Turkiyalik musulmon Akram Soyliq belorus qiziga uylanib, uning qishlog‘iga ko‘chib keldi. To‘rt yil deganda ikki qizaloqli bo‘ldi, sigir, qo‘ylarini ko‘paytirib, o‘zining yangi biznesini boshlab ham oldi.
«Katta shahar shovqini jonimga tegdi, tinch va osuda joyda yashashni istayman. Farzandlarim otasini sog‘inib qolmasligini xohlayman. Agar biz shaharda yashaganimizda edi, men ishga ketib ularning ko‘zidan kechga qadar g‘oyib bo‘lardim. Bu yerda esa o‘zim xon – ko‘lankam maydon. Istasam – hamma ishlarimni yig‘ishtirib qo‘yaman-da, bolalarim bilan maza qilib o‘ynayman. Qishloqda juda ham erkinman», deydi Akram Soyliq.
U to‘rt yil burun Istanbuldagi shaxsiy biznesini tashlab sevgan qizining ortidan Berezovskiy rayonidagi Signevich qishlog‘iga kelgan edi. Akram bo‘lajak rafiqasi Yelena bilan Minskda tanishgandi. Ular sevishib turmush qurishdi. Bir necha yil goh Turkiyaga, goh Belorusga qatnab yurishdi va alal-oxir Yelenaning ota-onasi yashaydigan qishloqda yashab qolishga qaror qilishdi.
Turkiyada Akram gomeopat – shifobaxsh o‘simliklar yetishtirish bilan shug‘ullanardi. U Amerika va Avstraliyada tahsil olgan. Uning o‘z vatanida shaxsiy biznesi bor edi – o‘simlikliklardan tabiiy dori tayyorlab sotardi. Qishloqdagilar hali-hamon unga go‘yoki “o‘zga sayyorlikni” ko‘rgandek ajablanib qarashadi – bu yerlarga nega kelganini aqliga sig‘dira olmaydi.
Hammaga qiziq: kimdir yuqori baholaydi, kimdir hasad qiladi. Ularni hayratga solgani shuki, odamlar uch-to‘rt so‘m topib kelish uchun bu yerdan boshqa yurtlarga ketmoqda, u esa teskarisini qilib qishloqqa kelib o‘tiribdi. “Men bu yerga pul ishlash uchun emas, muhabbatim uchun, oilam uchun kelganman”, deydi u.
Signevichda Akram siqilish, shovqin va tutunni unutdi. U mol boqib o‘zining xo‘jaligini ochib oldi. “Oltita zotdor sigirim bor. Bir zotdagisining suti yog‘li, ikkinchi zotdagisining suti quyuq, uchinchi zotdagisi ko‘p sut beradi. Hozircha uch xil zot bor. Sigirlar juda ham qimmat, ammo tez orada pulini chiqarib yuboradi. Agar sutning yog‘liligi 6-7 foiz bo‘lsa, u holda 25 litr sutdan xuddi 45 litr sutni sotgan narxda pul chiqarib olasiz. Mehnati bir, ammo foydasi katta. Shuning uchun men zotdor sigirlar boqishni tanladim”, deydi musulmon yigit.
Akram nega belorus xalqi o‘zlarining turmushni yaxshilashga intilmayotganini ko‘rib hayron bo‘ladi. Oila byudjeti ana shu sigirlar hisobidan to‘ldiriladi. Sutni sotish bilan birga Akram ayoli bilan birga pishloq, tvorog, qaymoq, quyultirilgan sut (sguщyonka) ham tayyorlaydi. Qolganlari – qo‘y, echki va parrandalar – tuxum va go‘sht beradi. Oila boshlig‘ining aytishicha, oziq-ovqatlarining 90 foizi o‘zlari yetishtirgan mahsulotlardan. Do‘kondan faqat shirinliklar sotib olinadi.
Dastlabki kezlarda turk yigitiga qishloq xo‘jaligi ishlarini o‘rganib olishga qaynonasi va boshqa yaqinlari yordam berdi. Akram Belorusga kelgan vaqtida uni ishlov berilmagan, qo‘riq va nihoyatda unumdor dalaning ko‘pligi hayratga solgan edi. U ana shu qo‘riq yerlar timsolida Belorus iqtisodining yuksalishini ko‘rgan edi.
Akram qishloqdagi qarovsiz qolgan katta fermani sotib oldi.
“Joy ham yetadi, yer ham yetadi. Bu yerda yana ko‘plab yangiliklar qilish mumkin. Eng muhimi, odamlar istasa bas. Qishloq odamlarini uyg‘otish kerak. Hamma narsani davlatdan kutib o‘tirish to‘g‘ri emas. O‘zimiz nimalardir qilaylik. Mana men bu yerga keldim – o‘zimning davlatimda emasman, qarindoshlarim ham, tanish-bilishlarim ham yo‘q bu yerda. Pulim ham ko‘p emas edi. Boriga sigir, motoblok va apparat sotib oldim, bo‘ldi. Men – til bilmaydigan, hech kimni tanimaydigan begona odam bo‘la turib to‘rt yilda shuncha ishni qilishga ulgurdim. Mahalliy aholi nega qila olmasin bu ishlarni?” deya savol ohangida gapiradi Akram.
Akram buning sabablaridan birini spirtli ichimliklardan deb biladi. mayxo‘rlik oilani barbod qiladi va davlat ravnaqi yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladi. “Agar shishaga bog‘lanib qolsangiz, sho‘ringiz quriydi. Mendan qisqa vaqt ichida qanday qilib shuncha narsaga erishganimni so‘rashadi. Men unga: “Sen doim mast bo‘lganing uchun mening qanday mehnat qilganimni sezmay qolding. Sen bo‘kib ichib uxlab yotganingda men ko‘p ishlarimni bajarib olgan bo‘laman. Ertalab tovuqxona qurishni boshlagan edim, kechqurun tugatdim” deb javob beraman”, deydi u.
Akram oilasi bilan yashayotgan eski uyni qayta qurmoqchi. U beloruslarning aqli butun xalq ekaniga ishonadi, faqat erinchoq yoki shu qadar dangasa ekanligini hali o‘zlari bilmaydi. Akram bu yerda Istanbulga o‘xshab hayotning tezkorligini ko‘rmayotir. Biroq bu hol uni tashvishga solmaydi, chunki bu qishloqda biznesni rivojlantirishning ko‘plab omillari bor deb hisoblaydi.
“Keyingi vaqtlarda Belorus va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Belorus – sokin, xotirjam, tinchgina mamlakat. Bu yerda tinchliksevar odamlar yashaydi. Bu makondan o‘rganadigan va o‘rgatadigan narsalar bor. Negaki, bizning madaniyatimiz, mentalitetimiz, taomlarimiz har xil. Bir-birimizdan o‘rganadigan narsalarimiz ko‘p”, deydi Akram.
Belorus qishlog‘ilik Akram tongda o‘z oshxonasida turk qahvasi qaynatadi. Hozir u biznesini kengaytirish harakatida. Turkiyadan tanishlarini chaqirib, belorus bozorida nima xaridorgirligini maslahatlashmoqda.
“Turk shirinliklarini qo‘msayapman. Yaxshi hamki ularning ba’zilarini tayyorlashni o‘zim bilaman. Biz turk shirinliklari sotiladigan do‘kon ochishni rejalashtiryapmiz, odamlar shirinliklarimizning mazasini tatib ko‘rishdi”, deya rejalarini o‘rtoqlashadi Akram.
Ruschadan Damin JUMAQUL tarjima qildi
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”