15:18 / 22.08.2022
1 151

Sherzod Asadov: Saudiya podshohligi doim ham tashrif buyurgan davlat rahbarlari bilan bayonot imzolamaydi

Sherzod Asadov: Saudiya podshohligi doim ham tashrif buyurgan davlat rahbarlari bilan bayonot imzolamaydi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Saudiya Arabistoniga 30 yilda ilk bor uyushtirilgan davlat tashrifini “tarixiy” deb atadi.

Bu tashrifni tom ma’noda tarixiy voqea deyishimiz mumkin. Chunki bu 30 yillik tanaffusdan keyin oliy darajadagi birinchi shunday tashrif bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni podshohlik valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan muzokara o‘tkazdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokara natijalari bo‘yicha O‘zbekiston bilan podshohlik o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilindi. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Saudiya podshohligi doim ham tashrif buyurgan davlat rahbarlari bilan davlatlararo bayonot imzolamaydi. Bu ham O‘zbekistonga bo‘lgan alohida e’tibordan dalolatdir
”, dedi u.

Hujjatda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, fan-texnologiya, ta’lim, xavfsizlik, mudofaa va mintaqaviy bog‘liqlik sohalaridagi hamkorlik bo‘yicha asosiy pozitsiyalar belgilangan. Tashrif doirasida umumiy qiymati 14,8 mlrd dollarga teng 15 ta hujjat imzolandi.

Bular: bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida bitim; Energetika vazirliklari o‘rtasida energetika sohasida hamkorlik bitimi; fan va texnologiya, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari, qurilish, veterinariya va chorvachilik, axborot, farmatsevtika va diniy sohalardagi memorandumlar; Islom taraqqiyot banki bilan O‘zbekistonda loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim.

18 avgust kuni Jidda shahrida davlat rahbari qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha hamda Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassirlarni qabul qildi. Muzokaralarda o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari, hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar muhokama qilindi.

O‘zbekistonning fan va ta’lim sohalaridagi boy salohiyati qayd etilib, Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha yoshlarni o‘qitish va malakasini oshirish borasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan tashkilot manfaatdor ekanini bildirdi.

Shu kuni prezident Jiddada Saudiya Arabistoni yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari Saudiya kompaniyalarini yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi. Saudiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistondagi yirik banklar, sanoat va infratuzilma ob’ektlarini xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishga taklif etildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida “yashil” energetika va “yashil” iqtisodiyot ko‘rsatib o‘tildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Sherzod Asadov: Saudiya podshohligi doim ham tashrif buyurgan davlat rahbarlari bilan bayonot imzolamaydi