00:41 / 21.12.2021
1 584

Qimor, ichkilik va ko‘ngilxushlik girdobidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan Menni Pakyao hikoyasi

Qimor, ichkilik va ko‘ngilxushlik girdobidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan Menni Pakyao hikoyasi
Menni Pakyao — sakkiz vazn toifasi bo‘yicha jahon chempioniga aylangan yagona bokschi. U boksda yuqori marralarni zabt etgan, Filippinda muvaffaqiyatli siyosatchi, xayriya ishlariga juda ko‘p vaqt ajratadi. Lekin uning ham hayot hikoyasida qora dog‘lar mavjud. Menni qimor, ichkilik va fohishabozlikka mukkasidan ketgandi. «Pakmen»ning so‘zlariga ko‘ra, ular nafaqat faoliyati va oilasi, balki hayotini ham barbod qilishi mumkin edi.

Pokerda 100 minglab dollar yutqazib qo‘yishi mumkin edi
Pakyao o‘z iqtidorini kengaytira oladigan murabbiy topish maqsadida 2001 yilda AQSHga yo‘l oladi. O‘sha vaqtda u 50,8 kg vazn toifasi bo‘yicha WBC chempioni edi, keyin esa 55,3 kg vazn toifasida WBC International yo‘nalishida jahon chempioniga aylandi. Ammo o‘ziga kerak bo‘lgan mutaxassisni topish oson bo‘lmadi. Bir qancha murabbiy filippinlik yigitchaga rad javobini berdi.

Keyin esa Menni o‘zining faoliyatiga juda katta ta’sir ko‘rsatgan insonni uchratdi — bu Freddi Rouch edi. Pakyao hozirgacha Rouchga ishonch bildiradi va janglarga uning qo‘l ostida tayyorlanadi (faqatgina 2018 yilda Freddisiz shug‘ullanishga harakat qilib ko‘rdi, ammo baribir unga qaytdi). Ular deyarli bir oiladek edi, ko‘p narsalarni birgalikda boshidan o‘tkazgan.

Freddi Rouch va Menni Pakyao
Menni bilan birgalikda uning eng yaqin do‘sti, keyinchalik Rouchning yordamchisiga aylangan Buboy Fernandes ham Amerikaga tashrif buyurgandi. Pakyao AQSHdagi ilk sovrinli jangida texnik nokaut bilan Lexloxonolo Ledvabni mag‘lub etib, 55,3 kg vazn toifasida IBF chempioniga aylangan. Undan so‘ng Marko Antonio Barrera, Erik Morales, Xuan Manuel Markes, Oskar de la Hoya, Rikki Hatton, Migel Kotto, Antonio Margarito, Sheyn Mosli kabi bokschilar ustidan g‘alaba qozongan. Pakyao AQSHda jahon miqyosidagi shon-shuhrat bilan birgalikda ahmoqona odatga ham ega bo‘ldi — qimorga berildi. 2012 yil iyun oyida Sports Illustrated jurnali Pakyaoning azartli o‘yinlarga berilib ketgani haqida yozgandi.

Bokschining kichik ukasi Bobbi uning Janubiy Kaliforniyadagi kazinoga borib turishi, u yerda 100 ming dollarni boy berishi mumkinligi haqida gapirdi. Bir kuni Pakyao professional pokerchi Jastin Smit bilan o‘ynaydi. O‘sha o‘yin haqida Smit intervyularidan birida gapirib o‘tgandi:

«O‘shanda men deyarli 100 ming dollar tikib, faoliyatimdagi eng katta blefni (raqibni qo‘rqitish maqsadida ishlatilgan uydirma) amalga oshirdim. U besh daqiqaga yaqin o‘yladi va taslim bo‘lishidan avval bir juft tuzni ko‘rsatdi. Keyin esa mendan o‘z qartalarimni ochishni yolvorib so‘radi. U yerda hech qanday kombinatsiya yo‘q edi, lekin men instinktimga ishondim va tavakkal qildim. O‘z qartalarimni ko‘rsatishni va bu bilan yaxshiroq ekanligimni bildirishni yoqtirmayman, albatta. Ammo uning jahlini chiqargim kelmadi, sababi u buni qat’iy so‘rgandi.

Undan uch marta qartalarimni ko‘rishni rostdan xohlayotganini so‘radim, u esa uch marta boshini qimirlatdi. Men unga blef qilganimni ko‘rsatdim. U qartalarga qaradi va kombinatsiya yo‘qligini ko‘rdi. Shundan so‘ng ko‘zlarimga qaradi va qo‘lini musht qilib siqdi. O‘sha lahzada men sakkiz vazn toifasi bo‘yicha kamar sohibining jahlini chiqarganimni sezdim. U o‘rnidan turdi va mening yonimga keldi. Avvaliga kuldi, keyin qo‘limni siqdi va bag‘riga bosdi. U mening yurishimga hurmat bilan munosabatda bo‘ldi, chunki doim musobaqalashishni yoqtirardi
» — deydi o‘yinchi.

Shaxsiy xo‘roz fermasini ochdi va kazinoda millionlab dollar qarzi bor edi
100 ming dollar — katta miqdor. Lekin Buboy Fernandes yanada dahshatli hikoyani so‘zlab berdi — Pakyao o‘z vatanida mashhur bo‘lgan va qonuniylashtirilgan xo‘roz jangiga 16 million Filippin pesosini (350 ming dollar) tikib yuborgan. Mennining xo‘roz urishtirish janglariga qiziqishini Freddi Rouch ham tasdiqlaydi, murabbiy uning 50 ming dollar tikayotganiga guvoh bo‘lgan. Pakyaoning ushbu o‘yinga qiziqishi juda yuqori bo‘lganligi sabab, jangovar xo‘rozlarni yetishtirib beradigan shaxsiy fermasini ochdi. Fermada umumiy narxi 700 ming dollarga teng bo‘lgan mingga yaqin xo‘roz bor edi.

Pakyao 2000 yillarda juda ko‘p daromad topardi — bitta jangi uchun 30 million dollargacha gonorar olardi. 2012 yilda uning promouteri Bob Arum Sports Illustrated’ga bergan intervyusida Menni qimordagi qarzlarini to‘lash maqsadida jang oldidan 2 million dollar avans olishni so‘raganini aytib bergan. Undan tashqari Arum bunga qadar ham Mennining qarzlarini yopish uchun qimorxonalarga besh martaga yaqin pul o‘tkazganini tan oldi. «Men tanigan sportchilar ichida eng yomon odatga berilgan Menni edi. Pakyao bu narsaga bog‘lanib qolgandi», — deydi Arum.

Rafiqasi ajrashish bilan tahdid qilganidan so‘ng Pakyao e’tiqodini mustahkamladi va tungi klubini sotib yubordi
Sports Illustrated’ning Pakyao qimorga berilgani haqidagi maqolasi uning Timoti Bredliga qarshi jangi oldidan chiqdi. O‘sha vaqtda bokschi allaqachon hayot tarzini o‘zgartirgan, dinga berilgandi. 2011 yil noyabr oyida Xuan Manuel Markes ustidan qozonilgan qiyin g‘alabadan so‘ng Pakyaoning rafiqasi ajrim to‘g‘risidagi hujjatlarni taqdim etdi. Chunki filippinlik bokschining xo‘roz fermasidan tashqari tungi klub va kazinosi ham bor edi. Menni u yerda yengil tabiatli qizlar bilan dam olishni yaxshi ko‘rardi. Bokschi dindan panoh topdi, bu haqida o‘zi 2012 yilning fevralda aytib bergandi.

- "Endi bunday biznes bilan shug‘ullanmayman. Maniladagi katta tungi klub va kazinodagi aksiyalarimni sotib yubordim. Avval ojiz inson bo‘lganimni tushunaman. Agar hozir o‘lganimda, aniq do‘zaxga tushardim. Xudoga ishonardim, lekin Xudoning irodasiga qarshi ish qildim", - deydi Menni Pakyao.

«Menni juda ko‘p chalg‘itadigan omillardan xalos bo‘ldi, endi unda avvalgilaridan yaxshiroq bo‘lgan yangi narsalar bor. U tungi klub va kazinosini topshirdi, endi qimor o‘ynamayapti va ichmayapti. Hozir u rafiqasi bilan doim birga va juda baxtli. Avval unga og‘irlik qiladigan chalg‘ituvchi sabablar bor edi. Endi Pakyao ko‘p ibodat qilyapti, Bibliyaga qaytdi va juda yaxshi ishlayapti. Menni baxtliroq va yaxshi odamga aylandi», — degandi Freddi Rouch Reuters’ga bergan intervyusida (2012 yil may oyi).

Menni Pakyao va uning rafiqasi

Bredli bilan jang 2012 yil 9 iyunda bo‘lib o‘tdi. Jangdan bir hafta oldin Pakyao mashhur teleboshlovchi Jimmi Kimmelning ko‘rsatuvida mehmon bo‘ldi. Mana ularning suhbatidan parcha.

Kimmel: Ahvoling qanday?
Pakyao: Yaxshi.
Kimmel: Libosingda o‘z surating turibdi. Bu menga yoqdi. Men ham o‘zimga nimadir o‘ylab topishim kerak.
Pakyao: Menda sen uchun xuddi shunaqasidan yana bitta bor.
Kimmel: Men uchun? Juda zo‘r. Shu yerdaliging yaxshi. Yaqinda hayotingda katta o‘zgarishlar qilganingdan xabarim bor.
Pakyao: Ha.
Kimmel: Alkogoldan voz kechdingmi?
Pakyao: Azartli o‘yinlardan ham.
Kimmel: Azartli o‘yinlar. Chekish.
Pakyao: Men chekmasdim.
Kimmel: Sen chekmagansan.
Pakyao: Qizlar.
Kimmel: Qizlardan ham voz kechibsan, nima bo‘ldi? Xo‘roz janglaridan ham voz kechibsan, eshitdim.
Pakyao: Azartli o‘yinlardan so‘ng undan ham voz kechdim.
Kimmel: Xo‘roz jangini tashlagan vaqtingda jiddiylashganingni sezasan. Nima bo‘ldi? Nega bunaqa holat yuz berdi?
Pakyao: Chunki Bibliyani o‘qiganimdan so‘ng Xudoning amrlariga itoat qilish va ularga amal qilish kerakligini tushundim.
Kimmel: Vau, shunchalik jiddiymi? Atrofingdagilarga nima bo‘ldi? Qayerda bo‘lsang ham atrofingda juda ko‘p odam bo‘lardi. Endi ular ham barchasidan voz kechishi kerak-ku?
Pakyao: Ha.
Kimmel: Baribir majbur. Ular Bibliyaga qaytganingni xursandchilik bilan qabul qilmagan bo‘lsa kerak?
Paykao: Yo‘q, endi ular baxtli.

Foto: Instagram / Menni Pakyao
Pakyaoning dindorligini Filippinda ko‘pchilik qabul qila olmadi, lekin unda prezident bo‘lish uchun imkon bor
Pakyao hakamlar qaroriga ko‘ra (muhokamali qarorlar) Bredliga mag‘lub bo‘ldi. 2012 yil dekabrda Xuan Manuel Markes bilan jangda chuqur nokautga uchradi (bu ular o‘rtasidagi to‘rtinchi jang edi, tetralogiyada Menni 2-1 hisobida oldinda, yana bitta jang durang bilan yakunlangan). Yuztuban yotgan Menni, rafiqasining vahimasi — buni ko‘rish dahshatli edi. Pakyao oradan bir yil o‘tib, Brendon Rios ustidan qozonilgan g‘alaba bilan qaytdi. 2014 yilda filippinlik bokschi Bredlidan revansh oldi (hakamlarning qaroriga ko‘ra). Pakyaoning dinga nisbatan munosabati pasaymadi, aksincha, kuchaydi.

«Hayot tarzimni o‘zgartirganim ko‘pchilikni hayron qoldirdi. O‘sha vaqtda, o‘sha yoshda nima xohlasam qila olishimni bilardim. Xudoning ovozini eshitganimdan so‘ng hammasi o‘zgardi. Uning borligiga guvohlik berishim mumkin. Ikkita oq farishtani ko‘rdim, ularning ulkan qanotlari bor edi. Jannatni ko‘rdim. Xudo menga vaqtning tugashini ko‘rsatdi. Bularning barchasi oxirgi uch yilda yuz berdi. Shu tariqa hayotimni o‘zgartirdim»— degandi Pakyao 2014 yil The Guardian’ga bergan intervyusida.

Filippin — xristian davlati, shunga qaramasdan Pakyaoning dindorligini salbiy qarshi olganlar bo‘ldi. Gap shundaki, 80% filippinliklar — katolik. Menni esa «Yangi ahd» nomli Yevangeliya cherkovi izdoshiga aylandi.

«Uning onasi Dioneziya bunga salbiy munosabat bildirdi. U doim farzandiga rozariyni (an’anaviy katolik tasbehi) berishni xohlagan. Mennini xavotirga soladigan yagona narsa — bu e’tiqod uning siyosiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi (Pakyao 2007 yildan buyon siyosiy faoliyat olib boradi). Mamlakatning asosiy qismi katolik hisoblanadi.

Ba’zi jangchilar boks og‘ir biznes bo‘lgani uchun dinga murojaat qiladi. Bokschlar suyanishga arziydigan narsalarni izlaydi. Balki u ham shuning uchun bu ishni qilgandir. U va rafiqasi Jinki hozirda har doimgidan baxtli. Menni endi bazmlarda ishtirok etmaydi va ichmaydi. Begona qizlardan uzoqlashgan, rafiqasi esa bundan xursand. U haqiqiy oilaparvar. Shuning uchun bu narsa unga juda ko‘p yaxshiliklar olib keldi. Avval Menni o‘zini dunyoni ‘ushlab qo‘ygan’dek tutar va yovvoyi inson edi. Unga hamma narsa mumkin edi
», — deydi Freddi Rouch.

2015 yilda Pakyao Floyd Meyvezer bilan jang o‘tkazdi. «Pakmen» hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lubiyatga uchradi, lekin 100 million dollardan ortiq gonorar oldi. Bu pullar nafaqat unga foyda keltirdi: Menni o‘zi tug‘ilgan Kibave shahrida mingga yaqin uy qurdi va uni muhtoj oilalarga tekinga berdi. 2016 yilda Filippin quyi palatasi senatoriga aylandi. 2020 yilning oxirida o‘nglar partiyasi FDP «Laban» rahbariga aylandi. Amaldagi prezident Rodrigo Roa Duterte uni o‘zining izdoshi deb ataydi. 2022 yilda Pakyao Filippin prezidentiga aylanishi mumkin.

42 yoshida ham Menni yuqori darajali faol bokschi bo‘lib qoldi. 2021 yilning 22 avgustida Yordenis Ugasga qarshi jang qilib, mag‘lub bo‘ldi va shundan keyin qo‘lqoplarini mixga ilganini e’lon qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qimor, ichkilik va ko‘ngilxushlik girdobidan chiqishga muvaffaq bo‘lgan Menni Pakyao hikoyasi