
O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Shvetsiya Milliy savdo kengashi departamenti rahbari Maykl Kox bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Unda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shvetsiya tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiy sohadagi o‘zgarishlar bilan tanishtirildi. Mamlakatdagi eksport nazorati tizimi va tashqi bozorlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan sa’y-harakatlar alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar natijasida Shvetsiya Milliy savdo kengashi ko‘magida shved kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etish va ularni O‘zbekistondagi iqtisodiy loyihalarga jalb qilish to‘g‘risida kelishib olindi.
Shvetsiya Milliy savdo kengashi Tashqi ishlar vazirligiga bo‘ysunuvchi davlat agentligi bo‘lib, 1651 yilda tashkil etilgan. Kengash tashqi savdo, ichki bozor va savdo siyosati bilan shug‘ullanadi, Shvetsiya hukumatiga soha bo‘yicha tahlil va tavsiyalar berib boradi.