14:14 / 23.02.2019
4 992

"Pinhona" yaxshilikning "oshkora" halovati...

"Pinhona" yaxshilikning "oshkora" halovati...
Otam o‘qituvchi edi. O‘quvchilariga yordam berishni juda yaxshi ko‘rar edi. Ammo otam yaxshilikni pinhona, hech kimga bildirmay qilardi. Sizga otam bilan bog‘liq bir hodisani gapirib beraman. Bir necha yillar avval maktab bog‘ini kezib yurib otam buloq yonidagi daraxtlar orasidan kelayotgan yig‘i tovushi qulog‘iga chalinibdi.

Sekin ovoz kelayotgan tomonga yursa, o‘zining sinfidagi o‘quvchilardan biri yig‘lab o‘tirgan ekan. O‘quvchining aft-angoridan moddiy ahvoli haminqadarroq oila farzandi ekani sezilib turgan ekan. Otam bolakayning yaqiniga borib:
— Nima bo‘ldi, o‘g‘lim, tinchlikmi? Nega yig‘layapsan? - deya so‘rabdi.
— O‘rtoqlarim o‘ynayaptilar. Qo‘lim majruh bo‘lgani uchun meni o‘yinlariga qo‘shmayaptilar,- deya javob beribdi o‘quvchi yig‘lamsirab.
— Qani, men bilan yur-chi, - deb otam bolani yetaklab uni o‘yinlariga qo‘shmayotgan o‘rtoqlari tomon yuradi.

Otam bolalarga bu ishlari yaxshi emasligini, qo‘li nogiron o‘rtoqlarining o‘rniga ular ham bo‘lib qolishi mumkinligini, har bir odamning o‘ziga xos bir kemtikligi bo‘lishini aytib, bolakayni o‘rtoqlarining o‘yiniga qo‘shib qo‘yadi. So‘ng o‘qituvchilar xonasiga kelib, doktor og‘aynisiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni anglatadi. Doktor ham jarrohlik amaliyoti yo‘li bilan bolakayni davolashini, muolaja xarajatlarining bir qismini o‘z hisobidan qoplashini aytadi. Qolgan qismini esa otamning o‘zi to‘laydigan bo‘libdi. Bolaning oilasi bilan bu haqida gaplashgani amakimni jo‘natadi. Chunki otam yordamini hammaga ko‘z-ko‘z qilishni istamaydi. Bola o‘qituvchisi oldida o‘zini qarzdor his qilishi mumkinligini o‘ylab, bu holatda o‘zi chetda turishni ko‘zlaydi. Maktabdan bolaning uy adresini olib yo‘lga tushgan amakim, manzilga kelganida noxush holatga tushadi. Uy juda eski va kichkina kulbaga monand ekan. Devorlari nurab, to‘kilib yotgan uy eshigini chalibdi. Ust-boshi uniqqan, yirtiq-yamoq kiyimli bir ayol eshikni ochibdi. Amakim undan bir qo‘li majruh bolasi bor-yo‘qligini so‘rab, javobdan o‘ziga kerak xonadonga kelganini biladi va ayolga:

— Mumkin bo‘lsa, ichkarida gaplashsak. Siz uchun muhim masala sababli kelgandim, - deydi.
Ayol xijolatli alpozda amakimni uyga taklif qiladi. Amakim uyning ichkarisi tashqarsidan ham battar xarob ahvoldaligini ko‘rib, yuragi orqaga tortib ketibdi. Birgina xonadan iborat kulbaning bir burchagidan oshxona sifatida foydalanarkan oil. Boshqa tomoni esa yotoqxona, mehmonxona vazifasini bajarar ekan. Amakim istihola bilan so‘zga kiribdi:
— Meni saxovatpesha bir inson siz tomonga jo‘natdi. O‘g‘lingizning sog‘ayishiga yordam berishni istayapti u. O‘g‘lingizni jarrohlik amaliyoti bilan davolashga rozi bo‘lsangiz bo‘ldi, barcha sarf-xarajatlarni o‘sha insonning o‘zi qiladi.
— Shu zamonda ham bunday yaxshilik qiladigan odam bor ekanmi?- Ayol hayrat va ishonchsizlik bilan amakimga qarabdi.
— Ha, yaxshi insonlar bor, xonim. Siz ishoning...
— Mayliku-ya, faqat men erimdan bir og‘iz so‘rab ko‘ray-da...
— Bo‘pti. Unday bo‘lsa men sizga telefon nomerimni qoldiraman. Albatta menta qo‘ng‘iroq qilib, javobingizni aytasiz...
Bir-ikki kundan so‘ng bolaning oilasi amakimga qo‘ng‘iroq qilib, jarrohlik amaliyotiga rozi ekanliklarini aytishadi. Amaliyot muvaffaqiyatli o‘tib, bolakay darddan, mahzunlikdan xalos bo‘ladi. Ayni paytda o‘sha bolakay nomdor jarroh-doktor sifatida elda obro‘ qozongan.

Bir kuni televizorda namoyish qilingan bir dasturda “Mening jarroh bo‘lishimga sabab bo‘lgan insondan minnatdorman. Agar shunday inson bo‘lmaganida hozir taniqli shifokor bo‘lolmasdim va hozir bu dasturga mashhur jarroh sifatida taklif qilinmagan bo‘lardim. O‘sha inson sababli mening ham hayotdagi yagona maqsadim insonlarga yordam qilish, yaxshilik qilish bo‘lib qolgan. Har yili uch-to‘rt yordamga muhtoj bemorga o‘z hisobimdan beminnat yordam qilaman, davolayman, jarrohlik amaliyotini o‘tkazaman. Ularning minnatdorona qiyofalaridan shunaqangi baxt, huzur, xotirjamlik topamanki, bu tuyg‘ularni millardlab dollar tuhfa etolmaydi!” dedi. O‘sha kezda otamning sevinch-va g‘ururdan ko‘ziga yosh kelganini ko‘rib, insonlarga yaxshilik qilish, ehtiyojmandlarga yordam qilish neqadar ulug‘vor va rohatbaxsh amal ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildim.
Turk tilidan
Umida AZIZ tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Pinhona" yaxshilikning "oshkora" halovati...