Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) 15 foizdan 12 foizga tushirilishini iste’mol tovarlari narxlar darajasiga ta’sirini o‘rgandi.
Tahlil uchun QQS to‘lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli milliy supermarketlar narxlari asos qilib olindi. Jumladan, 97 turdagi 3 754 ta iste’mol tovarlari bo‘yicha to‘rt oylik statistika data-scraping yo‘li bilan yuklab olindi.
Har bir tovar turi bo‘yicha dekabr va yanvar oylarida narxlar o‘rtasidagi o‘zgarish (treatment group) noyabr—dekabr va yanvar—fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishi (control group) bilan solishtirildi.
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, QQS 15 foizdan 12 foizga tushirilishi narxlarning tegishli ravishga tushishiga olib kelmagan.
Jumladan, dekabr—yanvar oylaridagi narxlardagi o‘zgarish noyabr—dekabr va yanvar—fevral oylaridagi naxlar o‘zgarishiga nisbatan 0,3 foiz bandga ko‘p bo‘lgan.
Bu degani boshqa barcha omillar ta’sir kuchini to‘xtatib turilgan taqdirda ham 2,6 foizga (1,12/1,15*100 foiz-100foiz) tushishi kerak bo‘lgan narxlar 0,3 foizga oshgan.
Xususan, 46 ta guruh bo‘yicha 1 115 ta tovar narxi o‘zgarmagan (bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi maxsulotlari va boshqalar).
20 ta guruh bo‘yicha 1 306 ta tovar narxi 1 foizgacha oshgan (shokolad, shirinlik, gigiyena maxsulotlari va boshqalar).
12 ta guruh bo‘yicha 585 ta tovar narxi 1-5 foizga oshgan (kir yuvish kukunlari, meva, go‘sht mahsulotlari, sut va boshqalar).
7 ta guruh bo‘yicha 567 ta tovar narxi (1,6 fozgacha) pasaygan (kanselyariya tovarlari, souslar, kofe va boshqalar).
Avvalroq PMTI ekspertlari Input—output modeli asosida iqtisodiyotning 78 ta tarmoqlari uchun QQS stavkasining 3 foiz bandga pasaytirilishi, xarajatlarni kamayishiga va buni hisobiga iqtisodiyotning real sektorida narxlarning 0,8 foiz bandga pasayishiga olib kelishi aniqlagan edi.
Ammo amaliyotda esa hozircha tadbirkorlar soliq bo‘yicha olgan yengillikni iste’molchiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilmayapti.
QQSning tushirilishi narxlar darajasiga ta’sir etmaganining asosiy sabablari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
Iste’mol tovarlari bozorida xufyona iqtisodiyot ulushining kattaligi va soliqlardagi pasayishlar rasmiy ishlayotgan firmalarning nisbatan kichik miqdordagi foyda marjasini oshishiga yo‘naltirilishi;
Bozorlarda tegishli ravishda raqobat muhitining shakllanib ulgurmagani;
Narxlarga ta’sir etuvchi boshqa asosiy omillar (dollar kursi, qayta moliyalash stavkasi, pul massasi va boshqalar) ta’sir kuchining oshib borishi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring