har bir tolasining o‘ziga yuklatilgan aniq va maxsus vazifalari bor. Umumiy olganda miya ikki yarim shardan iborat. O‘ng qismi odatda intuitiv (ichki his orqali) o‘ylash jarayoni uchun mas’ul bo‘lsa, chap yarim shar asosan mantiqiy jarayonni boshqaradi.

Corpus callosim (balken) – qadoqsimon tana bo‘lib, u miyaning ikkala yarim sharlari orasidagi asab tolalaridan tashkil topgan birikish joyidir. Bu qadoqsimon tana samarali o‘rganish uchun miyaning ikkala yarim sharlari funksiyalarini butunlab, to‘ldirib turish uchun mas’uldir.

Miya uch katta qismdan iborat: Orqa miya (o‘zak miya), oraliq miya hamda bosh yoki old miya (kortex). Orqa miya (o‘zak miya) nafas olish va chiqarish kabi avtomatik vazifalarni bajaruvchi Pons – ya’ni, miya ko‘prigidan, medulla oblongarta – uzunchoq miyadan, ma’lumotlarni olib va uzatib turuvchi neyronlar tarmog‘idan, ongni, inson hushini boshqarishda muhim bo‘lgan formation retikularis – to‘r formatsiyasidan hamda harakatni boshqarib, tana muvozanatini saqlab turish hamda muskullar uyg‘unligini nazoratiga mas’ul bo‘lgan miyachadan tashkil topgan.

Bulardan tashqari yana miyaning quyidagi muhim qismlari mavjud:
Thalamus – ko‘ruv bo‘rtig‘i – bosh miya qobig‘i hamda sezgi organlaridagi ma’lumotlar oqimini uzatib turuvchi rele stansiyasi.
Hypothalamus – gipotalamus, ya’ni bo‘rtiq osti soha – tana harorati, ochlik hamda uyquning yuzaga kelishini nazorat qiluvchi markaz; bundan tashqari u stress reaksiyalari paydo bo‘ladigan joydir.
Amugdala – limbik tizim, hissiyotlarni nazorat qiluvchi a’zo.
Hypophyse – gipofiz bezi – endokrin tizimining eng asosiy va muhim bezi, qaysiki boshqa endokrin bezlarining funksiyalarini boshqaradi.
Cortex cerebri – bosh miya qobig‘i – miyaning bir qancha kompleks funksiyalarida salmoqli ahamiyatga ega (xotira, e’tibor, idrok, fikrlash, gapirish, ong).

Yaqin kunlarda olib borilgan tibbiy tadqiqotlardan birida ham yana bir bor isbotlandiki, inson bosh suyagi peshona qismida, miyaning ma’lum asosiy faoliyatlarini boshqarib turuvchi markaz (cortex) borligi ayon bo‘ldi. Bu markaz kortex motivatsiya, harakat va amallarni: yaxshi-yomon amallarni ham rejalashtirishi, anglashi, rost-yolg‘on so‘zlarni aytishga qaror qabul qilishi va aytishi kabi funksiyalarni boshqaradi. Anatom va fiziolog olimlar Martini hamda Bartholomew qarashlarida ham buni tasdiq etuvchi fikrlar mavjud: «Aftidan, miyaning old, peshona qismi harakat funksiyalari bilan bir qatorda, tajovuzkorlik hissining funksional markazi bo‘lishi ham mumkin». Bu ma’lumot ham Qur’oni karim suralarida keltirib o‘tilgan: «Yo‘q, qasamki, agar u (bunday gumrohlikdan) to‘xtamasa, albatta biz uni o‘sha peshona sochidan, o‘sha yolg‘onchi, adashgan peshona sochidan tutarmiz» ("Alaq" surasi, 15–16 oyatlar).

Miyada o‘rganish jarayoni
Har bir neyron o‘zida 10.000 sinaptik birikmani mujassam etgan 100 milliard neyronlardan tashkil topgan. Miyada o‘rganish jarayoni bu – neyron populyatsiyalarining qurilish tizimi, barpo etilishidir.

Miya va uni o‘rganish jarayoni bilan asosan Neyrodidaktika fani shug‘ullanadi. 1980 yilning oxirlarida didaktik olim Gerhard Preiß ilk bora bu tushunchani zamonaviy miya tadqiqotining natijalari didaktikani kengroq ochib berish hamda uni pedagogikada sinash, qo‘llash orqali o‘rganish jarayonini natijali va samarali bo‘lishida juda muhim yo‘nalish ekanligini ta’kidlab, fanga olib kirgan.

O‘rganish jarayonining natijali hamda samarali bo‘lishini ta’minlovchi bir qancha omillar mavjud. Bularning har biri alohida maqola uchun mavzu bo‘la oladi. Quyida mening e’tiborimni tortgan neyrodidaktikaning bir jihatini xulosa o‘rnida qisqacha bayon etishni joiz topdim.

Qur’oni karimdagi ba’zi ko‘rsatmalarning bir necha bor takrorlanishi, asosan payg‘ambarlar qissalarining takror-takror eslatilishi, ayrim muhim eslatmalarning ikki-uch bora ta’kidi – buning siri nimada ekanligini hamda sababini chuqurroq anglashga chorlar edi. Albatta, Alloh O‘zi Hakim, zot, bunda shubhasiz hikmat borligini sezsam-da, mohiyatini tushunmas edim. Neyrodidaktik olimlarning kuzatuvi natijalariga ko‘ra, miyada kiritilayotgan ma’lumot saqlanishi uchun, ta’lim beruvchi uni kamida ikki, yaxshisi uch yoki undan ham ko‘proq qaytarib, eslatishi zarur ekan. Bu ma’lumot doimiy xotirada joylanishi uchun esa davomiy qaytarib, takrorlab turilishi yoki aynan shu ma’lumotni boshqa bir shaxsga aytib, hikoya qilib berishi juda muhim hisoblanadi. Agar o‘rganish shu asosda tashkil qilinsa, u albatta natijali hamda samarali bo‘lishi kafolatlanar ekan. Bu ilmiy hulosalar meni qiziqtirayotgan savollarga to‘la javob bo‘la olar edi. O‘zi yaratgan mahluqini nimalarga qodir-u, qanday qobiliyat sohibi ekanligini mukammal bilguvchi HOLIQ insonni unutuvchi ekanini, qaysi yo‘l orqali unga fikrni ifodalash, ko‘rsatma berish foydali ekanligini, inson fitratidan batamom ogohligi uchun shu tarzda takror va takror eslatgani bejiz emas ekan. Islom, xususan Qur’on ta’lim bergan ilm olishga rag‘bat, uni mustahkamlash uchun doimiy mashq qilish, egallash uchun esa uni boshqalarga ham o‘rgatishni, neyrodidaktika o‘rganishning asosi deya ta’riflashi ham dinimizning beshak haq din ekani, Qur’oni karim suralaridagi oyatlarning ham shubhasiz Haq so‘z ekaniga yana bir bor dalolat qiladi.

Maqolaning nazariy qismida keltirilgan ilmiy tadqiqotlar natijasining Qur’oni karim suralaridagi oyatlar bilan uyg‘un kelishining qisqacha bayoni, insoniyatni faqat yorug‘lik sari yetaklovchi, ilm olish, jamiyat rivojiga hissa qo‘shish, yaxshilik qilish hamda tafakkur ila hamisha ezgulikka intilishni ta’lim beruvchi ilohiy Kitobning ilmiy haqiqatlarini anglab, yana bir bor tadabbur qilishga, hamda uning ezgu ko‘rsatmaliriga amal qilib yashashga, yanada chuqurroq fikrlashga va ilm olishga bo‘lgan rag‘batning bir oz bo‘lsa-da, kuchayishiga sabab bo‘lishidan umidvormiz.
Mavjuda ABDURAIMOVA

Manba: islom.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Miya tadqiqoti hamda uning ilohiy bitiklar bilan uyg‘unligi