18:30 / 09.07.2020
4 111

Jaziramada uyni konditsionersiz sovutish bo‘yicha tavsiyalar

Jaziramada uyni konditsionersiz sovutish bo‘yicha tavsiyalar
Foto: Challenger
Issiq havo kishining tinkasini quritishi, holdan toydirishi va energiyasiz bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. Aslida bunday jaziramada tog‘da vaqt o‘tkazish, hovuzda cho‘milishdan yaxshisi yo‘q, lekin hozirgi pandemiya vaqtida emas. Shunday ekan, uy sharoitida bor imkoniyatlardan foydalangan holda yuqori haroratdan saqlanish kerak.

Foto: Getty Images
Kechasi barcha derazalarni ochiq qoldiring
Tunda havo salqinlanadi va deraza ochiq qolishi natijasida xonadagi mavjud havo almashadi. Salqin va toza havoda esa tiniqib uxlash mumkin bo‘ladi. Faqat deraza ochiq qolganida ustingizni yupqa choyshab bilan yopishni unutmang.

Xonani shamollating
Agar uyingiz derazalari turli tarafda joylashgan bo‘lsa, bir vaqtda ochib xona havosini shamollating. Bu konditsioner sovug‘ida shamollash yoki suyak og‘rig‘ini orttirishdan ming karra yaxshi.

Derazani quyosh nuri o‘tkazmaydigan yopqich bilan qoplang
Derazaga quyosh nurini qaytaradigan parda yoki yopqich iling. Bu kabi yopqichlar ko‘p hollarda avtomashinalarda qo‘llaniladi. Yopqichlar quyosh nurlarini xona ichiga o‘tkazmaslik xususiyatiga ega ekani bilan uyning qizib ketishining oldini oladi.

Foto: Getty Images
Jalyuzi iling
Quyosh nuridan saqlanish uchun jalyuzi yaxshi variant, qolaversa, uning turlari va cho‘ntakka to‘g‘ri keladigan narxdagisi mavjud. Jalyuzining qulayligi — tongda uni tushirib qo‘yish, tunda esa ochib qo‘yib, salqin havo kirishini ta’minlash imkoniyati mavjudligida.

Ventilatordan foydalaning
Ventilator jaziramadan saqlovchi eng yaxshi variantlardan biri hisoblanadi. Lekin undan foydalanishda ba’zi narsalarni inobatga olish kerak: unga yaqin o‘tirish yoki shamolni harakatsiz to‘g‘ri qilib yo‘naltirish oqibatida shamollab qolish mumkinligini yoddan chiqarmaslik kerak. Shu sabab ventilatorning aylana harakatlanadigan rejimidan foydalanish va undan uzoqda o‘tirish tavsiya qilinadi.

Siz nima qilishingiz mumkin?
  • Organizmdagi suv balansini saqlash uchun ko‘p miqdorda suyuqlik, xususan, suv iching.
  • Choy o‘rniga yalpizdan ichimlik damlang. Yalpiz tarkibidagi mentol tufayli bunday ichimlikni ichgandan so‘ng kishi isib ketmaydi hamda tetiklashadi.
  • Tabiiy matolardan tikilgan, och rangli libos kiying. Yengil ko‘ylak, kofta, paxta matosidan tikilgan shim yoz kunlari uchun eng a’lo variant.
  • Tanangizdagi pulsni aniqlash mumkin bo‘lgan qismga efir yog‘ini surkang. Efir yog‘i sovitish va tetiklashtirish xususiyatiga ega. Faqat bundan avval ushbu yog‘ga allergiyangiz yo‘q ekaniga amin bo‘ling.


Manba: Daryo.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Jaziramada uyni konditsionersiz sovutish bo‘yicha tavsiyalar