16:48 / 13.10.2021
5 455

Ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni uddalay olgan o‘zbek shou-biznes vakillari (foto)

Ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni uddalay olgan o‘zbek shou-biznes vakillari (foto)
Semizlik zamonaviy odamlarni o‘ylantirayotgan muammolardan biri desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu masala mashhur ayollarni ham chetlab o‘tmagan. Ular boshqa soha vakillariga nisbatan ko‘proq qomatlari haqida qayg‘uradi. Quyida ortiqcha vazndan turli usullar bilan xalos bo‘lgan shou-biznes vakillarining so‘zlariga quloq tutamiz.

Zuhra Soliyeva: «Oshqozonimni kestirishga majbur bo‘ldim!»

Foto: Zuhra Soliyevaning shaxsiy arxividan
— Hayotda u qadar ishtahali inson emasman, bundan tashqari, kunimning eng kamida o‘n soati harakatda o‘tadi. Ayni karantin davri kuchaytirilgan paytda uyda chiqmay kuniga 7-8 soat jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullandim. Eng alam qilgani bir gramm ham vazn yo‘qotmadim. Keyin bilsam, bu holatning sababi boshqa ekan. Shifokorlar gormonlarimda jiddiy muammo borligi va bu stresslar natijasida yuzaga kelganini aytishdi. Yoshman, g‘amni yenga olaman deb o‘ylarkanmiz, ammo u organizmda o‘z zaxirasini to‘plab boraverar ekan. Shifokorlar kamida qirq kilo vazn tashlashim kerakligini aytishdi. Shu bois oshqozonni kichraytirish amaliyotiga rozilik berdim. Operatsiyadan so‘ng bir oyda 20 kilogramm vazn yo‘qotdim. Ammo bundan keyingi jarayon biroz sekinlashar ekan. Bu terining tarang tortilishi bilan bog‘liq. Nasib qilsa, bir yillarda kutilgan natijaga erishaman.

Muyassar Berdiqulova: «Sog‘lig‘imni tiklash uchun ozdim!»

Foto: Muyassar Berdiqulovaning shaxsiy arxividan.
— Haqiqatan ham 3-4 yil oldin ancha vazn to‘plagandim. Bu o‘z-o‘zidan sog‘liqqa ham jiddiy ta’sir yetar ekan. Shu bois sog‘lig‘imni tiklash uchun ozdim. Diyetaga jiddiy rioya qilaman, fitnes bilan muntazam shug‘ullanaman va tabiiy giyohlar yordamida tayyorlangan damlamalarni iste’mol qilaman. Bu usulda ozish qisqa muddatda natija bermaydi. Ammo turli dori-darmonlarga nisbatan bezarar va xavfsiz hisoblanadi. Keyingi paytlarda yuzingizni operatsiya qildirganmisiz, deb so‘rashyapti. Yuzimdagi ajinlarning kamayishi va terining tortilishi ham sog‘lom ozishning samarasidir. Shu kungacha 25 kilo vazndan qutuldim. Endilikda shu natijani yo‘qotmaslik niyatidaman.

Ziyoda: «Har kuni yuguryapman»

Foto: Ziyoda Qobilovaning shaxsiy arxividan
— «Qanday ozdingiz?» degan savolni har kuni eshityapman. Ozdiruvchi dorilarni iste’mol qilganim yo‘q. Faqatgina har kuni yugurish yo‘lakchasida kami 30 yoki 60 daqiqa shug‘ullanyapman. Shu bilan birga, suyuqlik ko‘p iste’mol qilib, kaloriyaga boy taomlardan tiyilyapman. Vazn to‘plaganim yuzimda darrov sezilardi. Natija u qadar yuqori bo‘lmasa-da, odamlarda semiribdi, degan taassurot uyg‘onardi. Rosti, qancha vazn yo‘qotayotganimni hisoblayotganim yo‘q. O‘zimni yengil his qilyapmanmi, demak, ozyapman.

Kamola Oripova: «43 kiloga ozdim, yana 10 kilo tashlashim kerak»

Foto: Kamola Oripovaning shaxsiy arxividan
— Shu kungacha ko‘p marotaba parhez qilganman. Jismoniy mashqlarni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Ammo hech qanday natija bo‘lmagan. Shundan so‘ng 2020 yilning 8 fevral sanasida oshqozon kestirish operatsiyasidan o‘tishga rozi bo‘ldim. Chunki ortiqcha vazn tufayli qandli diabet, qon bosimi va yurak og‘riqlari paydo bo‘layotgan edi. Operatsiya 90 kilogrammdan kam vazndagi insonlarga qo‘llanilmas ekan. Operatsiyadan so‘ng bir yil ichida 43 kilo vazn yo‘qotdim. Shukrki, bu amaliyot farzand ko‘rishimga ham salbiy ta’sir etgani yo‘q. Yana 10 kiloga ozishni rejalashtiryapman.

Nilufar Usmonova: «Faqat parhez bilan natijaga erishish qiyin»

Foto: Nilufar Usmonovaning shaxsiy arxividan
— Ko‘pchilik ayollar tug‘ruqdan so‘ng semiradi. Menda ham har bir farzandimni dunyoga keltirgach, vazn to‘plash bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Parhez qilishim qiyin. Shu bois ko‘proq suv, meva-sabzavotlarni iste’mol qilib, tinimsiz sport bilan shug‘ullanaman. Chunki parhezda yog‘lar erishi passiv, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanganda esa faol bo‘ladi. Shu bois faqat parhezning o‘zi bilan kutilgan natijaga erishish qiyin.

Ozoda Nursaidova sog‘lig‘idagi muammolar tufayli ozishga kirishgan

Foto: Ozoda Nursaidovaning shaxsiy arxividan
Xonanda 2015 yilda sog‘lig‘idagi muammolar sabab ozishga jiddiy qaror qilgan. U intervyulardan birida shunday degandi:

«Turkiyada laparotomiya operatsiyasidan o‘tib qaytdim. Anchadan beri qiynayotgan professional kasallik (murakkab qo‘shiqlar kuylanayotganda bosim qoringa tushadi) bo‘lgan qorin churrasini operatsiya qildirdim. Bunda oshqozonimning ham yarmini kesishga to‘g‘ri kelgan. Bugungi kunda qat’iy parhez tufayli deyarli oddiy suv bilan kun o‘tkazyapman».

Bugungi xonanda bir necha yil oldingi Ozoda Nursaidovadan butunlay farq qiladi. Xonandaning tashqi ko‘rinishi 6 yil ichida katta o‘zgarishlarga uchragan. Ozoda Nursaidova hozirda sog‘lom ovqatlanishga amal qiladi hamda fitnes bilan muntazam shug‘ullanadi.

Hosila Rahimova: «Kuniga ikki soat yuguraman»

Foto: Hosila Rahimovaning shaxsiy arxividan
— Inson chiroy uchun emas, erkin harakatlanish uchun ham ortiqcha vazndan xalos bo‘lishi kerak. Chunki yog‘lar inson salomatligining yomonlashishiga sabab bo‘ladi. Shu bois ozishga jiddiy qaror qildim. Sog‘lom ovqatlanishga amal qilaman va ko‘proq jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanaman. Har kuni ikki soat vaqtimni yugurishga sarflayman. Yog‘li, sho‘r va shirin yeguliklarni iste’mol qilmayman. Kunlik ratsionimni, asosan, sabzavotli salatlar va mevalar tashkil etadi. Shu bilan birga, ko‘p suv ichaman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni uddalay olgan o‘zbek shou-biznes vakillari (foto)