Byudjetdagi bo‘shliq sababi odatiy narsalardir va biz ularga keraklicha e’tibor qaratmaymiz.
Maosh olganingizdan atigi ikki kun o‘tishi bilan kartangizda oylikning faqat yarmi qoladigan vaqtlar bo‘ladi. Siz uni har xil garovlarga tikmasangiz yoki shopogolik (xarid qilishga o‘ch) bo‘lmasangiz, pullar qayoqqa uchib ketyapti? Bir necha taxminlar keltiramiz.
1. Narxlar o‘sishi ularni yeb qo‘ymoqda
Siz deyarli bir xil mahsulotlar xarid qilasiz, ammo vaqt o‘tishi bilan shuni payqaysizki, oy oxiriga borib o‘tgan safargisiga nisbatan ozroq mablag‘ yig‘ilgan. Hammasi oddiy: narxlar ko‘tarilyapti, maoshlar esa... oshyapti, ammo inflyatsiyaga yetib ololmayapti. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil oxiriga borib inflyatsiya 16-16,5 foizni tashkil etadi. Mahsulotlar narxi ham shunga yarasha o‘zgarib bormoqda va yil so‘ngiga qadar ham siljishlar kutiladi. Non ham oshdi.
Nima qilish kerak?
Inflyatsiya va narxlarga hech qanday ta’sir ko‘rsata olmaymiz. Shuning uchun arzonroq markadagi mahsulotlarni tanlash yo‘limiz bor xolos. Ammo ko‘pincha ular nisbatan qimmatroq muqobillari bilan solishtirganda bir xil sifatga ega bo‘ladi. Shuningdek, chegirma yoki keshbeklarga ega bo‘lish imkoniyatini ham o‘tkazib yubormang.
2. Siz ko‘chada tamaddi qilishni yoqtirasiz
Yo‘l-yo‘lakay olingan kofe yoki tushlik vaqtidagi tanaffusda tamaddixonaga tashrif buyurish hamyonga unchalik ham qattiq zarba bermaydigandek tuyiladi. Ko‘pi bilan 15-20 ming so‘m ketadi deb o‘ylaymiz. Ammo shu kabi 20 ish kunidan keyin 500 ming so‘m atrofida xarj ro‘y berishi mumkin, bu esa ancha sezilarli farq.
Qatorga sevimli, kichik, ammo muntazam xaridlarni ham kiritishimiz mumkin. Masalan, siz har kuni bolangiz uchun shokolad sotib olasiz.
Nima qilish kerak?
Agar kafega tashrif buyurish sizni baxtiyor qilsa va bu keyinchalik maoshgacha qiynalishingizga sabab bo‘lmasa, hech narsa qilishingiz shart emas. Ovqat nafaqat kaloriya va mikroelementlar, balki zavqlanish hissini ham taqdim eta oladi. Biroq tejash istagi paydo bo‘lsa, hech bo‘lmasa onda-sonda uydan ovqat olib ketishga urinib ko‘ring. Bu ancha arzon tushadi.
3. Siz chekasiz
Yana bir mayda, ammo natijada katta miqdorda pul sarfiga aylanuvchi sistematik xarj. Agar bitta sigaret qutisi o‘rtacha 7-8 ming so‘m atrofida tursa, ashaddiy chekuvchi uchun bir oylik tamaki 400-500 ming so‘mga tushishi mumkin. Bir yilda esa miqdor 5-6 mln so‘mga aylanadi.
Nima qilish kerak?
Nima ham bo‘lardi, chekishni tashlash kerak, albatta. Nafaqat tejaysiz, balki o‘z tanangizni zaharlashni ham bas qilasiz.
4. Siz avvaldan rejalashtirilmagan xaridlarni amalga oshirasiz
Sipermarketlar bizning qulayligimiz uchun yaratilmagan, balki iloji boricha ko‘proq pul sarflashimiz uchun o‘ylab topilgan. Agar shundoq burnimiz ostida mahsulotlar bilan to‘ldirilgan peshtaxtani ko‘raversak, miyamizda imkoniyatlarning aldamchi hissi paydo bo‘ladi: «Qo‘lingni cho‘zsang bas, u seniki».
Hammasiga zavqni oldindan sezishga majbur qiluvchi dofamin aybdor. Oldindan zavqlanish bo‘lgan joyda uni ro‘yobga oshirish istagi ham paydo bo‘ladi. Nihoyat, siz xuddi sarmast kishidek, aravachaga oziq-ovqat, uy tozalash vositalari va boshqa narsalarni sola boshlaysiz.
Ba’zida kassa oldida hushingizni yig‘ib, nimanidir joyiga qaytarishni boshlaysiz. Ammo aslida olingan narsalar ichida ham keraksizlari mavjudligini pul to‘lab bo‘lganingizdan so‘ng anglab yetasiz.
Nima qilish kerak?
Do‘konga tashrif buyurishdan avval ro‘yxat tuzib olishni chetlab o‘tilmaydigan odatga aylantiring va undan chiqib ketmang. O‘zingizga yetarli deb hisoblagan mablag‘ingizni naqd ko‘rinishida olib, kartangizni uyda qoldiring. Va yana bir muhim jihat: xarid uchun och holatda bormang, ishtaha bizni kutilmagan sarflarga majburlaydi.
5. Siz kredit olgansiz
Har oylik to‘lov va foizlar ko‘zingizga u qadar yirik bo‘lib ko‘rinmasligi mumkin, ammo bir yoki ikki yilda yaxshigina miqdor yig‘iladi. Ayniqsa, bizning banklar ham taqdim etayotgan kredit kartalari ham o‘ylamasdan xarajat qilish istagini oshiradi.
Nima qilish kerak?
Kuchli zarurat tug‘ilmagan paytda kredit va kredit kartalari olmang. Agar qaror qilib bo‘lgan bo‘lsangiz, shartlarni diqqat bilan o‘rganing va foizsiz davr tugamagunga qadar qarzdan qutulishga harakat qiling.
6. Siz moliyaviy hisob yuritmaysiz
Maosh olasiz va uni orqa-oldingizga qaramay sarflab yuborasiz. Keyin kartadagi pullar qayoqqa uchib ketdi deb hayron ham bo‘lasiz.
Nima qilish kerak?
Har kuni qancha va nimaga pul sarflaganingizni yozib boring. Buni daftarda, kompyuterdagi jadvalda yoki maxsus dastur orqali qilish mumkin. Shunda kirimlarni hisoblab keyinchalik chiqimlarni moliyaviy ahvolni hayratlanarli tusga keltirmaydigan tarzda rejalashtirishni o‘rganasiz. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”