Foto: “RBK”
“Gazprom” O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan 2024 yilda o‘rta muddatli 15 yillik shartnomalar tuzadi. Bu haqda kompaniya rahbari Aleksey Millerga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Millerning so‘zlariga ko‘ra, “Markaziy Osiyo—Markaz” koridorida gaz tashish quvvatini oshirishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish juda qisqa vaqt ichida boshlangan.
“Vazifa yana o‘ta qisqa muddatga qo‘yildi — 2025 yilning 1 noyabriga qadar biz ancha katta hajmlarda yetkazib berishni boshlashimiz kerak. Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan kelishib olgan o‘rta muddatli o‘n besh yillik shartnomalar kelasi yilning o‘rtalarida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida tuziladi”, — dedi Miller kompaniyaning yakuniy yig‘ilishida.
Shuningdek, u “Gazprom” dekabr oyida O‘zbekistonga gazni “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvurlari orqali texnologik jihatdan maksimal darajada yetkazib berayotganini eslatdi. MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitidan so‘ng Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari 26 dekabr kuni kechqurun Sankt-Peterburgda gaz sohasidagi hamkorlikni alohida muhokama qildi.
- 27 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va “Gazprom” rahbari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
- 1 noyabr kuni xalqaro gaz forumida Qozog‘iston hukumati va “Gazprom” o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha uzoq muddatli, 15 yilgacha mo‘ljallangan rejalarni amalga oshirish bo‘yicha strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
- 7 oktyabr kuni Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali O‘zbekistonga tranzit qilishni boshladi. Rossiya gazi O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit yo‘l bilan kiradi, yoqilg‘ining bir qismi Qozog‘istonda qoladi.