Uch mamlakat prezidenti Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga Rossiya gazi tranzitiga start beradi
Foto: TASS
7 oktyabr kuni Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tadi, bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar yakunida ma’lum qildi.
Marosimda Putin, Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ishtirok etadi.
«Bu ushbu transport tizimlari faoliyati tarixida birinchi marta sodir bo‘lmoqda. Rossiya gazi hech qachon Markaziy Osiyoga yuborilmagan», dedi Putin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar gaz tranzitini imkon qadar tezroq boshlashga kelishib, buning uchun barcha tegishli shart-sharoitlarni yaratishgan.
«Bizning gazimiz O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali yetkaziladi. Yoqilg‘ining bir qismi Qozog‘istonga ham yetkazib beriladi», dedi Rossiya prezidenti.
2022 yil noyabr oyida Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan «uchtomonlama gaz ittifoqi»ni tuzish rejalari haqida ma’lum qilgandi. 2023 yil may oyida Qozog‘iston hukumati Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti bo‘yicha muzokaralar boshlanganini e’lon qildi. Iyun oyida O‘zbekiston Rossiya bilan 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha ikki yillik shartnoma tuzdi. Kelishuv kuniga 9 million kub metr gaz importini nazarda tutadi. Gaz yetkazib berish 1 oktyabrdan boshlanishi e’lon qilingan edi. Biroq, keyinchalik oktyabr oyi oxiriga qoldirildi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring