15:34 / 18.08.2023
487

«Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu» — Shavkat Mirziyoyev

«Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu» — Shavkat Mirziyoyev

Foto: Videodan kadr

Prezident sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit yaratish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

«Endi sizlarni eng ko‘p qiynaydigan yo‘nalishga to‘xtalamiz. Sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiya, korrupsiyani yo‘q qilish. Baribir tadbirkorni eng qiynayotganlar bu soliqchilar. Sizlar buni aytmaysizlar, lekin men o‘zim buni juda yaxshi bilaman.

Mamlakatimizda tadbirkorlar qancha ko‘p bo‘lsa, ular qancha ko‘p daromad olsa, davlatimiz ham boy bo‘ladi. Sizdek shijoatli, ishbilarmon, tashabbuskor va fidoyi tadbirkorlarimiz safi karra-karra kengayishidan barchamiz birdek manfaatdormiz.

Shuning bilinglar, men sizlarni eng yaxshi do‘stlarim deb bilaman. Bir narsani bilinglar, ortingizda prezident turibdi. Hech narsadan qo‘rqmanglar, faqat oldinga yurishni juda katta mamnuniyat bilan iltimos qilmoqchiman.

Shu bois biz tadbirkorlarga soliq yukini ko‘paytirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish hisobiga budjetga tushumlarni oshirish yo‘lidan boryapmiz. Mahsulotni ko‘paytirish kerak, sharoit yaratish kerak.

O‘tkazilgan so‘rovlarda 62 foiz tadbirkorlar soliq sohasidagi islohotlarni ijobiy baholagan. Lekin biznes vakillari soliq tizimidan, soliqchilar faoliyatidan qanchalik rozi, degan savol meni juda qiynaydi.

Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish va tizimdagi korrupsiya holatlarining barchasidan albatta xabarim bor. Bu ustida ko‘p ishlayapmiz. Bu illatlardan qancha tez qutulsak, ishlarimizda shuncha ko‘p natija bo‘ladi», dedi davlat rahbari.

Soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq idoralari xodimlarining yondashuvlari butunlay o‘zgartirilishi ta’kidlandi. Soliq ma’murchiligi ham soddalashadi.

Davlat rahbari bu islohotlarda tadbirkorlarni ham befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.

«Hozirgi tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan bo‘lsa, uning uchun ham javob bermoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni «tax gap» tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.

Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgani ham aynan «tax gap» bilan bog‘liq.

Endilikda, 1 oktyabrdan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti, ya’ni «tax gap» bekor qilinadi.

O‘ylaymanki, Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu. Sening tizimingga baho bu. Uzoqdan aylantirib kelganim bejiz emas, tizimingga baho bu.

Olayotgan oyliklaringni oqlamayapsizlar, xalqqa, tadbirkorga yordam bermayapsizlar, to‘siq bo‘lyapsizlar. Mana, tax gap degan balo bularni qanday qiynayapti, katta korrupsiyaga sabab bo‘layotgani uchun tikka turib qarsak chalyapti»,— dedi prezident.

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi.

Bunda, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar:

  • barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi;
  • ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » «Kudbiyev degan kattakon, senga baho bu» — Shavkat Mirziyoyev