08:41 / 07.11.2020
3 338

Terining tez qariyotganidan darak beruvchi 5 alomat

Terining tez qariyotganidan darak beruvchi 5 alomat
Foto: «Domashniy ochag»
Kosmetologlarning ma’lum qilishicha, erta qarish alomatlari asosan yuz terisida aks etadi va bu o‘z vaqtida payqalsa, yosh ko‘rinishni uzoqroq saqlab qolish mumkin bo‘ladi.

Dog‘ va pigmentlarning paydo bo‘lishi
Terining erta qarishiga olib keladigan asosiy sabablardan biri ko‘p vaqtni quyosh nuri ostida o‘tkazish hisoblanadi. Quyoshdagi ultrabinafsha nurlari teriga salbiy ta’sir qiladi. Agar yuzingizda to‘q dog‘lar bor ekanini payqasangiz, birinchi bo‘lib quyosh nuridan himoyalaning, SPF kremlar, shuningdek, tabiiy oqartiradigan zardoblardan foydalanishga harakat qiling. Qanchalik ajablanarli tuyulmasin, mobil telefonni ham kamroq ishlatish kerak. Chunki ayrim tadqiqotlarda telefon ekranidagi havorang nur va paydo bo‘ladigan dog‘lar o‘rtasida aloqadorlik borligi aniqlangan.

Terining quriy boshlashi
Yosh o‘tishi bilan teri namlikni yo‘qotishni boshlaydi. Yoshligida terining yog‘li ekanidan shikoyat qilganlar bora-bora kosmetik vosita xarid qilganida quruq teriga mo‘ljallanganini xarid qilishi mumkin. Terining qurishiga yoshdan tashqari, quyosh nurlari, stress, chekish sabab bo‘lishi ham mumkin. Agar siz ham teringizda quruqlik alomatlarini payqaydigan bo‘lsangiz, tarkibida namlantiradigan moddalar — omega, kokos yog‘i, keramid va dimetikon mavjud bo‘lgan krem hamda loson, haftada bir marotaba tunda namlantiradigan niqoblardan foydalaning. Unutmang, teri qanchalik yaxshi namlantirilsa, qarilik bilan kurashishi shuncha oson bo‘ladi.

Teri tortishishi
Terining haddan ortiq qattiq tozalanishi ham qarishga va erta ajin tushishiga sabab bo‘ladi. Yuzingizni qattiq ishqalab yuvgandan keyin teri tortishishi kuzatiladigan bo‘lsa, yuvish vositasini o‘zgartirganingiz yaxshi. Yumshoq ko‘pik yoki gelli vositalarni xarid qiling, ular terini tozalash bilan birga, namlantirish xususiyatiga ham ega.

Foto: «Domashniy ochag»
Horg‘in ko‘rinish
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, charchagan va horg‘in ko‘rinish ratsioningizda shakar haddan ortiq ko‘pligini bildirishi aniqlangan. Gallyutsinatsiya jarayoni, shakar molekulalari boshqa molekulalar bilan birikayotgan vaqtda oqsillarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa teri tarangligiga javob beradigan kollagen va elastin ishlab chiqarilishiga ta’sir qiladi.

Terining qog‘ozga o‘xshab qolishi
Hali yosh bo‘lishingizga qaramay, teringiz quruq va yupqa qog‘ozdek ko‘rinib qoladigan bo‘lsa, bunga ikkita sabab bo‘lishi mumkin: birinchidan kalsiy yetishmasligi, ikkinchidan terining pH balansi o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Shu sabab kalsiy miqdorini aniqlashtirib, shu bilan birga, tarkibida kollagenlar faolligini tiklaydigan probiotik bo‘lgan namlantiradigan kremlardan foydalanish tavsiya qilinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Terining tez qariyotganidan darak beruvchi 5 alomat