21:55 / 30.04.2019
4 359

Hech qachon tish yorib birovga nolimang...

Hech qachon tish yorib birovga nolimang...
Hayotiy kuzatishlar taqozo qilishicha, erkaklarga nisbatan ayollar o‘zlarini ko‘proq baxtsiz his qilar ekanlar.

Shunday ayolni bilaman. Turmush o‘rtog‘i havas qilsa arzigulik erkak. Ro‘zg‘orida to‘kinlik. Ikki nafar farzandi bor. Ayolning boshida bolalarining kam-ko‘sti, turmushdagi yetishmovchilik tashvishlari yo‘q. Ammo har ko‘rganimda albatta norozilangan alpozda, o‘zini baxtsiz sanab diydiyo qilishidan taajjublanaman.

"Hayotimda rang yo‘q,- deydi boyvuchcha xonim istehzo bilan atrofga qarab.- Faqat bir xillik. Ertalab erni ishga kuzat, bolalarni maktabiga tashlab kel, qaynonangni qosh-qovog‘iga termulib, u istagan taomni pishir... Qaynota- qaynonam keksayib qolishgan, ichadigani qaynatma sho‘rva. Ikkita qozonga ikki xil ovqat osishim kerak. Jonga tegdi, oshxonada kuymalanish ham. Er-xotin degani alohida restoranlarda ovqatlansak, kino-konsertlarga birga borsak, deyman. Konsertga chipta olib kelsa “Onam bilan borib kel” deydi. Bilmadim, nega taqdirim bunaqa ekan? Odam degan ham shunchalik baxtsiz bo‘ladimi?"..

Yana bir ayolni taniyman. Eri o‘tib qolib, besh bola bilan beva qolgan. Turish-turmushi kamxarjgina. Buning ustiga bolalarining... beshshovi ham sog‘lom emas, desam ishonmassiz hoynahoy?! Ammo shu ayolning tilidan biror marta bo‘lsin yozg‘irish, nolish, noshukrlik, “baxtsizman!,” degan iddao sirg‘alib chiqqanini eshitmaganman! Balki, taqdirning ayovsiz sinovlari jonidan o‘tganida “shunchalik ham baxtsiz bo‘lamanmi?! Erim erta o‘tib ketsa, farzandlarim kasalmand bo‘lsa, boz ustiga bir o‘g‘lim tirnoqqa zor, bir qizim yoshi o‘tib, qirqqa chiqqanida uzatilsa-yu, bir yilda baxtsiz bo‘lib qaytsa, men Xudoga nima yomonlik yozuvdim?!”,- deya yozg‘irgandirov degan o‘yda ayolni yaqindan taniydigan kattalardan so‘radim.

"Yo‘q,- deyishdi uni yaqindan biladiganlar ham.- Falonchi opa hech qachon noshukrlik qilmaganlar. Yuzlarida tabassum bilan, ado bo‘layozgan yuraklaridagi iztirobni allalab yashaydilar..."
***
Bir yigit donishmandga borib qanday qilib dunyodagi eng baxtiyor inson bo‘lishi mumkinligini so‘rabdi. Donishmand mamlakatdagi eng baxtli odamni topib, uning kiyimini kiysa baxtli bo‘lishini aytibdi. Yigit eng baxtli odam podshoh bo‘lsa kerak, deb shohning oldiga boribdi. "Siz baxtlimisiz?" - so‘rabdi u. Podshoh hamma narsasi yetarliligini, lekin xalq va xazinani boshqarishda muammolari borligini aytibdi. Baxt istagidadagi kishi vazirlar, qoziyu, savdogarlarga uchrashibdi. Ularning hech biri "baxtliman", deyolmabdi.

Kechalari uxlayolmasligini, to‘plagan boyliklarini yo‘qotishdan qo‘rqishini, kasalligini, farzandsizligini, xullas, hammasi g‘am-tashvishlarini aytibdi. Dunyoda eng baxtli inson bo‘lish niyatidagi yigit “nahotki, birorta odam baxtli bo‘lmasa?..”, degan o‘yda baxtli odam izlagancha chekka bir qishloqqa boribdi. Ko‘zi uzoqdan ashula aytib omochda yer haydayotgan dehqonga tushibdi. Dehqonning boshida eski do‘ppi, egnida yirtiq chopon, oyog‘ida eski choriq lekin xursandligi, baxtiyorligi yuz-ko‘zidan bilinib turgan ekan. Yigit uning holatini ko‘rib: "Shu odam baxtiyor inson bo‘lsa kerak" - deya salom beribdi-da,"baxtlimisiz" - deb so‘rabdi.

Dehqon "men eng baxtli insonman", - deb javob beribdi. Yigit undan ko‘ylagini so‘ragan ekan, "o‘sha ko‘ylakning o‘zi yo‘q-da, bo‘lsa berardim" - deb dehqon to‘nini yechibdi. “Bugungi rizqim bor, ertaligini ham Alloh beradi,- debdi baxtli kishi o‘ziga hayrat bilan termulib turgan yigitga qarab.- Men bugun baxtliman, shu kun bilan yashayman. To‘rt mucham sog‘, Xudoga shukr, mehnat qilib rohatlanaman, tinch uxlayman, oilam, farzandlarim bor, xotirjamman. Shuning o‘zi ulug‘ baxt emasmi?..”
***
Siz baxtlisiz, yurtdosh! Bir baxtingiz tinch, farovon yurtda yashayotganingiz. Har kuni minglab odamlar oqimiga qo‘shilib ishga borib kelyapsizmi? Baxtli ekansiz, ishingiz bor ekan. Farzandlaringizning birini bog‘chaga, birini maktabga olib boryapsizmi? Bolalaringiz sog‘-salomat, “yeyman”, “kiyaman” deb turishibdimi? Shukr qiling, birodar, dunyodagi eng BAXTLI inson siz ekansiz! Ota-onangiz hayotmilar? Har kuni ishga ketayotib duolarini olasizmi? Ishdan qaytganingizda onangiz uxlamay eshik oldida sizni kutib turgan bo‘ladimi? Do‘stim, bu baxtingizni qadriga yeting! Sizni jonidan ortiq ko‘radigan juftingiz bormi? Gohida aytishib, gohida bir-biringizga suyanib hayot tashvishlarini yengib o‘tyapsizlarmi?

Baxtingizga ko‘z tegmasin, bardavom bo‘lsin, zamondosh! Baxtsizman, deya nolimang. Noshukrlikdan naf yo‘q. Yozg‘irgan bilan baxt osmondan qo‘limizga tushib yo yurgan yo‘limizda paydo bo‘lmaydi. Baxtni o‘zimiz izlab topamiz. Baxt shundoq yonginamizda. Faqat biz uni ko‘ra olishimiz va avaylashimiz kerak, xolos...
Kubro Buyuk

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hech qachon tish yorib birovga nolimang...