Bola o‘sishi davomida bir davrdan boshqasiga o‘tayotganda krizis bosqichini boshidan kechiradi.
Ko‘pchilik psixologlar fikriga ko‘ra, bu tabiiy holat va bolaning ruhiy rivojlanishi uchun juda ham zarurdir. Bolada krizis 1 yoshda, 3 yoshda, 7 yoshda va o‘smirlikda bo‘ladi. 3 yoshli bolalardagi krizis paytida nima qilish kerakligini hamma ota-onalar ham bilavermaydi.
Agar 3 yoshdan oshgan farzandingiz injiq, hamma takliflarga rad javobini berayotgan bo‘lsa, u 3 yosh krizis davrini boshidan kechirayotgan bo‘lishi mumkin. Bu davrda bola o‘zini onasining bir qismi emas, shaxs sifatida qabul qila boshlaydi. O‘zining xohishlari, fikrlari borligini tushunib yetadi. Lekin, u hozircha o‘zini qanday tutsa hammasi yaxshi bo‘lishini bilmaydi, tushunmaydi. Shuning uchun ham jim turmaslik uchun hamma narsa qilishi mumkin – tortishishi, yig‘lashi, g‘alva qilishi.
Xo‘sh, bu krizisning belgilari qanday?
1. Negativizm. Ya’ni farzandingiz hamma narsaga negativ reaksiya qiladi,hattoki o‘zi yaxshi ko‘rgan taomni taklif qilsangiz ham rad javobini eshitishingiz mumkin.
2. O‘jarlik. Farzandingiz o‘z aytganida oxirigacha turib oladi. Salqin kunda yupqa kiyim kiyish uchun yoki siz xohlamagan biror ishni qilish uchun jon-jahdi bilan kurashishi mumkin. Bu o‘jarlikni qat’iylik bilan aralashtirmasligimiz kerak. Qat’iylik yaxshi xulq, ya’ni qat’iyatli bola o‘z xohlaganini talab qilishi bilan birga kattalarning fikrini inobatga oladi. O‘jarlik esa shunchaki o‘zi xohlagan narsa bo‘lishini talab qilishdir, tushuntirishlar befoyda.
3. O‘zboshimchalik. Bola hamma narsani o‘zi bajarishga, o‘zi hal qilishga mustaqil bo‘lishga intiladi.
4. Agressivlik. Agar farzandingiz bog‘chaga borsa, bolalar bilan urishishi, ularni xafa qilishi mumkin. Agar farzandingizni aka-opalari bo‘lsa, ularni boshqarishga, aytganini qildirishga urinishi mumkin.
Krizisni boshidan kechirayotgan bola o‘z harakatlaridan o‘zi aziyat chekadi, lekin o‘zini boshqara olmaydi.
Mutaxassislarning aytishicha, bu davr uzoq davom etmaydi. Psixologlarning aksari bu bola rivojlanishi uchun zarur davr deb ta’kidlashadi. Chunki bu davrda bolalar o‘z fikrlarini o‘tkazishni o‘rganishadi. Uzoq davom etmaydigan ushbu davrdan asablarimizni asragan holda, bola ruhiyatiga zarar bermasdan o‘tib olishimiz uchun quyidagilarga amal qilishni tavsiya etamiz:
1. Bu krizis aksar bolalarda uchraydigan tabiiy holat ekanini tushuning. Ya’ni, muloyim farzandingizning tarbiyasizligi yuragingizni g‘ash qilmasin, farzandingizni to‘g‘ri yo‘lga solaman deb juda ham qattiq qo‘l bo‘lmang, asabiylashmang, ularni qattiq jazolamang.
2. Farzandingiz mustaqil nimadir qilishini qo‘llab-quvvatlang va bu ishi uchun uni maqtab qo‘ying. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu davrda bola mustaqillikka o‘rganadi. Shuning uchun farzandingiz qilmoqchi bo‘lgan ishlarda imkon boricha, xavfsiz sharoit yaratib bering. Natija siz xohlagandek bo‘lmasa ham, ishiga aralashmaslikka harakat qiling. Qayerdir ifloslanar, balki idishlar sinar, eng asosiysi, bola sog‘ligi va xavfsizligidir.
3. O‘zingizni xotirjam tutishga harakat qiling. Halovatingizni yo‘qotganingizni ko‘rgan farzandingiz sizga yoqmagan ishida davom etadi, agar siz imkoni boricha, uning qilgan ishlariga xotirjam munosabat bildirsangiz, bola ishini takrorlashga qiziqmaydi ham.
4. Bolaga tanlash imkonini bering. Bu davrda farzandingiz o‘zi xohlaganini qilishga harakat qiladi, ba’zida qilmoqchi bo‘lgan ishi imkonsiz bo‘lishi ham mumkin. Bunday hollarda tanlovni oldindan tayyorlab qo‘yishingiz mumkin. Masalan, qizingiz sovuq kunda bog‘chaga yupqa ko‘ylakchasini kiyishni xohlab qolmasligi uchun, 2 ta qalinroq kiyimni avvaldan tayyorlab qo‘ying va undan qaysi birini kiyishni xohlashishini so‘rang. Bu davrda uning fikri bilan hisoblashishingiz krizis davrini osonroq o‘tishiga yordam beradi.
5. Farzandingizni tinchlantirish yo‘lini toping. Bolalar xarakteri turlicha bo‘lgani uchun bu borada umumiy maslahat berish qiyin. Shuning uchun farzandingiz g‘alva qilgan vaqtda har xil usullarni sinab koring. Fikrni chalg‘itish ham ko‘p bolalarda yordam berishi mumkin. Masalan, qayergadir borishni xohlamagan farzandingizga – mehmonga qanday kiyim kiyib borishni xohlashi haqida tanlov berishingiz asosiy masaladan chalg‘itishi mumkin. Yoki qo‘lini yuvishni xohlamaganida, qaysi sovun bilan yuvishni xohlashi kabi tanlovlar.
6. Yo‘q deyishni ham biling. Yig‘lab, o‘jarlik qilayotgan bolaga odatda faqat jim bo‘lishi uchun hamma narsaga ruxsat berib yuboramiz. Lekin, hatto krizis davrini boshidan kechirayotgan farzandimizga ham asosiy qoidalarni buzmasliklarida qat’iy turganimiz ma’qul, toki u yoshligidan oilaviy qoidalarimizni bilsin.
7. Farzandingizga ko‘proq mehr va e’tibor bering. Bizning madaniyatda 3 yosh krizisi davri bolaning aka yoki opa bo‘lgan davriga to‘g‘ri kelib qoladi, natijada ota-ona mehri va e’tibori yetishmasligi krizis davrini o‘tishini sekinlashtiradi yoki bola ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar sizning tug‘ruqdan keyingi depressiya davringiz katta farzandingiz krizis davriga to‘g‘ri kelsa, o‘zingizni qo‘lga olib, sokin bo‘lishga harakat qiling.
Farzandingiz o‘jar va boshqarib bo‘lmas yoki, aksincha, o‘zi hech narsaga intilmaydigan bo‘lib qolmasligi uchun uning fikri va xohishi ahamiyatli ekanini ko‘rsating.
Kichkintoyning mustaqillikka bo‘lgan harakatini baqirish, so‘kish, urish orqali to‘xtatishga harakat qilmang. Bu tarzda uning o‘jarligini sindirmoqchi bo‘lishingiz farzandingiz sizni eshitmay qo‘yishiga yoki o‘ziga ishonchi sinishiga olib kelishi mumkin. Bu o‘tkinchi davr farzandingizning alohida shaxs sifatida rivojlanishining birinchi bosqichi. Ota-onalar bu davrda o‘zlarini qo‘lga olib, har qanday holatda ham ularni yaxshi ko‘rishini amalda ko‘rsatishi juda muhim.
ROZALIYa GABDULHAKOVA
Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.
Manba: Sof.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Virus UFC ni dunyoga tanitdi
Rossiya Ukrainaning qator mintaqalariga raketalar bilan hujum qildi
Britaniyada 3 ta harbiy baza uzra UUA parvozi qayd etildi
"Paxtakor"ning o‘yini mutaxassis nigohida: "Menimcha, g‘alaba uchun emas, bir ochkoni saqlab qolish uchun o‘ynadi"
Shavkat Mirziyoyev: «Barcha ijro organlarini Yangi Toshkentga ko‘chiramiz»
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Asir: Ukraina askarlari otishni internetdagi videolar yordamida o‘rganishadi