Qishloq baribir boshqacha-da. Ertalab sigir-buzoqning ma’rashi-yu, tanani seskantiruvchi yeldan uyg‘onib ketaman. Yana bir kun, yangi tashvishlar boshlanadi.
Endi bu yog‘ini so‘rasangiz, zamonaviy yoshlar aytganidek hammasi “okey”, ammo kichkina muammo bor. Aytsammi yoki aytmasam? Qishloqda havo beg‘ubor emas, deysizmi? Shunday tozaki, o‘pkani to‘ldirib nafas olar ekanman, butun dil-dunyoyim ravshanlashib ketadi. Ayni yoz bo‘lganidan hammayoq yam-yashil, bog‘larda sayroqi qushlar, dala-dashtda mehnatkashlar tinmaydi. Xullas, kitoblarda tavsiflanadigan “saxiy va quvnoq yoz”ning haqiqiy ko‘rinishi!
Bu tarafdan-ku e’tiroz yo‘q. Ammo qishloqqa kelganimda bir-ikki kun o‘tgach, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Shaharda yurgan vaqtimda qishlog‘imizning baland tog‘lar bilan o‘ralgan vodiyda joylashgani va siz tahlil va tanqid qiladigan “o‘rgimchak to‘ri”ning yaxshi ishlamasligini biroz unutib qo‘yibman. Mendek “zukko va yangilikka intiluvchi” talabaga ertasi kuniyoq internet zarur bo‘lib qoldi. Darhol uyali telefonimni olib ishga kirishdim. Afsus, qani endi “signal” degan narsa ko‘rinsa-yu, telefonim qimir etsa?! Birpasda sovuq terga tushdim. “Shoshganda labbay topilmaydi” deganlaridek oyim buyurgan ishlar ham esimdan chiqib ketibdi. Hamma hayron. Xuddi chiroq o‘chib qolib, o‘yinning davomini ko‘rmay qolgan futbol ishqibozi kabi g‘amga botib qoldim. Na “hayotning yorqin tarafida bo‘lish”ga undaydiganlar, na “bir qadam oldinda bo‘l” deya da’vat etadiganlar menga yordam bera oldilar.
Vaqt xuddi bir joyda qotib qolganga o‘xshaydi. Boshqa yumush yo‘qligidan atrofni jimgina kuzatishga qaror qildim. Shunchaki razm solish g‘alati mashg‘ulot, ammo mundoq o‘ylab qarasam foydali ekan. Nuqul matn va tasvir bilan qotib qolgan nigohni jonli ifoda asta-sekin yumshatib, boyitib boradi, o‘shanda kishi hayotning go‘zalligi-yu, har bir “hayot” deb turgan hujayraning mo‘’jiza ekanligini anglab yetadi.
Ammo uning ham o‘z chegarasi bor. Soatga qarasam hech qancha ham vaqt o‘tmabdi. Ov-asbobni ko‘tarib, bog‘ga otlandim, axir u yerda ajoyib gullar, sabzavotlar, mevalari g‘arq pishgan va pisha yozgan daraxtlar ko‘p edi. “Qalam tegdi — qo‘l tegdi” qabilida u bu joyni ketmon bilan tirnagan bo‘ldim. Jo‘yaklarga suv taradim. Ish asnosida ko‘kka boqaman, nazarimda, quyosh qimir etmaydi, ufqning chekkasiga yopishib qolgandek.
Shu paytda Facebook'da nimalar bo‘layotgan ekan-a?
Bog‘dan qaytganimda ham quyosh botmagan edi. Anhorning salqini urib turgan salqin tomonga qarab qurilgan xonamda kitoblarim uyulib yotgan ekan. Negadir avval ularga e’tibor bermas edim, endi ko‘zimga kitoblar g‘aroyib va qiziqarli tuyulib ketdi.
…Mutolaadan zerikkanimda qosh qoraygandi. Oldinda butun boshli tun turardiki, men uni qanday o‘tkazishni bilmas edim. Men uni nimaga sarflashni bilmasdim. Hatto xayolimga tuzukroq narsa kelmasdi. Tasavvur va o‘ylarimning naqadar g‘ariblashib qolganini his qildim.
Soat millari esa hamon imillaganicha yurib borar edi.
Hamma narsaning davosi vaqt, deydilar. Kunlar o‘tishi bilan “internetsizlikka” ham o‘rganib qoldim. Endi meni tabiat jozibasi, kitoblar zavqi va muhabbat qissalari va tog‘ning muzdek nafasi olib keladigan kumushrang daryo qiziqtirar edi.
Siz-chi, bir qishlog‘imizga kelmaysizmi?
Chingiz Hursanov
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)