21:09 / 30.05.2020
5 315

Hidoyatga kelgan armani: Abdurahmon Meshayan

Hidoyatga kelgan armani: Abdurahmon Meshayan
Abdurahmon Meshayan! Bu nom ijtimoiy tarmoqdan foydalanadigan har bir o‘zbek uchun judayam tanish...

U arman millatiga mansub bo‘lsa da, o‘zbekchada yozayotgan she’rlari nafaqat adabiyot shaydolari, balki katta katta shoirlarning ham e’tiborini tortgan. Uning oilasi, qarindosh urug‘lari nasroniylik dinida. Ammo u... Allohning inoyati bilan iymonga kelgan yigit haqida o‘zimiz ham yaxshiroq bilish, u bilan mushtariylarimizni yaqindan tanishtirish maqsadida Zangiota tumanidagi qishloqqa bordik... Abdurahmon bilan suhbatimiz botanika bog‘iga o‘xshab ketgan ajoyib hovlisida bo‘lib o‘tdi.

– Bular akamning “ijodi”, – tushuntirdi Abdurahmon hovlidagi go‘zal va betakror manzaraga hayronligimizni ko‘rib. – Men she’riyat shaydosi bo‘lsam, u nabotot olamini sevadi.

– Abdurahmon, hammasini boshidan boshlasak, ya’ni O‘zbekistonga qachon ko‘chib kelgansizlar?
– Men u vaqtlari tug‘ilmagan edim. 1985 yillari ota-onam Ozorbayjondan bu yoqqa kelib qolishgan. 1990 yili men tug‘ilganman. Oilamiz nasroniylik diniga e’tiqod qiladi. Cherkovga borishmaydi, cho‘qintirilmagan ham, ammo amalda nasroniy ular.

– Hidoyat topishingizga nima turtki bo‘lgan? Yoki biror kishi sababchimi?
– Yo‘q, hech kim sabab bo‘lmagan. Odamzod (ma’naviy) botqoqda bo‘lganda toza suv, toza hayotga intiladi. Men ham aqlimni tanib borganim sayin hidoyatni izlab qoldim. Ko‘p o‘ylandim. Hatto Islomni qabul qilganimdan keyin ham ikkilanishlar bo‘lgan. Bilasizmi, bunga nima sabab bo‘lgan? Oynai jahon! Avvallari dinni, musulmonlarni qoralab shunaqa ko‘rsatuvlar tayyorlashardiii... Falonchi qori undoq qilgan, pismadonchi otinoyi bundoq qilgan... kabi gaplarni vahimali fonda muxbir ovoziga battar vahima berib aytardiki...

Onamning tashvishlanishlarini ko‘rib, judayam afsuslanardim. Yo‘q, Islomni qabul qilganimdan emas, aksincha, onam dinim haqida noto‘g‘ri gumonlarga borib qolganidan... Ona-da baribir. Mendan xavotir olardi. Keyin o‘sha kanallarni darrov bloklab tashlardim. Ammo o‘sha ko‘rsatuv yarim soatdan so‘ng boshqa kanallardan qo‘yila boshlardi. Judayam qiyin bo‘lgan. Nihoyat, internet rivojlanib, ijtimoiy tarmoqlardan foydalana boshlaganimda, yaxshi odamlar bilan tanishib, yaqinlashib, keyin erkin nafas ola boshladim.

– Qarindosh-urug‘ingiz, oilangiz Islomga kirganingizni qanday qabul qilishgan? Salbiy munosabatlar, noqulayliklar bo‘lmaganmi?
– O‘o‘o‘, nimasini aytasiz! Bizning millat din masalasiga judayam qattiq qaraydi. O‘shaning uchun menga qilgan muomalalarini, dilimni og‘ritishganini, piching va pisandalarini aytmay qo‘yaqolay...

Darvoqe, mendan avval akam Islomni qabul qilgan. Ammo uning da’vat usuli qo‘polroq edi. Islomga to‘g‘ri kelmaydigan ayrim urf-odatlarimizdan ochiqdan-ochiq kular, istehzolarini, e’tirozlarini yashirib o‘tirmas edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, unga judayam qattiq qarshiliklar bo‘lgan. Masalan, namoz o‘qisa,televizorning tovushini ko‘tarib qo‘yishar, ochiqchasiga mazax qilishardi. Ammo menda unday bo‘lmadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, onam mening Abu Tolibim bo‘lganlar. Birovga talatib qo‘ymadilar... Hatto ibodatlarimga yordamlashadilar. Bu haqda ijtimoiy tarmoqda ham ko‘p yozganman. Onamning iymonga kelishidan umidvorman, shunga harakat qilyapman.

Bilasizmi, aka, onajonim bizga shunaqa yaxshi tarbiya beradilarki... (Nomusulmonlar orasida ham yaxshi odamlar ko‘p) Mana o‘zingiz guvohi bo‘ldingiz, hozirgi odamga sal qattiqroq gapirib yubordim-ku (besabrlik qilib suhbatimizni qayta-qayta buzgani uchun), siz ketishingiz bilan onajonim menga qattiq tanbeh beradilar...

Davomi bor...

Suhbatning keyingi qismlarida:
- she’riyatdagi ustozi...
- o‘zbeklarning yaxshi-yomon tarafi...
- qurbonlik go‘shtini tarqatolmaganlar...
- ismini rasman o‘zgartirganmi?
- Meshayan uylanganmi?
- halol daromadi, sevimli kasbi...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Hidoyatga kelgan armani: Abdurahmon Meshayan