15:24 / 23.03.2019
5 338

Qora shim

Qora shim
Bolaligimizda bor-yoʻq, yoʻqlar koʻp edi. Nima istasak “yoʻq”, deyilardi. Ota-onamiz qiyinchilik davrlarda katta boʻlishgan. Bizlar ham ularning koʻrgan qiyinchiliklari taʼsir etadigan davrga toʻgʻri keldik (men oʻzim 1962 yili tugʻilganman). Nima istasak “yoʻq”, nima xohlasak “yoʻq”. Masalan, “shim olib bering”, desam, “yoʻq” deyishadi, “oʻyinchoq olib bering”, deyman, “oʻzing yasa”. Men oʻyinchoqlarimni loydan yasaganman. Baʼzan otamning choʻntaklarini kesib, ichiga yung solib toʻp qilib oʻynardim. Singlim qoʻgʻirchoqlarini oʻzi tikardi. Shuning uchun oddiy narsaning qadrini ham juda yaxshi bilamiz.

Bir kuni dadam, “sizlarga yangi shim olib kelaman”, dedilar. Biz juda xursand edik. “Yoʻq”larga oʻrgangan quloqlarimizga juda yoqimli eshitildi bu. Uch aka-singil qishloq tashqarisiga chiqdik. Qoʻllarimizni iyagimizga qoʻyib xayol sura boshladik: “Hokimning oʻgʻliga oʻxshab bizlar ham yangi shim kiyamiz...”

Men uchinchi sinfga borardim. Singlim birinchi sinf, ukam Rafet olti yoshda. Bizlar u paytda gulli ishtonlar kiyar edik.
Ukam menga:
— Shimingizni qaysi rangda boʻlishini xohlaysiz, akajon, — dedi.
Juda sodda boʻlganmiz, butun qishloqda elektr, televizor yoʻq, dunyodan bexabar edik.
— Qora rangli boʻlsin, — dedim.
— Qaniydi meniki koʻk boʻlsa...
— Shahar oyoq kiyimini ham sotib oladilarmi, — deb yana soʻradi.
Men “yoʻq”, dedim.
— Qora rezinka kalish bor-ku, oʻshandan olib keladilar.

Oʻsha paytda uzoqdan avtobus koʻrindi. Orqasidan chang toʻzitib kelyapti. Bor umidimiz shu, uzoq kutganimiz — shim kelyapti. Dadam paketlarni ochdilar. Menga qora shim, oq yoqalik qora kiyim va qora kalish. Singlimga ham huddi shu kiyimlar. Lekin havas bilan kutgan, bizlarga savol berib hayajonlantirgan Rafet ukam hayron. Paketlarni rosa titdi, oʻzinikini topa olmagandan keyin dadamga qarab, umid bilan “menga yoʻqmi?” dedi.

— Senga keyingi safar albatta olib kelaman, — dedilar.
— Lekin men rosa kutayotgan edim, — dedi ukam va yigʻlab boshqa xonaga kirib ketdi. Dadamning koʻzlari yoshinqiradi. Kechki ovqat dasturxonida hammamiz jim oʻtiribmiz. Faqatgina ukamning yigʻisiragan ovozi eshitilardi, xoʻrsinib-xoʻrsinib qoʻyar edi.
Men ertalab maktabga ketdim. Kelganimda ukam menga qarab:
— Akajon, sizga qora shim rosa yarashibdi, men ham bir kiyib koʻrsam boʻladimi?
— Yoʻq, kir qilib qoʻyasan, — dedim. Ikkinchi kun ham rosa yalindi, bermadim. Uchinchi kun ham bermadim. Men ularni yotogʻim yoniga qoʻyib asrar edim. Rosa xohlab zoʻrgʻa erishganman axir.
Toʻrtinchi kun ham oldimga kelib:
— Akajon, bu yangi shim sizni juda chiroyli qilib turibdi, oyoq kiyimingiz ham yarashibdi, menga ham yarashsa kerak-a, — dedi.
Bermaslik uchun bahona qila boshladim, — senga toʻgʻri kelmaydi, uzun bu.
— Poychasini shimarib kiyaman, — dedi.
— Yoʻq, kir qilib qoʻyasan, — desam:
— Gilam ustida kiyaman, — deb javob qaytardi. — Iltimos, besh daqiqa xolos...
— Boʻpti ertaga juma kuni maktabdan kelib beraman, faqat besh daqiqaga, kir qilmaysan, biron narsa boʻlsa, yomon qilaman, — dedim. Kechqurun birga yotibmiz, ukam sekingina meni turtib:
— Soʻzingizdan qaytib qolmaysiz-a, haqiqatda berasiz-a, — deya koʻzlarida quvonch bilan soʻrar edi.
— Ha beraman, — dedim.
— Men ertalabgacha uxlamayman, tezroq tong otsin, tezroq shimni kiyay, — dedi.
Ertalab maktabga ketish uchun turganimda ukam ham turdi.
— Akajon, bugun vaqtliroq keling, xoʻpmi, men sizni shu eshik oldida kutaman, — dedi.
Maktabga ketyapman, orqaga qarasam, ukam hovli eshigi oldida turibdi...

Uchinchi darsda sinfimiz eshigi ochildi, direktorimiz kirib keldi. Oʻqituvchimiz qulogʻiga bir narsa dedi va menga qarab, “Alishon, bolam, uyingga boraqol, otang seni kutyapti”, dedi. Xayolimga kelgan birinchi narsa, ukam otamga ayttirib meni chaqirtiryapti, tezroq shimni kiymoqchi, deb oʻyladim. Maktabdan chiqdim, qarasam, qishloqdagilar ham biznikiga qarab ketishyapti. Men hech narsani tushunmayapman, toʻqqiz yoshdaman. Darrov eshik tevaragiga qaradim, ukam kutib turishi kerak edi, lekin yoʻq. Hovliga kirdim, butun qishloq biznikida. Onam dod, deb baqiryaptilar... “Rafetimni bering menga, bolajonim, qoʻzichogʻim...”

Chol amaki yangi olgan traktori bilan eshigimiz oldidan oʻtadi, bolachani koʻrmaydi, ukam traktor tagida jon bergan edi...
Men ukajonimga shimimni kiydirmoqchi boʻlgan kunim... ukam...

Otam muhabbatni koʻrmagani uchun, u muhabbatni bizlarga ham berishni bilmadi. Bizlarni yaxshi koʻrardi, lekin muhabbatini koʻrsatolmasdi. Bizlarni quchoqlamasdi, bagʻriga bosolmasdi. Ey doʻstlar, muhabbati­ngizni koʻrsating, sevganingizni bildiring. Oʻsha kuni ukam yuvilganidan keyin kafanlandi, dadam ilk marotaba, men olaman dedilar va ukamni bagʻirlariga bosdilar. Faryod qilib: “Rafet, men seni mozorga emas, bozorga oborib, shim olib bermoqchi edim, oʻgʻlim... tur oʻgʻlim, iltimos, yur bozorga boramiz...” va yigʻlab-yigʻlab mozorga ketdilar.

Men hozir oʻylayapman, qaniydi hayotlik paytida aytsalar edi. Biz u soʻzlarni eshitish uchun koʻp kutdik, lekin eshitmadik. Endi otam ukam eshitolmaydigan paytda baqirib faryod qilyaptilar.

Hozirgi bolalar bizlarda topa olmagan muhabbatni qoʻl telefonlaridan qidiryaptilar. Nega bolalar boshqa narsalarga talpin­yapti. Bolalarni oʻgʻrilash uchun xilvatlarda kutayotgan insonlar ota-onasi koʻrsatmagan tabassum bilan ularni aldayaptilar.

Yurtimni, oilamni, bolalarimni sevaman. Oldin koʻpincha band boʻlar edim, turli yigʻilishlarga, konferensiyalarga borardim. Ammo bu yil bormayapman. Chunki mening qizim saraton kasalligiga chalingan. Endi u davolanyapti, men esa doim farzandim oldida boʻlishga harakat qilyapman. Hozir qizim yashayapti va shu hayotlik paytida, men uni rosa yaxshi koʻrishimni koʻzlariga qarab ochiq aytyapman. Men qizimni yaxshi koʻraman va buni yashirmayapman...
Fayzullaxon OTAXONOV tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qora shim